Jamiyat | 12:55 / 08.06.2019
10614
7 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘onda ipakchilik rivoj topmoqda

Ipakchilik sohasi yurtimizda azal-azaldan rivoj topib, oilalarda ipak matolardan keng foydalanib kelingan. Ipak matolardan tayyorlangan kiyim-kechaklarning naqadar bejirim va inson salomatligiga foydali xususiyatlari haqida ko‘p eshitganmiz. Bugun Kattaqo‘rg‘on tumanida ana shunday qimmatbaho mato xomashyosi – pillachilik rivoji va uni qayta ishlashga berilayotgan e'tibor tuman ipakchilik sohasini dunyo bozoriga olib chiqmoqda.

Tumanning iqlim sharoiti va mavjud imkoniyatlar hududda ipakchilik sohasini rivojida muhim omil bo‘lmoqda. Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan holda qishloq joylarda aholi bandligini ta'minlash, tarmoqning eksport salohiyatini yanada oshirish borasida  tumandagi «Kumush tola» xususiy korxonasi mamlakatimiz ipakchilik sanoati rivojiga salmoqli ulush qo‘shib kelmoqda. Tumanning kumush tola bunyodkorlari joriy yilda ham 300 tonnadan ortiq sara ipak xomashyosi yetishtirib,  davlatga pilla yetishtirib berish rejasini ortig‘i bilan uddaladilar.

Tumanda pillachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash va uni kengaytirish, ipak qurtining mahsuldor zot va duragay urug‘larini tayyorlashni ko‘paytirish, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini ta'minlashga qaratilayotgan e'tibor sohada o‘z samarasini bermoqda.

Birgina joriy yil tumanda 5380 quti ipak qurti parvarishlanib, 300 tonnadan ziyod pilla xomashyosi yetishtirildi, shartnoma majburiyatlari muvaffaqiyatli bajarildi. Bu salmoqli pilla xirmonining yaratilishida   4200 dan ortiq oilaviy zveno a'zolarining fidokorona mehnatlari e'tiroflidir. Tunlarni kunga ulab qilingan mehnatlar natijasi har quti ipak qurtidan o‘rtacha 57,3 kilogramdan ipak xomashyosi olindi.Bu o‘tgan yildagiga nisbatan har quti ipak qurtidan 0,3 kg ko‘p demakdir.

Bir quti ipak qurtidan Elmurod Qurbonov, Mardi Sultonov, Kattaqo‘rg‘on maskasi, Paxtakor, M.Ulug‘bek, A.Navoiy aholi massivlaridagi fermer xo‘jaliklarida o‘rtacha 60-65 kilogramdan pilla hosili olishga erishildi. Tumandagi “Baraka Rayim hosil” fermer xo‘jaligida 1000 kilogramm o‘rniga 1350 kilogramm, “Organik produkt ot Jonkel” fermer xo‘jaligida 700 kilogramm o‘rniga 910 kilogramm, “Aziz Rustamov” fermer xo‘jaligida esa 1400 kilogramm o‘rniga 1530 kilogramm sifatli xomashyo yetishtirilib, mamlakatimiz ipak xirmoniga munosib ulush qo‘shdilar. Pilla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining daromadi 2018 yilga nisbatan sezilarli darajada oshdi.

Mehnat sarfi va barg mahsulotlarini tejash maqsadida bu yil tumanda 18 ta joyda alohida joylar tayyorlanib, 10 tadan 20 qutigacha bo‘lgan pilla urug‘larini markazlashgan usulda parvarishlash yo‘lga qo‘yildi. Aytish mumkinki, bu usul o‘zining ijobiy samarasini berdi va nisbatan ozroq mehnat qilib, ko‘p daromad olish mumkinligini isbotladi. Masalan, ushbu usul orqali 23 quti ipak qurti boqqan “Mirishkor omad dalasi” fermer xo‘jaligi ishchisi Alijon Mavlonov bir mavsumning o‘zida pilla boqish orqali 32 million so‘mdan ortiqroq daromad olishga erishdi.

