Jahon | 00:28 / 02.04.2019
12749
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh S-400 sababli Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlari uchun materiallarni yetkazib berishni to‘xtatdi

Foto: U.S. Air Force/R. Nial Bradshaw

AQSh Anqara Rossiyaning S-400 zenit-raketa majmualarini sotib olayotgani sababli Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlari uchun materiallarni yetkazib berishni to‘xtatdi.

Turkiya F-35 Lightining II samolyotidan kamida 100 ta sotib olmoqchi bo‘lgan. Avvalroq AQSh kongressi Anqaraning S-400’ni sotib olmoqchi bo‘layotgani sababli Turkiyaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berilishini to‘xtatmoqchiligini aytgan.   

Avvalroq AQShning Lockheed Martin kompaniyasining Fort-Uertdagi korxonasida Turkiyaga ilk ikkita F-35 samolyoti topshirilishi marosimi bo‘lib o‘tgan. Ushbu samolyotlar turkiyalik uchuvchilarni o‘qitish uchun 2019 yil noyabrgacha AQShda qoladi. 

2017 yilda tuzilgan S-400 majmualarini yetkazib berish kelishuvi Anqara va Vashington o‘rtasidagi diplomatik ziddiyatlarga olib kelgan. Vashington Turkiyadan AQShning Patriot majmualari evaziga S-400’ni sotib olishdan voz kechishni talab qilmoqda. Biroq Turkiya hukumati bu masalada qat'iy fikrga ega bo‘lib, Patriot’ni sotib olsa ham S-400’dan voz kechishni rejalashtirmayotgani ma'lum qilingan. 

Mavzuga oid