O‘zbekiston | 08:40 / 16.05.2019
13093
8 daqiqa o‘qiladi

Sudda ovoz yozib olish: nimalar o‘zgardi?

Foto: KUN.UZ

Fuqarolik protsessual kodeksning 208-moddasi, Iqtisodiy protsessual kodeksning 165-moddasi va Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 143-moddasiga kiritilgan tuzatishlar Norma tomonidan ko‘rib chiqildi.
 
2018 yil noyabrda Konstitutsiyaviy sud tuzatishlar loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish haqida qaror qabul qilgan. Asosiy maqsad – sud majlisida ovoz yozib olishni amalga oshirish yagona tartibini belgilash hamda sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining ovoz yozib olishni amalga oshirish huquqi cheklanishini bartaraf etish. Qarorda tuzatishlar ishlab chiqilishiga sababchi bo‘lgan muammolar aks ettirilgan. 
 
Umuman olganda, ko‘rsatilgan uchta kodeksga tuzatishlarning o‘zi 2019 yil 10 maydagi O‘RQ–536-son Qonun bilan kiritilib, 11 maydan kuchga kirdi. Natijada vaziyat qanday o‘zgarganini ko‘rib chiqiladi.
 
1-muammo. Atamalarning turlicha talqin qilinishi.
 
Ikkita kodeks – IPK va MSIYuTKda tuzatishlar kiritilgunga qadar quyidagi manzara kuzatilgan: birgina modda, birgina qismda «audioyozuv», boshqasida esa «ovoz yozib olish» atamasi keltirilgan. Konstitutsiyaviy sud o‘z qarorida ikkala holda bitta tushuncha nazarda tutilgan bo‘lsa ham, bu bilan «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi Qonunning 21-moddasi buzilganligini qayd etgan. Unda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shunday deyilgan: qonun loyihasida foydalaniladigan tushunchalar va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etadigan, ularning qonun hujjatlarida qabul qilingan ma'nosiga muvofiq yagona shaklda qo‘llaniladi.
 
Kiritilgan tuzatishlar bilan ushbu huquqbuzarlik bartaraf etildimi? Yo‘q. IPKning 165-moddasi uchinchi qismi va MSIYuTKning 143-moddasi ikkinchi qismida avvalgidek «audioyozuv», IPKning 165-moddasi beshinchi qismi va MSIYuTKning 143-moddasi to‘rtinchi qismida esa «ovoz yozib olish» atamasi qo‘llanilgan.
 
2-muammo. Sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining huquqi cheklanishi.
 
Bunda ham atamalar bilan bog‘liq muammo mavjud, biroq bu gal ma'no farq qiladi. FPKning 208-moddasi to‘rtinchi qismi, IPKning 165-moddasi uchinchi qismi va MSIYuTKning 143-moddasi ikkinchi qismida sud ishlarini yuritish ishtirokchilari haqida, yana bir qismda esa majlis zalida hozir bo‘lganlar haqida so‘z borgan.
 
Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining ovoz yozib olish huquqi cheklanadi, sababi buning uchun ular sudning ruxsatini olishlari zarur, jarayonda hozir bo‘lgan boshqa shaxslar esa sudning ruxsatini olishi kerak emas degan xulosaga kelgan. Biroq bunga qo‘shilish mushkul.
 
Birinchidan, sud ishlarini yuritish ishtirokchilari deganda qonun bilan aniq belgilangan shaxslar doirasi tushuniladi (MSIYuTKning 37-moddasi; IPKning 40-moddasi; FPKning 6-bobiga qarang). Ular ikkita katta guruhga bo‘linadi:

• ishda ishtirok etuvchi shaxslar: taraflar (da'vogar (arizachi) va javobgar), uchinchi shaxslar, prokuror, davlat organlari va boshqa shaxslar o‘z zimmalariga yuklatilgan vakolatlarga ko‘ra;
• odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar: guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar.   
 
