Endi sudya sudgacha majlis o‘tkazishga haqli
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi» ning 46-bandida iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud muhokamasini keyinga qoldirishning maksimal muddatini hisobga olgan holda, qoldirishlarning miqdorini, shuningdek sud muhokamasini keyinga qoldirish faqat favqulodda holatlar sababli yo‘l qo‘yilishi hollarini belgilash nazarda tutilgan edi.
Shundan kelib chiqib, 2019 yil 24 maydan e'tiboran Iqtisodiy protsessual kodeksining bir qator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi Qonun amalga kiritildi.
Jumladan, Iqtisodiy protsessual kodeksining 171-moddasi yangi tahrirda bayon etilib, unga ko‘ra sud kutilmagan va favqulodda holatlarda ishni sud majlisida ko‘rish mumkin bo‘lmagan taqdirdagina sud muhokamasini keyinga qoldirishga haqli ekanligi belgilandi. Endi iqtisodiy sudlar ushbu moddada nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan hollardagina sud muhokamasini boshqa muddatga qoldirishlari mumkin. Bundan tashqari, sud muhokamasini faqat
o‘n kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qoldirish mumkinligi, qoldirishlar miqdori esa uch martadan ortiq bo‘lmasligi aniq belgilab qo‘yildi.
Bu kabi yangi normalarning amalga kiritilishi uchun zarurat nima edi degan haqli savol tug‘iladi.
Sud amaliyoti tahlili shuni ko‘rmoqdaki, sudlar tomonidan yuzta holatdan oltitasida sud muhokamasi keyinga qoldirilmoqda. Bunda sud muhokamasini qoldirish holatlarining yarmi taraflardan birining sud majlisiga kelmasligi va sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinganligini tasdiqlovchi dalillar bo‘lmagani sababli yuz bermoqda.
Ko‘rsatib o‘tilgan oltita holatdan to‘rttasida sud muhokamasi 1 marta, ikkita holatda ikki va undan ortiq marta qoldirilgan (ma'lumot uchun
iqtisodiy sudlar tomonidan 2017 yilda 576ta holatda, 2018 yilda 841ta holatda sud muhokamasi uch va undan ko‘p marta qoldirilgan).
Xorijiy davlatlar qonunchilik amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud muhokamasini keyinga qoldirishning maksimal muddatini belgilash, shuningdek sud muhokamasini faqat ko‘zda tutilmagan va favqulodda holatlar mavjud bo‘lganda keyinga qoldirish mumkinligi haqidagi qoidalar Germaniya, Estoniya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Gruziya va boshqa ko‘plab rivojlangan davlatlar protsessual qonunchiligida mavjud.
Shu munosabat bilan, «Yo‘l xaritasi» ning 46-bandi ijrosini bajarish maqsadida Iqtisodiy protsessual kodeksning 171-moddasiga ko‘zda tutilmagan va favqulodda holatlar mavjud bo‘lganda sud muhokamasini qoldirish mumkinligini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksining 163-moddasi uchinchi qism bilan to‘ldirilib, ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida sudya fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha, bundan soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘riladigan ishlar mustasno, da'vo arizasi ish yuritishga qabul qilingan va ish qo‘zg‘atilgan kundan e'tiboran o‘n kun ichida ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sudgacha majlis o‘tkazishi mumkinligini nazarda tutuvchi mutlaqo yangi norma kiritildi.
E'tibor bergan bo‘lsangiz, sudya barcha toifadagi nizolar bo‘yicha emas, aynan fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yichagina sudgacha majlis o‘tkazishi mumkin.
Sudgacha majlis o‘tkazish uchun nima ehtiyoj bor edi, sudlov ishi yurituvidagi taraflarga bunday normaning kiritilishi nima beradi?
Sud statistikasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy sudlar tomonidan sud muhokamasini o‘tkazish orqali 2017 yilda 2 855ta ish bo‘yicha ish yuritish tugatilgan, 4 410ta da'vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 2018 yilda esa
2 761ta ish bo‘yicha ish yuritish tugatilgan bo‘lsa, 7 515ta da'vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilgan. Mazkur holatni iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida ish yuritishni tugatish, da'vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish imkoniyatining mavjud emasligi bilan izohlash mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida keltirib o‘tilgan Qarori 2-bandining «j» kichik bandi, shuningdek «Yo‘l xaritasi» ning
47-bandida iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish usuli sifatida sudgacha majlis o‘tkazish imkonini beruvchi tartib joriy etilishi va mazkur majlisda sud muhokamasining jadvali, ishning murakkabligi va muhokamaning prognoz davomiyligi, kelishuv bitimi yoki nizolarni hal qilishning muqobil usullarini tuzish ehtimoli, guvohlar ro‘yxati, ish qanday dalillar bilan tasdiqlanishi mumkinligi, ushbu nizoning sudga taalluqliligi masalasini va boshqa protsessual masalalarni aniqlash imkonini nazarda tutish belgilangan edi.
Shu munosabat bilan Iqtisodiy protsessual kodeksi sudgacha majlis o‘tkazish shartlari va tartibini belgilovchi yangi 163(1)-modda bilan to‘ldirildi.
Sudgacha majlisni o‘n kundan kechiktirmay o‘tkazish va nizoni hal qilish muddatiga rioya etilishini ta'minlash maqsadida taraflarni sudgacha majlisning vaqti va joyi to‘g‘risida ajrim topshirilganligi ma'lum qilinadigan buyurtma xat yuborish orqali emas, balki xabardor qilinganlik faktini qayd etadigan sud chaqiruv qog‘ozlari, buyurtma xatlar, telefonogrammalar, telegrammalar va boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilish mumkinligi belgilandi.
Agar taraflar sudgacha majlisga kelmagan taqdirda, ushbu holat sudya Iqtisodiy protsessual kodeksning 163-moddasida nazarda tutilgan, ishni sud muhokamasiga tayyorlash bo‘yicha harakatlarni amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi qonunchiligimizda alohida belgilandi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, aynan bu kabi norma Fuqarolik protsessual kodeksining 202-moddasida mavjud bo‘lib, bugungi kunga qadar Iqtisodiy protsessual kodeksida o‘z aksini topmagan edi.
Sir emaski, ijtimoiy munosabatlar rivojlangan sari, uni tartibga soluvchi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarurati yuzaga keladi. Qonunlarimizga kiritilayotgan bu kabi o‘zgartirishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad esa sudlov ishini samarali olib borish, fuqarolarimiz
va tadbirkorlik sub'yektlariga qulayliklar yaratish, ularni uzoq muddat davomida sud idoralaridagi sarsongarchiligini oldini olish, nizolarni qisqa muddatda o‘z yechimini topishga erishish, shu bilan birga mulkdorlar huquqlarini sudlar tomonidan sifatli himoya qilinishiga zamin yaratadi deb o‘ylaymiz.
R.Rashidov,
Toshkent shahar iqtisodiy sudining sudyasi,
S.Soliyev,
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining raisi
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
11:05 / 10.11.2024
«Izolyatorlar to‘lib ketgan» – Oliy sud raisi sudyalar qat’iyatsizligining oqibatlari haqida
08:48 / 09.11.2024