Jamiyat | 17:49 / 12.04.2019
31072
2 daqiqa o‘qiladi

«1 asrdan oshgan paranji». Momolar qanday kiyingan?

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi 1-umumta'lim maktabi tarix va o‘lkashunoslik muzeyida 100 yillik tarixga guvoh paranji saqlanadi. Mahalliy aholi orasida ayollar paranjisi vazifasida foydalangan kiyim jyelak atalgan. Ushbu jyelak birinchi Xalqaro baxshichilik san'ati festivali doirasida namoyish etildi. 

Tumandagi 1-umumta'lim maktabi tarix fani o‘qituvchisi Jamila Usmonovaning aytishicha, jyelakning sohibi Xadicha Alimardonova 1978 yilda sakson besh yoshida vafot etgan . Asl surxon ipagidan to‘qilgan jyelakni Xadicha momo kelinlik davridan kiygan. Qariyb bir asrdan ortiq umr ko‘rgan paranji tashqi ta'sirlarga uchramay, tabiiy ko‘rinishini yo‘qotmagan.

Termiz shahrida tashkil etilgan festivalda milliy an'ana va urf-odatlarni targ‘ib etayotgan Surxondaryoning Sherobod tumani G‘ambur qishlog‘i mahalla fuqarolar yig‘ini mutaxassisi Saxovat To‘rayeva  bilan suhbatlashib, ayollar paranjisi haqida ko‘proq ma'lumot oldik.

 «Paranjining ortdan ko‘rsangiz qo‘llari bog‘langan bo‘lishi mumkin. Bu libos turmushga chiqmagan qizning belgisi, qo‘li ochiq bo‘lsa, turmush qurgan ayoldan darak bergan. Shuningdek, Surxon vohasiga oid farq shundaki, ayollar libosi, xususan jyelakdagi jiyaklar turli etnik, madaniy, hududiy mansublik, qavmga oidlikni bildirgan», —  deydi u.

To‘rayevaning aytishicha, paranji odatda keng o‘lchamda tikilgan, libosni kiyish uchun jyelak boshga tashlanadi. Shu holatda paranjining yenglari o‘ziga xos cho‘ntak vazifasi o‘tagan. Momolar paranjisi yengi qismi o‘ziga xos kissa, bolalarga tarqatish uchun shirinlik, non saqlaydigan joy ham bo‘lgan.

Festivalga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar tarixiy liboslarni tomosha qilib, o‘zbek ayollarning asl kiyimi, turmushi bilan yaqindan tanishdi.

Mavzuga oid