18:39 / 11.03.2019
6581

Xorxe Fossati: «O‘z taktikamni oshkor qilmayman»

Saudiya Arabistonining «Al-Ahliy» klubi bosh murabbiyi Xorxe Fossati Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichidan o‘rin olgan «Paxtakor»ga qarshi o‘yindan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.  

«Ertaga bizni juda qiziqarli o‘yin kutmoqda. «Paxtakor» juda kuchli klub, uni yaxshilab o‘rganib chiqdik. U mavsumni yaxshi boshladi, Erondan ochko bilan qaytdi. «Paxtakor» ancha yaxshi shakllangan jamoa. Ularga qarshi o‘ynash oson bo‘lmaydi. Ammo biz ham o‘z kuchimizga ishonamiz. Biz raqibdan kam emasmiz.

O‘yinga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ayrim futbolchilarga alohida e'tibor qaratmaymiz. Balki, barcha futbolchiga qarshi tayyorgarlik ko‘ramiz. Biz butun jamoaning imkoniyatini o‘rganib chiqamiz, futbolchilarning hammasiga qarshi tayyorgarlik ko‘ramiz.  

«Al-Ahliy»ni 1 oy oldin qabul qilib oldim. Bunga qadar chempionat va mamlakat Kubogida qatnashib kelayotgandik, mana shu 1 oy ichida 8ta o‘yin o‘tkazdik, ya'ni har 3-4 kunda 1ta o‘yindan. Endi Chempionlar Ligasida ham ishtirok etyapmiz. Men o‘z taktikamni va uslubimni bosqichma-bosqich joriy qilib boraman. 1 oy bu yetarli muddat emas. Bundan tashqari, o‘z taktikamni ochiq muhokama qilmayman», - dedi urugvaylik mutaxassis.

«Paxtakor» - «Al-Ahliy» o‘yini 12 mart kuni soat 18:00da boshlanadi.

Top