Jamiyat | 15:39 / 23.07.2019
17393
6 daqiqa o‘qiladi

Tez tibbiy yordam mashinalari haydovchilariga qanday hollarda ma'muriy chora ko‘rilmaydi?

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Bugungi kunda mamlakatda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, davlat dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida aholiga davlat tomonidan kafolatli bepul tibbiy yordam berishni ta'minlaydigan shoshilinch, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit tizimi tashkil etildi. Ayniqsa, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishning samaradorligini oshirish, zamonaviy asbob-uskunalar va malakali kadrlar bilan ta'minlash, shoshilinch tibbiy yordam berishning zamonaviy, yuqori texnologik samarali tizimini shakllantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Kozim Tojiyev.

Qayd etilishicha, shu bilan birgalikda, aholiga kechiktirib bo‘lmaydigan shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish masalalarida o‘z yechimini kutayotgan qator muammolar ham saqlanib qolmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joylardagi amaliy muloqotlar va tahlillari natijasida tez tibbiy yordam mashinalarining tez, belgilangan muddatda chaqiruvlarga yetib borishi, bemorni shifoxonaga yetkazishiga to‘siq bo‘layotgan obektiv sabablar ham mavjudligi kuzatildi.

Xo‘sh, bu obektiv sabab nimalardan iborat?

Deputatlarga tez yordam mashinalari haydovchilari maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini (belgilangan tezlikni oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga bo‘ysunmasdan o‘tish va hk.) buzganligi bo‘yicha ayrim holatlarda javobgarlikka tortilayotganini bildirdi.

Deputatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarni tahlil qilganida, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tez tibbiy yordam xizmati haydovchilari tomonidan 2017 yilda 339 ta shunday holat aniqlangan bo‘lsa, 2018 yilda 968 ta, 2019 yilning birinchi choragida esa, 350 tadan oshib ketgani ma'lum bo‘ldi.

Tez tibbiy yordam xizmati ko‘rsatish maqsadida zudlik bilan ketayotgan holda shunday qoidabuzarlik sodir etgan deya baholangan huquqbuzarliklar uchun 2017 yilda 16 nafar, 2018 yilda 110 nafar tez tibbiy yordam haydovchisi jarima to‘lagan. 2019 yil 1 mart holatiga ko‘ra, 89 ta shunday holat bilan bog‘liq hal etilmagan, muammoli holat sifatida baholanayotgan ishlar mavjud.

Bu esa, tez tibbiy yordam avtomashinalari haydovchilarining asosli e'tirozi va noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Natijada, tez tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lganda ham, ularning svetoforning taqiqlangan chirog‘ida kutib turish, belgilangan tezlikdan oshirmasdan harakatlanishi oqibatida bemorga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish imkoniyati pasaymoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, parlament Qonunchilik palatasi deputatlari qonunchilikka o‘zgartish kiritish taklifi bilan chiqdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi”ga muvofiq, qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga qo‘llanishini ta'minlash maqsadida qonunchilikka qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Deputatlar tashabbusi bilan tayyorlangan qonun loyihasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 171-moddasi “Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tezkor va maxsus xizmat transport vositalari hamda ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma'muriy huquqbuzarliklar qayd etilgan hollarda haydovchilarning kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganliklarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda oxirgi zarurat holatida sodir etilgan deb topiladi va ma'muriy ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi”, degan mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldirilmoqda.

To‘g‘ri, tez tibbiy yordam mashinalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sharti bilan yo‘l harakati qoidalarining talablaridan chetga chiqishlari mumkinligi Ichki ishlar vazirining 2011 yil 31 maydagi buyrug‘iga bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 45-bandida belgilangan bo‘lsa-da, endilikda bu qonun darajasida mustahkamlanmoqda. Ya'ni, ayrim qonunosti hujjatlaridagi normalarni qonunda aks ettirish orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan huquqiy mexanizmlar amaliyotga joriy etilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida tez yordam mashinalari haydovchilarining ish samaradorligini oshiradi. Asosiy maqsad esa, bemorga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilib, ularni shifoxonaga yetkazishgacha bo‘lgan o‘lim xavfining oldi olinadi. Tez tibbiy yordam xizmatini ko‘rsatuvchi transport vositalari haydovchilarning esa, asossiz yuridik javobgarligiga barham beriladi.

Mavzuga oid