Qirg‘iziston: sobiq prezident Atamboyev bilan nimalar ro‘y bermoqda?
Qirg‘iziston parlamenti sobiq prezident Almazbek Atamboyevni daxlsizlik huquqidan mahrum qildi. Unga korrupsiyada ayblov bo‘yicha jinoiy ish ochilish xavfi tahdid solmoqda.
Bir hafta ilgari deputatlar Atamboyevga qo‘yilgan ayblovlar ro‘yxatini bosh prokuraturaga topshirdi, ularning bir qismini bosh prokuratura qo‘llab-quvvatladi.
Agarda Atamboyevga qo‘yilgan ayblovlar tasdiqlanib, sud uni aybdor deb topsa, sobiq prezident bir umrga qamalishi mumkin.
Korrupsiyaga qarshi kurashmi yoki raqiblarga?
Atamboyev 2017 yilda mamlakat prezidentligiga hozirgi davlat rahbari Sooronbay Jeenbekov nomzodini ilgari surishni qo‘llab-quvvatlagandi.
Ammo 2018 yil bahorida Qirg‘izistonning sobiq va amaldagi prezidentlari o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar paydo bo‘ldi.
Hozirda Atamboyev jamoasidan birdaniga bir necha kishi jinoiy ishlar bo‘yicha tergov ostida. Bular sobiq bosh vazirlar Sapar Isakov va Jantoro Satibaldiyev (ikkisi ham hibsda), sobiq bosh prokuror Aida Salyanova, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Dinara Saginbayeva, sobiq bosh vazir o‘rinbosari Shamil Ataxanov va boshqalar. Bosh vazirning sobiq birinchi o‘rinbosari Askarbek Shadiyev sirtdan 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan, o‘zi esa Nyu-Yorkka qochib ketgan.
May oyida Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov sobiq prezidentlarni daxlsizlikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, sobiq davlat rahbari vakolati tugagach yoki hukumatdan chetlashtirilganidan so‘ng ayrim hollarda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Atamboyevga qarshi ayblovlarni maxsus deputatlar komissiyasi ilgari surdi.
Parlamentchilarning fikricha, Atamboyev jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning qonunga zid ravishda ozod etilishi, Issiqko‘l va Chuy viloyatlarida yerlarning noqonuniy o‘zlashtirilishi, daromadlarni yashirish, Bishkek IES modernizatsiyasi bo‘yicha korrupsiya ishi va unga noqonuniy tarzda ko‘mir yetkazib berilishiga aloqador.
Bosh prokuratura ayblovlarning bir qismini qo‘llab-quvvatladi.
Atamboyevni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha parlament yig‘ilishi sobiq prezidentning ishtirokisiz o‘tdi. U o‘ziga qo‘yilayotgan «ayblovlar mutlaq tuturiqsiz, huquqiy asosga emas, uydirma gaplarga asoslangan va amaldagi prezidentning siyosiy raqibini bartaraf etishga intilishi bilan bog‘liq»ligini aytdi.
Atamboyevning Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi uyi oldida uning yuzlab tarafdorlari to‘plandi. Ular chodirlar tikishdi va sobiq prezidentning uyiga olib boradigan yo‘lni beton bloklar bilan to‘sishdi.
Atamboyev quroli borligini va «o‘zini o‘zi himoya qilishga odatlangani»ni aytdi. Qirg‘iziston sobiq rahbarining maslahatchisi keyinroq gap mukofot quroli haqida borganini ma'lum qildi.
Almazbek Atamboyev - birinchi muddati tugaganidan so‘ng lavozimini o‘z ixtiyori bilan tark etgan Qirg‘izistonning birinchi prezidenti hisoblanadi. Avvalgi prezidentlar - Asqar Akayev va Kurmanbek Bakiyev isyonlar natijasida chetlatilishgan. Atamboyevdan tashqari lavozimini o‘z ixtiyori bilan Roza Otunbayeva tark etgan – u 2010-2011 yillarda o‘tish davri prezidenti bo‘lgan.
2005 va 2010 yillardagi inqiloblardan so‘ng sobiq prezidentlarning tarafdorlari sudlanuvchilar kursisiga o‘tirgan. Buni tushunsa bo‘ladi, chunki Akayev va Bakiyev namoyishlarni kuch bilan bostirishga urinishgandi. Hokimiyatning Atamboyevdan hozirgi prezidentga o‘tishi osoyishtalik bilan yuz berdi, ammo sobiq davlat rahbari va uning tarafdorlari vakolatlarini suiiste'mol qilganliklari haqidagi ayblovlardan qutula olishmadi.
Mavzuga oid
22:28 / 29.10.2024
Qirg‘izistonda besh nafar general unvonidan mahrum qilindi
21:48 / 28.10.2024
Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga qancha suv berayotganini e’lon qildi
19:14 / 28.10.2024
Qirg‘iziston va O‘zbekiston «Elkart» yagona to‘lov ekotizimini yaratadi
19:03 / 25.10.2024