O‘zbekiston | 18:31 / 14.08.2019
7485
2 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi «aqlli» hisoblagichlar xakerlik hujumlaridan himoyalanganini bildirdi

Foto: gazeta.a42.ru

O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev energiya resurslarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi )EHAT) yaxshi himoyalanganini bildirdi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «aqlli» hisoblagichlardagi barcha ko‘rsatkichlar zaxira tashuvchilarda arxivlanadi, tizim xavfsizligini ishlab chiqish uchun xorijlik mutaxassislar jalb etilgan.

«Nazariy jihatdan hisoblagichga yoki tizimga ta'sir ko‘rsatish mumkin. Tizim juda yaxshi himoyalangan. Buning ustiga, u bizning mutaxassislarimiz tomonidan ishlab chiqilmagan. Afsuski, bizda bunday darajadagi mutaxassislar yo‘q. Xakerlik hujumlari bo‘lmasligi kafolatlanmagan. Tizim ma'lumotlarni har kuni zaxira tashuvchiga arxivlab boradi», – dedi Xo‘jayev. 

Agarda g‘araz niyatli shaxslar hisoblagichni buzishga urinsa, u tekshiruv o‘tkazish zarurligi to‘g‘risida xabar yuboradi.

«Biz bejizga KT Corporation kompaniyasini taklif etmadik. U yirik ma'lumotlarni boshqarish tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha jahonda yetakchilardan biri hisoblanadi. Ularning ma'lumotlar markazida bo‘lganman va real vaqt ichida kuzatiladigan xakerlik hujumlaridan hayratda qolganman. Bir sutkada bir necha million xakerlik hujumlari bo‘ladi», – dedi Xo‘jayev. 

Eslatib o‘tamiz, shu yil yanvarida Koreyaning KT Corporation kompaniyasi bilan EHAT ma'lumotlarini qayta ishlash yagona markazini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha shartnoma imzolangandi.

Mavzuga oid