Bunda sud majlislari zalida bevosita ishni ko‘rish paytida sudya yoki sudyalar hay'ati, sud majlisining kotibi hozir bo‘ladi, shuningdek advokat yordamchisi, stajyori, OAV vakillari, jamoatchilik arboblari va h.k. bo‘lishi mumkin. Ular sud ishlarini yuritish ishtirokchilari jumlasiga kirmaydi. Ya'ni «sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar» va «sud ishlarini yuritish ishtirokchilari» tushunchalari umumiy va bo‘linma singari nisbatga ega. Qonun ijodkori avvalboshdan xato qilmay, kengroq doiradagi shaxslarga yozma qaydlar qilish, fotosuratga olish, audio- va videoyozuvni yozib olish huquqini atayin bergan ko‘rinadi. Unga, shubhasiz, jarayon ishtirokchilari ham kiradi, sababi ularning sud zalida hozir bo‘lishlari taxmin qilinadi.  
 
Ikkinchidan, ushbu atamalar bitta modda doirasida bo‘lsa ham, biroq turli kontekstda qo‘llanilgan. Birinchi holatda («sud ishlarini yuritish ishtirokchilari») sud jarayonining audioyozuvini amalga oshirish tartibi haqida, ikkinchisida esa («sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar»), yuqorida aytilganidek, uni amalga oshirish huquqi haqida so‘z borgan.
 
Ya'ni ma'nosini to‘ldirish nuqtai nazaridan ushbu normalar o‘rtasida ziddiyat mavjud emas. Ular birgalikda talqin qilinsa, sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining iltimosnomasi yoxud sudning tashabbusi – hatto sud zalida hozir bo‘lgan, sud ishlarini yuritish ishtirokchilari hisoblanmagan shaxslar tomonidan olib borilayotgan bo‘lsa ham, ovoz yozib olishning majburiy sharti ekanligi tushuniladi. Misol uchun, da'vogar ishni media orqali yoritishlari uchun majlisga muxbirlarni taklif etadi va ular jarayonning audioyozuvini olib borishini so‘rab iltimosnoma taqdim etadi; raislik qiluvchi sudya sud majlisi bayonnomasida barcha tafsilotlar to‘laqonli aks ettirilishini ta'minlash uchun o‘z tashabbusiga ko‘ra kotibga ovozni yozib olishni topshiradi va h.k.   
 
FPKning 208-moddasi to‘rtinchi qismi, IPKning 165-moddasi uchinchi qismi va MSIYuTKning 143-moddasi ikkinchi qismiga o‘zgartirishlar kiritilmaganligi ham shundan dalolat beradi. Binobarin, sud ishlarini yuritish ishtirokchilari sanab o‘tilgan normalarga muvofiq, avvalgidek, sud majlisida audioyozuv olib borish uchun iltimosnoma taqdim etishlari zarur. Boshqacha aytganda, faraz qilinayotgan muammo mavjud bo‘lmaganligi sababli hal etilmagan ko‘rinadi.
 
3-muammo. Bir xil tartibning mavjud emasligi.
 
Darhaqiqat, sud jarayonida audioyozuvni amalga oshirish bo‘yicha tartibga yagona yondashuv mavjud emas. Ma'muriy va iqtisodiy sudda buning uchun sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining iltimosnomasi yoki sud tashabbusining o‘zi kifoya, fuqarolik sudida esa taraflarning roziligi va sud majlisida raislik qiluvchining ruxsatnomasi bo‘lishi zarur. Biroq bu jihatdan ham hech nima o‘zgarmadi – uchala holatda sudda ovoz yozib olish tartibi avvalgidek qoldi.  
 
FPKning 208-moddasi, IPKning 165-moddasi va MSIYuTKning 143-moddasiga kiritilgan tuzatishlar tahlili quyidagilarni ko‘rsatdi:

• fuqarolik sudi ishlarini yuritish doirasida – sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining yozma qaydlar qilish huquqi to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan;
• ma'muriy va iqtisodiy sud ishlarini yuritish doirasida – sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining yozma qaydlar qilish, stenogramma olib borish va ovoz yozib olish huquqi to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan.

Mavzuga oid