Jahon | 15:39 / 27.03.2019
26597
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuela dollarga o‘tdi

Foto: Federico PARRA / AFP

Venesuela aholisining to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i (sakkiz millionga yaqin kishi) giperinflatsiya tufayli kundalik xarajatlarni to‘lashda Amerika dollaridan foydalanmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasi yozyapti. Mahalliy aholi vakillaridan birining so‘zlariga ko‘ra, supermarketlar faqat naqd pul yoki dollarni qabul qilmoqda. Shu bilan birga, ular har doim ham qaytimni qaytarmaydi: agar xaridor 50 dollarlik kupyura bilan kelsa, unda, katta ehtimol bilan, u barcha pulni sarflashga majbur bo‘ladi.

2018 yilning yozida mamlakatda valuta nazorati erkinlashtirilganidan so‘ng Venesuelaga pul o‘tkazmalari hajmi ham ortdi. Xususan, agar 2018 yilda o‘tkazmalar hajmi 1,9 milliard dollarga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yilda bu to‘rt milliardni tashkil etmoqda. Gazeta hisob-kitoblariga qaraganda, yana 1,5 milliardni venesuelaliklar xorijiy hisob raqamlaridan yechib olishi mumkin.

Biroq chet eldan pul jo‘natmalarining o‘sishi jamiyatdagi tabaqalanishni kuchaytirmoqda, sababi barcha venesuelaliklarda ham Amerika valutasini yuborishi mumkin bo‘lgan qarindoshlari bor, deb bo‘lmaydi. Inqiroz sharoitida bunday kishilar yanada qashshoqlashadi. Nashrning qayd etishicha, asosan chet eldan jo‘natmalarni ayollar oladi - ishlash uchun ketgan erkaklardan. Dollarga ega bo‘lmagan mamlakat aholisi esa o‘zaro hisob-kitobning boshqa usullariga, xususan, barterga o‘tishga majbur bo‘lyapti.

Hozirgi sharoitda, chet eldan kelayotgan Amerika valutasi hajmi Venesuelaning neftdan oladigan daromadidan ham oshib ketishi mumkin. Joriy yilda bu 4,7 mlrd dollarlik darajada kutilyapti. «Dollarlashuv natijasida neft iqtisodiyoti pul o‘tkazmalariga bog‘liq iqtisodiyotga aylanmoqda», - deya ma'lum qildi Dinámica Venezuela konsalting firmasi prezidenti Eduardo Fortuni.

Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga 2013 yilda hokimiyat tepasiga kelganidan buyon mamlakat iqtisodiyoti ikki barobarga qisqardi. Bunga mamlakat eksport tuzilmasida 80 foizni (2017 yil bo‘yicha ma'lumot) tashkil etuvchi neft narxining tushib ketishi, shuningdek, xususiy mulkni davlat mulkiga aylantirish va sotsialistik siyosat sabab bo‘ldi. 2018 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatda inflatsiya yillik miqyosda 1,3 mln foizga yetdi.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yil oxirida Venesuelani tark etgan fuqarolar soni uch million kishini tashkil qilgan. Bu aholining qariyb 10 foizidir.

Bundan oldin, muxolifat yetakchisi Xuan Guaydo venesuelaliklarni tayyor turishga chaqirgandi.

Mavzuga oid