O‘zbekiston | 14:09 / 26.02.2019
8765
6 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi

Foto: ombudsman.uz

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining funksional vazifalari hamda Ijtimoiy rivojlantirish masalalari kotibiyati to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining funksional vazifalari to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi uning nomzodini ma'qullagandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadi.

Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga va O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziriga hisobot beradi.

Bosh vazir o‘rinbosarining faoliyati uzluksiz ta'lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm tizimini isloh qilishni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq masalalarni hal etishga yo‘naltirilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari maqomiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hukumatining a'zosi hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rayosati tarkibiga kiradi. Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning rayosati majlislarida bevosita ishtirok etadi.

Quyidagilar bosh vazir o‘rinbosari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi vazifalari, 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasini hamda o‘rta muddatli va uzoq istiqbolda rivojlantirishning tasdiqlangan tarmoq va hududiy dasturlari o‘z vaqtida hamda samarali amalga oshirilishini ta'minlash chora-tadbirlarini tashkil etish;

vazirliklar va idoralar, davlat qo‘mitalari hamda davlat boshqaruvining boshqa organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, parlament va deputatlar so‘rovlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarorlari va topshiriqlari so‘zsiz bajarilishini tashkil qilish yuzasidan monitoringni ta'minlash, shuningdek, joylardagi ishlarning real holatini doimiy o‘rganish, ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asosda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqish;

keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etish uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risida hisobotlar tayyorlanishini ta'minlash;

hukumat, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining asosiy xalqaro reytinglar hamda indekslarda O‘zbekiston Respublikasining pozitsiyalarini yaxshilash bo‘yicha ishlari samaradorligini oshirish sohasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta'minlash;

joylarda “xalq bilan muloqot” va shaxsiy uchrashuvlar amaliyotini takomillashtirish choralarini ko‘rish, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, shu jumladan aholining bandligi va real daromadlari oshirilishini ta'minlashni kafolatlovchi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

mutasaddilik qilinadigan sohalar va tarmoqlarda iqtisodiy hamda ijtimoiy islohotlar amalga oshirilishining samaradorligi doimiy va tizimli asosda har tomonlama va tanqidiy tahlil qilinishini ta'minlash, aniqlangan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish va kompleks vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha asosli takliflar tayyorlash;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali, shu jumladan ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish asosida, zarur bo‘lganda, ushbu maqsadlarga xorijiy konsultantlarni jalb etgan holda normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, ekspertizadan o‘tkazish va ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘mitalari bilan yaqin o‘zaro hamkorlikni ta'minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida, vazirliklar va idoralarda, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklarda ijro intizomi darajasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish asosida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va hukumatining hujjatlari, bayonnomalari va topshiriqlari, shuningdek, “yo‘l xaritalari”ning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni ta'minlash;

ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatida yuzaga keladigan muammolar sabablari va sharoitlarini bartaraf etish, ishlarni tashkil etishning zamonaviy uslublarini joriy qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga qayta yo‘naltirish maqsadida ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektor sub'yektlariga berish orqali ortiqcha ma'muriy tartibga solishni kamaytirish;

davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining moliyaviy imkoniyatlari, roli va javobgarligini kengaytirish, markaziy va o‘rta bo‘g‘in boshqaruv xodimlari sonini optimallashtirish orqali boshqaruvning vertikal tizimi mexanizmlarini va ijro etuvchi hokimiyat organlarining o‘zaro hamkorligini takomillashtirish;

Ijtimoiy rivojlantirish masalalari kotibiyatida, shuningdek, unga biriktirilgan vazirliklar, idoralar hamda xo‘jalik birlashmalarida kadrlarni tanlash tizimini takomillashtirish, xodimlar malakasini oshirish va kadrlarning amaliy zaxirasini tayyorlashning samarali shakl va usullarini joriy etish;

davlat boshqaruvi tizimiga jumladan, strategik rejalashtirish va prognozlashtirishning zamonaviy shakllari, usullari va prinsiplari joriy etilishini muvofiqlashtirish;

Kotibiyatga biriktirilgan barcha darajalardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishish, yaqin, o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda ijtimoiy sohani strategik rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish sifati va samaradorligiga asoslangan baholash tizimi joriy etilishini muvofiqlashtirish.

Mavzuga oid