11:36 / 29.07.2019
26776

Yuridik shaxslar ishtirokidagi ijara shartnomasini soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish talabi bekor qilindi

Foto: Dreamstime

Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida nizomga tegishli tuzatishlar kiritildi, deb yozmoqda Buxgalter.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo‘yish sharti bilan ularni majburiy notarial tasdiqlash bekor qilingan. Hujjatni amaliyotda amalga oshirish jarayonida talay savollar, eng avvalo, bu tartib tatbiq etiladigan sub'yektlarga taalluqli savollar vujudga keldi. Qabul qilingan hujjat bilan ushbu jihatga tugal aniqlik kiritildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq ko‘rsatilgan qoida faqat jismoniy shaxslar o‘rtasida ko‘chmas mulk ijara shartnomalari tuzilgan hollarda qo‘llaniladi.  Yuridik shaxslar ishtirokidagi ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi talab bekor qilindi.

Nizom Fuqarolik (574-modda uchinchi qismi, 603-modda ikkinchi qismi), Uy-joy (86-modda ikkinchi qismi), Soliq (84-modda uchinchi qismi) kodekslariga muvofiq keltirildi.  Ularga muvofiq soliq organlarida hisobga qo‘yish 2 turdagi shartnomalar uchun majburiy:

• fuqarolar o‘rtasida bino yoki inshoot yoxud ularning qismlari ijara shartnomasi;
• fuqarolar o‘rtasida turar joy ijara (arenda) shartnomasi.

Bundan tashqari, oylik ijara to‘lovi summasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan kam bo‘lishi mumkin emas degan shart chiqarib tashlanmoqda. Biroq bu yerda shuni yodda tutish lozimki, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadga soliq baribir tasdiqlangan ijara to‘lovining eng kam stavkalaridan kam bo‘lmagan summadan hisoblab chiqariladi.

Hujjat 25.07.2019 yildan kuchga kirdi.

Top