DXA: «Endi bolani bog‘chaga joylashda «qing‘ir» yo‘l qidirmang»
May-iyul oylarida Davlat xizmatlari agentligi rasmiy sahifalariga bolalarni davlat bog‘chalariga joylashtirish bilan bog‘liq 100 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Ularning aksariyati tizimdagi navbatlar pozitsiyalari o‘zgarishi bilan bog‘liq. Bu haqda DXA xabarida aytiladi.
Maktabgacha ta'lim vazirligining rasmiy murojaatiga binoan, “Bolalarni davlat maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha elektron ariza yuborish” va “Bolalarni davlat maktabgacha ta'lim muassasasiga qabul qilish navbatini tekshirish” davlat xizmatlarini ko‘rsatish vaqtincha to‘xtatilgan edi.
Qayd etilishicha, mazkur ishlar maktabgacha ta'limni boshqarish tizimini takomillashtirish uchun imtiyozi bor bolalarni elektron navbatga qo‘yishda maxsus hisobga qo‘yish va monitoring qilish tizimi joriy etilishi uchun amalga oshirilgan edi.
Ammo ushbu xizmat to‘xtatilgani fuqarolarning ko‘p noroziliklariga sabab bo‘ldi. Shu bois, DXA mazkur masalada qo‘shimcha ma'lumot taqdim etdi.
DXMlar orqali bolani davlat MTMga joylashtirish xizmati ilk bor 2018 yil 1 apreldan joriy etildi. U paytgacha ushbu xizmat ilgari mavjud bo‘lgan qog‘oz ko‘rinishidagi jurnallardan foydalangan holda ko‘rsatilgan edi.
DXM orqali joriy etilgach, mazkur tizim qo‘lbola yangilangan. Ya'ni, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limlari o‘zlari bo‘sh joy o‘rinlarini kiritardi. Bu, o‘z navbatida, korrupsiogen holatlarga olib kelishi mumkin edi.
Tizimni takomillashtirishdan avval, aholi tomonidan kelib tushayotgan e'tirozlar chuqur o‘rganildi va tahlil qilindi. Natijada bitta bola uchun bir necha marotaba ariza berilgan holatlar ham mavjud ekanligi aniqlandi. Bu esa, bir bola 3-4 marotaba navbat olishiga olib keldi.
“Mazkur xatoliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanmasligini oldini olish uchun tizimni butunlay modernizatsiya qilish qaroriga kelindi.
Amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida, endilikda, mazkur xizmatni ko‘rsatish jarayonida inson omili butunlay yo‘q qilinib, to‘liq avtomatlashtirildi.
Natijada, tizim ishga tushirilganidan buyon respublika bo‘yicha 51 000 dan ortiq bolalarga davlat bog‘chalariga yo‘llanma berildi.
Shuningdek, fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda, ularga qulaylik yaratish maqsadida endilikda 2015 yil 1 yanvardan keyin tug‘ilgan bolalarning ma'lumotlarini kiritishda xatoliklar yuzaga kelmasligi ta'minlandi. Buning uchun Davlat xizmatlari agentligi FHDYo ma'lumotlar bazasini bolalarni bog‘chalarga qabul qilish tizimi EMIS bilan integratsiya qildi. Ya'ni, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma raqamini kiritish kifoya qiladi. Buning oqibatida esa, albatta, ortiqcha vaqt tejalib taqdim etiladigan hujjatlar soni ham kamayadi.
2022 yil 1 yanvariga qadar esa “Yagona elektron FHDYo arxivi” arxivariuslar tomonidan to‘liq shakllantirilib, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimiga integratsiya qilinadi.
Ammo, tan olish kerak, bu tizimni ham hozircha ideal, deb bo‘lmaydi. Davlat xizmatlari agentligi mutaxassislari tizimni yanada takomillashtirish, eski tizimdagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni ko‘rishda davom etmoqda.
Endi tanish-bilish, do‘st-birodar qidirib, bolani bog‘chaga joylashga “qing‘ir” yo‘l qidirmang! Barchasini halollikdan boshlang!” - deyiladi DXA xabarida.
Mavzuga oid
17:53 / 01.08.2023
IIB xodimlari ma’ruza qilgan bog‘cha mas’ullari jazolandimi?
15:36 / 28.07.2023
Prezident Uchtepa tumanida bog‘cha bolalariga ma’ruza o‘qigan profilaktika inspektori voqeasiga to‘xtaldi
17:40 / 27.07.2023
Ta’limda bola psixologiyasi qay ahvolda? Psixologlar bilan suhbat
12:07 / 24.07.2023