Light | 11:35 / 22.07.2019
40811
7 daqiqa o‘qiladi

Yangilashga ehtiyoj tug‘ilmagan 8ta ixtiro

Doimiy ravishda yaxshilanib va takomillashib boruvchi mehnat qurollari va maishiy asboblar yashash tarzimizni soddalashtirib, unga yanada qulaylik baxsh etadi. Masalan, hozirgi kunda dissertatsiyasini yoqlayotgan biror izlanuvchi yozuv mashinkasining Sholes&Glidden juftligi tomonidan yaratilgan 1868 yildagi nusxasidan foydalanganida ish tugaguncha uning barmoqlari sanoqsiz qavariq va pufakchalarga to‘lib ketgan bo‘lardi. O‘rta asrlar qal'asini ochishga majbur bo‘lib qolganingizda esa, kalitni qattiq harakat bilan burishga ancha vaqt sarflagan bo‘lardingiz.

Biroq, qanchalik mantiqqa zid bo‘lsada, ixtiro qilinganiga yuz yildan oshiq vaqt o‘tsa ham o‘zining original shakli va aktualligini hech qanday takomillashtirishlarsiz saqlab qolayotgan bir nechta buyum mavjud.

Yangilanishga hech qachon muhtojlik sezmagan ixtirolar

1. Pufakchali o‘ram

O‘tgan asrning 50-yillari oxirida dizaynerlar Alfred Filding va Mark Chavannes xayoliga kosmik asr binolari estetik dizayni uchun mukammal mos keluvchi ajoyib fikr keladi: sensor hajmli sellofan devor qoplamalari. Afsuski, havo pufakchali plastik pardachalar urfga kirmadi. Shundan so‘ng yangilik yaratuvchilar o‘z mahsulotlarining qo‘llanish tarzini o‘zgartirishga qaror qilishdi. Ular 1964 yilda «laminatsiyalangan astar mato ishlab chiqarish usuli»ga patent olishdi. Shu tarzda, pufakchali o‘ram (ingliz tilida — bubble wrap) yetkazib berish jarayonida sinuvchi va alohida qimmatli buyumlarni saqlab qolishning ideal yechimiga aylandi. O‘ram o‘zining amaliy afzalliklari va arzonligi ortidan keng qo‘llana boshlandi.

2. Tebranma kursi

Tebranma kursi ko‘pchilik o‘ylaganichalik juda qadimiy buyum emas. U XVIII asr avvalida AQShda paydo bo‘la boshlagan va hozirgi kunga qadar bo‘yin-dumg‘aza sohasi va tayanch harakat tizimidagi og‘riqlardan aziyat chekuvchilar tomonidan keng foydalanib kelinadi. Axir kursi faqatgina tinchlantiruvchi arg‘imchoq emas. Tebranma o‘rindiq o‘zining balans nuqtasini avtomatik tarzda o‘rnata olgani sababli o‘tiruvchi odam uchun har safar qulay holatni yarata oladi.

3. Qisqich-skrepkalar

XIX asr oxirida patentlash muassasalarini to‘ldirib yuborgan ingichka simli konstruksiya shakllari xilma-xil (qanotsimon, uchburchak, o‘rama nonni eslatuvchi va boshqalar) bo‘lsada, ularning vazifasi yagona edi: ma'lum miqdordagi qog‘ozni birlashtirish. Uning biz 100 yildan ortiq vaqt davomida qo‘llanib kelayotgan ko‘rinishidan boshqa barchasi o‘z patentiga ega. Kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan «Pearl»ning cho‘zinchoq dizayni qolgan shakllarni tarixga aylantirib, ustunlikka erishdi.

4. Choy damlanadigan choynak

Arxeologlar fikriga ko‘ra, choynaklar Xitoyning 1279 yilda o‘z boshqaruvini boshlagan Yuan sulolasi hukmdorligi davrida yaratilgan. Ilk ko‘rinishda ular tuproqdan yasalgan va yillar davomida shakli o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Choynaklar aslida bir taqsim ichimlikka teng qilib yaratilgan — jo‘mragi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichish uchun mo‘ljallangan, deb taxmin qilinadi. Hozirgi kunda choynaklarning chinni, shisha, qog‘oz yoki titandan tayyorlangan turlarini xarid qilish mumkin. Lekin uning tutqich, jo‘mrak va qopqoqdan iborat oddiy va mukammal dizayni yuzlab yillar o‘tsa ham o‘zgarishlarsiz qolmoqda.

