O‘zbekiston | 12:24 / 31.07.2019
34383
2 daqiqa o‘qiladi

Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'molining bazaviy normasi kamaytirilishi rejalashtirilmoqda

Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari va tariflarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, hukumat elektr energiyasi iste'moli bazaviy normasini 300 kVt/soatdan 250 kVt/soatgacha kamaytirishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslariga narx va tariflarni bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2019 yilning 1 yanvaridan Toshkent shahri Yunusobod tumanida eksperiment tariqasida elektr energiyasi iste'moliga bazaviy norma joriy qilindi.

O‘shanda elektr energiyasi iste'molining bazaviy normasi bir abonent uchun oyiga 300 kVt/soatni tashkil etdi. Shu bilan birga, aholi ko‘rsatilgan bazaviy norma doirasida belgilangan tarif bo‘yicha, bazaviy normadan ko‘p bo‘lganda esa - o‘rnatilgan tarifga 1,2 baravardan ortiq bo‘lmagan oshiriluvchi koeffitsiyent qo‘llangan holda to‘lovni amalga oshirishi lozim edi.

«Toshkent shahrining Yunusobod tumanida bir nafar abonentga aholining elektr energiyasi iste'moli bazaviy normalari joriy etilishining ijobiy natijalari ma'lumot uchun qabul qilinsin», - deyiladi hujjatda.

Endi elektr energiyasi iste'moli bazaviy normasi 250 kVt/soatni tashkil etadi. Bundan tashqari, aholi bazaviy normadan ortiq elektr energiyasi uchun belgilangan tarifga 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oshiriluvchi koeffitsiyent qo‘llangan holda to‘lov amalga oshiradi.

Mavzuga oid