Shuni aytish kerakki, mavjud tutzorlarga o‘z vaqtida agrotexnika qoidalari asosida ishlov berilganligi, tut daraxti zararkunandalariga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ipak qurtlarini sifatli ozuqa-tut bargi bilan to‘liq ta'minlash imkoniyatini berdi. Qolaversa, pillakorlarning moddiy manfaatdorligi ta'minlanayotganligi sohada erishilgan yutuqlarning eng asosiy omillaridan biri bo‘lmoqda.

Tumanda pillachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 2019 yilda maxsus ajratilgan 68,0 gektar maydonda yangi tutzorlar barpo qilindi. Bundan tashqari, dala chetlari va yo‘l bo‘ylariga 1 million 523 ming tup tut ko‘chatlari ekildi.

E'tiborga loyiq tomoni shundaki, tumanda yetishtirilayotgan pilla “Kumush tola” korxonasi tomonidan to‘la qayta ishlanib, eksportga chiqarilmoqda. Keyingi yillarda tumanda yaratilayotgan qulay investitsiyaviy muhit, tadbirkorlikni rivojlantirishga bo‘layotgan e'tibor tufayli “Kumush tola” korxonasi ham pillani qayta ishlashda manzilli dastur ishlab chiqqan bo‘lib, unga ko‘ra korxona bosqichma-bosqich to‘liq texnik-texnologik modernizatsiya qilinmoqda.Natijada pillani qayta ishlash, ipak tolasini yigirishdan tashqari yarim xomashyo ipak tolasidan ipakli matolar yaratish, pillachilik qoldiqlarini qayta ishlab, ipak momig‘i ishlab chiqarish, tayyor kiyim-kechaklar, xo‘jalik iste'moli buyumlari, bejirim ipak gilamlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish arafasida. Bu esa korxonaning eksport quvvati yanada ortishini ta'minlaydi.

Korxona tomonidan joriy yilda yetishtirilgan pilla hosilidan 40 tonnadan ziyodroq ipak kalavalar ishlab chiqarish va Xitoy, Eron, Pokiston kabi mamlakatlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Buning natijasida korxona 2 million AQSh dollaridan ko‘p daromad olishni ko‘zda tutmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagiga nisbatan 1,25 barobar ko‘pdir.

-Asosiy maqsadimiz tumanimiz, mamlakatimiz eksport salohiyatini yuksaltirish orqali aholi turmushi farovonligini ta'minlashga qaratilgan, - deydi “Kumush tola” xususiy korxonasi rahbari Maryam Niyozova. – Bugun korxonamiz tizimida 4 mingdan ziyod fuqarolar mavsumiy, 120 dan ziyod xotin-qizlarimiz doimiy ish bilan band. Ishchi-xodimlarning ijtimoiy muhofazasi va moddiy manfaatdorligiga alohida e'tibor qaratilib kelinmoqda. Korxonamiz tuman hokimligining beminnat ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi asosida keyingi bir yil ichida faol rivojlanish bosqichiga chiqmoqda. Nasib bo‘lsa qisqa fursatlarda tumanimizda yetishtirilgan pillani shu yerning o‘zida tayyor mahsulotga aylantirish orqali yuqori natijalarga erishish niyatidamiz.

Ha, bugun katta rivojlanishlar yo‘liga chiqib olayotgan Kattaqo‘rg‘on tumanida birgina ipakchilik sohasi rivoji yo‘lidagi sa'y-harakatlar haqida fikr yuritdik. Yurt taraqqiyotiga erishish maqsadida ezgu niyatlar bilan boshlangan ulkan tashabbuskorlik va bunyodkorlik ishlari qisqa fursatlarda albatta o‘z samarasini berishiga ishonchimiz komil.

Sh.Qarshiyev,

jurnalist.

Mavzuga oid