Jamiyat | 17:03 / 06.04.2019
33171
9 daqiqa o‘qiladi

«Qatl etilgan daraxtlar». Sirdaryoda mevali daraxtlar ko‘karishga kirmay payhon qilindi

Xalqimizda «Bir yil keyinni g‘amini yesang don, o‘n yil narini o‘ylasang daraxt ek» degan naql bor. Azaldan daraxt ekish ajdodlarimiz uchun bir qadriyat bo‘lib kelgan. Ularni payhon qilish esa qattiq qoralangan.

Navbatdagi murojaat Sirdaryo viloyati, Boyovut tumani, «T.Latipov» SIUdan bo‘ldi. Murojaatda aytilishicha, ushbu mavzeda ko‘plab fuqarolar foydalanib kelgan mevali daraxtlardan iborat 17 gektarli bog‘ payhon etilgan.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Hududda bizni bir guruh yoshi ulug‘ bog‘bonlar kutib olishdi. Ularning shikoyat so‘zlari quyidagicha bo‘ldi.

«Bu yerda 5-6 yildan beri bog‘ qilayotgan edik. O‘zim ancha vaqtdan beri gilos yetishtiraman. O‘tgan yili o‘z joyimdan 150 kilogramm gilos hosili olganman. Bu yil 300 kilogrammga yaqin hosil chamalayotgandik. Hech kimdan so‘ramay, hech kimni ogohlantirmasdan traktorlar bilan kirishda-da, bog‘imizni buzib ketishdi. Hokimiyatda qanaqadir qaror qabul qilingan bo‘lsa, bir og‘iz ogohlantirish kerak emasmidi? Bizdan so‘rashsa, dekabrda yoki boshqa qulay vaqtda buzishsa mayli derdik. Buzib tashlayveradimi? Axir, bu hosil-ku?», deydi Erkin Musulmonov.

«Bu joylarni vaqtida hujjatlashtirib olgandik. Keyinroq 1 gektar bo‘lmaydi, 3 gektardan qilasizlar deyishdi. Keyin bir kishi zimmasiga olsa, qolganlar yonida ijrochi bog‘bon bo‘ldi. Bog‘ qilib qarab yurar edik. Endi esa daraxtlarni gullagan vaqtida kesib tashlashdi. Payhon qilingan daraxtlarni ko‘rsatishim ham mumkin.

Bitta daraxtni kessak, ekologiyadan kelib 3-4 million so‘m jarima qo‘yadi. Bu yerda 4 ming tupga yaqin ko‘chat bor. Bitta daraxtni unib-o‘stirishning o‘zi bo‘lmaydi. Endi og‘zimiz mevaga tegadi deganda shartta buzdi ketdi. Bizning ertamiz bormi-yo‘qmi hali? Bizdan bog‘ qolsin deb qilgan edik», deydi Mahmudjon Raxmatov.

«Bu joyimiz 17 gektar bog‘ edi. Buzamiz deb turib olishdi. 6 mart kunidan oldinroq prokuraturadan kelib – «Bu bog‘ o‘zlaringga qoldi. Ko‘chatlaring bo‘lsa uni qilinglar. Keyin bizga bug‘doy yetishtirib berasizlar. Ma'lum miqdorda topshirasizlar», deyishdi. Xo‘p deb 1,5 million so‘mdan xarajat qildik. 6 mart kuni esa buzib tashlashdi. Prezidentga rahmat. Bog‘ qilinglar, yeriga poliz ekinlarini ekinglar deyapti. «Sizlar nega unday qilasizlar» dedik. Ko‘karib turgan narsani payhon qilish – bir odamni o‘ldirgan bilan barobar-ku? Mening 300ta ko‘chatim bor edi. Olma, o‘rik ko‘chatlari edi», deydi afsus bilan Pirmamat Xolmatov.

Pirmamat Xolmatov

«Hokimning oldiga bordik. Hokim bandligi sababli o‘rinbosari bilan ko‘rishdik. U kishi bog‘larimiz bu yil qolishini aytdi. Prezidentimiz ishchi o‘rni yaratinglar deyapti. Bu yerda qancha odam ishlardi?! Bitta qiz yetim bolalarini boqayotgan edi. Endi ularning barchasining taqdiri so‘roq ostida qolmoqda», deydi murojaatchilardan biri Lutfulla Jumayev.

Buzilgan bog‘ni ko‘rdik. Bog‘bonlar «Bog‘ni ekin maydoniga aylantirsa mayli edi. Ammo bu mavsumda emas boshqa vaqt qilsa bo‘lar edi-ku?», deya e'tiroz bildirishmoqda.

Ayni tabiat jonlangan, novdalar kuchga kirgan vaqtda bunday ish tutilishi g‘alati.

Payhon qilinayotgan bog‘larning yonida yo‘q qilinishi kutilayotgan yana bir bog‘ bor ekan. Ushbu bog‘ning egalari bilan suhbatlashdik.

