Jahon | 08:33 / 15.03.2019
6960
2 daqiqa o‘qiladi

Oktyabrda falokatga uchragan fazogirlar koinot stansiyasiga ikkinchi urinishda yeta olishdi 

Foto: ©RIA Novosti / Sergey Mamontov

Bortida rossiyalik fazogir Aleksey Ovchinin va amerikalik astronavtlar Nik Xeyg va  Kristina Kuk bo‘lgan “Soyuz MS-12” koinot kemasi Xalqaro koinot stansiyasi bilan birikdi.

Kema “Soyuz-FG” raketasi bilan birgalikda Toshkent vaqti bilan 15 mart soat 00:14da Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan start olgan. Startdan 9 daqiqa o‘tgach, kema raketaning 3-pog‘onasidan ajrab, stansiya tomon yo‘l olgan. 

E'tiborlisi, Ovchinin va Xeygning 2018 yil 11 oktyabrda XKSga parvozlari avariya bilan yakunlangandi. O‘shanda ularning kemasi parvoz boshlangandan taxminan 20 daqiqa o‘tgach qo‘nishiga to‘g‘ri kelgan. 

Bu safar fazogirlarga Kristina Kuk qo‘shilgan. 

Bosim bir maromga keltirilgach, fazogirlar stansiyaga o‘tishadi. Ularni rossiyalik Oleg Kononenko, amerikalik Enn Makkleyn va kanadalik David Sen-Jak kutib oladi. XKSga kelgan fazogirlardan 2 nafari unda 204 kun, yana biri 9 oy qolishi kutilmoqda.

Ovchinin va Kononenkoning 29 may kuni ochiq fazoga chiqishi rejalashtirilgan. NASA fazogirlaridan esa ochiq fazoga uchta – 22 va 29 mart kunlari va 8 aprelda chiqish rejalashtirilgan. Ushbu chiqishlardan birida Kristina Kuk va Enn Makkleyn birgalikda ishlashadi. Bu esa ikki ayol bir vaqtda ochiq fazoda bo‘ladigan tarixdagi ilk hodisa bo‘ladi.

Mavzuga oid