5. Pashsha o‘ldirgich

Dasta va uning yuqori qismida zich holatdagi kichik to‘r. Ushbu sodda ammo samarali buyum deyarli barcha xonadonlarda mavjud va u yoz oylarida g‘ashga teguvchi chivin, pashsha va arilarga qarshi tengi yo‘q vositadir. «Yozdagi qotil» uchun patentni 1990 yilda Robert Montgomeri olgan. Ushbu shaxs Kanzasda davlat tibbiyot muassasasida ishlagan va moslamani kasallik tarqatuvchi pashshalarni yo‘qotish fikri ortidan yaratgan. G‘ayritabiiy bo‘lsa ham, shu oddiygina dasta hasharotlarga qarshi eng samarali vositaga aylandi.

6. Sichqon tutadigan qopqon

Xudo ko‘rsatmasin, agar uyingizda sichqonlar paydo bo‘lsa, ulardan qutulish haqiqiy muammoga aylanadi. Agar uy egalarida sichqon ovlovchi mushuklar bo‘lmasa, eng yaxshi yechim qopqonlardir. Bir vaqtlar sichqonlar dahshatli parazit edi: bu sulloh jonzotlar bolalar va oziq-ovqat zaxiralari uchun haqiqiy xavf deb hisoblangan, bundan tashqari har turdagi kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘lgan. Yaxshiyamki, 1894 yilda Uilyam Huker tomonidan prujinali sichqon qopqonlari yaratiladi. 1903 yilda esa Jon Mast konstruksiyaning biz hozirda foydalanadigan xo‘rak ilish nisbatan xavfsizroq ko‘rinishda bo‘lgan shaklini yaratdi va u o‘zgarishlarsiz shu kungacha xizmat qilib kelmoqda.

7. Tikanli sim

XIX asrda Oklahoma keng cho‘llarida mollarni o‘tlatish joylarini ajratish uchun to‘siqlar qo‘yish yetarlicha qiyinchilik tug‘dirardi. Chunki yog‘och yetishmovchiligi bor edi. Nima qilish mumkin? 4 nafar mahalliy kovboylar 1870-yillarda kam ustunli va tikanli simdan iborat to‘siq dizaynini o‘ylab topishadi. Tikanli sim o‘sha davrda patentlangan va u ham davrimizgacha o‘zgarishlarsiz foydalanilmoqda.

8. LEGO

Albatta, siz arzimagan pulga LEGO sotib olib, Formula-1 «Ferrari»sining 1:9 masshtabdagi nusxasini yoki hayratga soluvchi zamonaviy san'at asarini yasay olishingiz mumkin. Ammo bolalikda o‘ynagan biriktiriluvchi «Lego» bloklari hali ham mavjud va keng foydalanishda.

Duradgor Ole Kirk Kristiansen o‘zining yangi urfdagi «avtomatik birikuvchi g‘ishtlarini» 1949 yilda yaratishni boshlagan. U o‘sha vaqtlarda qimmatbaho, sinuvchan va hatto, radioaktiv bo‘lgan plastikdan foydalangan. Shuning uchun avval boshdan «haqiqiy» o‘yinchoqlar yog‘och va metalldan yasaladi deb hisoblaydigan ota-onalar orasida Olening kubiklari mashhurlikka erisha olmagan. 

So‘ngra uning o‘g‘li Gotfrid ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirish yo‘lini o‘ylab topdi va 1958 yilda zamonaviy LEGO konstruktoriga patent oldi. E'tiborga molik tomoni shundaki, 50 yil avval yaratilgan Legoning ilk detallari va ularning mutlaqo yangi turlarini birgalikda bexavotir ishlatish mumkin.