«Mana shu bizning bog‘imiz bo‘ladi. Men hokimga bordim. Hokimni uchrata olmadim. Kechqurun uchastka noziri keldi. Bu yerni ham buzamiz deyishdi. Oilamiz bilan shu yerda mehnat qildik. 3 farzandimning suyagi shu yerda qotdi. Bitta farzandingiz kaltak yesa, joningiz og‘riydimi?! Bu daraxtlarni bitta joyi sinsa bizning ham jonimiz og‘riydi. Bu yerda ekinlar ekkanmiz. Bilmadim, bu yerni buzishga kimlar javob beradi? Biron narsa qilish kerak bo‘lsa o‘zimiz qilaylik. Bu giloslarimizni o‘zimizning qishloqdagilar yeydi, el-u yurt yeydi. Kartoshkalarimni odamlar arzon narxda olishadi. Bozorga olib chiqsam yarmini olib chiqarman. Agar bu yerni olib qo‘ysa, shu yerda mehnat qilayotgan 150ga yaqin kishi ishsiz qoladi. Ular nima qilishadi? Rossiyaga ketib ishlashga majbur bo‘lishadi. Onalar sog‘inchdan qiynaladi, oilalarda halovat yo‘qoladi. Bolalar tarbiyasi-chi? Shu bolalar o‘z ota-onalarining bag‘rida tarbiya ko‘rgani yaxshi-ku?», deydi bog‘i buzilishi arafasida turgan Mayramoy Ibragimova.

Mayramoy Ibragimova

Shundan so‘ng, ushbu yer maydonining bir qismidagi fermer Farhodbek Nosirov bizga quyidagilarni ma'lum qildi.

«2019 yil 9 yanvardagi Vazirlar Mahkamasining 14-sonli qarori bilan maqbullashtirish boshlandi. Bu yerdagi 14 gektar hududga tender belgilangan edi. 3ta fermer xo‘jaligi hujjatlarini topshirdi. Shulardan biri men. Bunda yuqori ball to‘plagan fermerga o‘tdi. Oradan sal o‘tib, bu fermer bajara olmasligini aytib, yerni olishni rad etdi. Keyin tender qoidalariga ko‘ra, keyingi o‘rindagi odamga, menga yoki boshqa fermerga yerni berish kerak edi. Bular unday qilmadi. Shartta keldi-da buzib tashladi», deydi fermer.

Farhodbek Nosirov

Shundan so‘ng, hokimiyat vakillari bilan uchrashish uchun yo‘l oldik. Bog‘ egalarini o‘z vaqtida ogohlantirib, aholi bilan kelishgan holda ishlamay, to‘satdan kelib daraxtlarni yakson etgan mutasaddilar bilan ko‘rishmoqchi edik.

Hokimiyatda hokim buvani uzoq kutish jarayonining oxiri ko‘rinavermagach, mutaxassis Jumaboy Rahmonqulov bilan suhbatlashdik.

«Vazirlar Mahkamasining qarori haqida gap ketyapti. Bu yerlar maqsadsiz foydalanilmay kelgan. Bu yerlar 5 yil oldin buzib yuborilishi kerak edi. Yanayam bu qaror kech chiqdi. Hududlarda intensiv yoki gidroponika qilish kerak edi. Men o‘zim agronomman. O‘sha hudud zararkunanda hasharotlarga to‘lib yotibdi. Bu ishlarni hokim qarori, prokuror qarori bilan qilganmiz. Hammasi aholi ishtirokida qilingan. O‘sha joyga necha marotaba bordik. Doim odam yo‘q. Buzishga borganimizda odamlar chiqyapti. Bu yer meniki, bu joy meniki deb. Bog‘lar intensiv bog‘lar darajasini qo‘ying, oddiy bog‘ darajasida emas», deydi mutaxassis.

Jumaboy Rahmonqulov

Bu masalada tender o‘tkazilganda nega keyingi odamga berilmay darrov buzib tashlangani haqida so‘radik.

«Tenderga qatnashgani yo‘q. Unaqa narsa bo‘lmagan. Yaroqsiz bog‘lar qo‘yilmagan» degan so‘zlarga javoban murojaatchilar tender komissiyasi hujjatlarini ko‘rsatishdi.

«Buni borib tender komissiyasidan so‘raysiz», deya gapni qisqa qildi mutaxassis.

Undan so‘ng hokimning birinchi o‘rinbosari Faxriddin Kushakov murojaatchilarning shikoyat mazmunini eshitdi va masala yuzasidan o‘z taklifini berdi.

Faxriddin Kushakov

«2019 yil 9 yanvardagi Vazirlar Mahkamasining 14-sonli qaroriga binoan, bu hudud foydalanilmagani uchun ekin yer maydoniga qo‘shib yuborilgan. Bu joylarga paxta ekish reja qilinyapti. Fuqarolar bilan gaplashdik. O‘zlari ham rozi bo‘lishdi. Tumanimizda anorchilikka ixtisoslashgan joylardan yer maydonlari ajratib beramiz. Sektor rahbari kafilligida kredit olishni ta'minlab beramiz. Qolib ketgan ko‘chatlar, yer maydonlaridagi hosil bu yil saqlanadi, joyida qoladi. Bu ham qarorda ko‘rsatilgan», deydi hokim o‘rinbosari.

O‘rtada payhon etilgan daraxtlarga albatta odamning ichi achiydi. Mevali, joni bor daraxt nima bo‘lsa ham. Shikoyatchilar anor bog‘i berilishiga noilojlikdan ko‘nishdi. Ular yana aldanishdan qo‘rqishmoqda. Bu mehnatkashlar yerga ega bo‘lsak, uni ko‘kartirsak, ozgina o‘tib yana boshqa qaror chiqmasmikin, mehnatimiz bir pul bo‘lmasmikin deya shubhada qolishgan.

Muxbir - Bahodir Ahmedov
Tasvirchi – Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid