22:30 / 27.10.2023
2979

Kuz-qish mavsumida IES tomonidan 27,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan 

Buning uchun jami 6,3 mlrd kub metr tabiiy gaz, 820 ming tonna mazut, hamda 670 ming tonna ko‘mir sarflanishi nazarda tutilmoqda. 

Joriy kuz-qish mavsumida 27,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu haqda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov ma’lum qildi. 

Qayd qilinishicha, 2023 yil noyabr-dekabr oylarida kunlik o‘rtacha 158 mln kVt·soat, hamda 2024 yil yanvar-mart oylarida kunlik o‘rtacha 160 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning uchun jami 6,3 mlrd kub metr tabiiy gaz, 820 ming tonna mazut, hamda 670 ming tonna ko‘mir sarflanishi rejalashtirilgan. 

«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ tomonidan 2023 yilning 9 oyi davomida belgilangan 38,5 mlrd kVt·soat o‘rniga, 39,8 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, reja 103,3 foizga bajarilgan. 2023 yil yakuniga qadar 53,8 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. 

Ta’kidlanishicha, kuz-qish mavsumida aholining elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish, mavsumni betalofat o‘tkazish maqsadida elektr stansiyalar belgilangan rejaga muvofiq, mavsumga shay holatga keltirilgan. 

Jumladan, rejadagi 53 ta energoqurilmaning 46 tasida (87 foiz) ta’mirlash ishlari yakunlangan. Ta’mirlash ishlari 15 noyabrga qadar elektr energiya ishlab chiqarish rejasiga ta’sir qilmagan holda to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshirilishi aytilmoqda. 

Ta’mirlash ishlariga General Electric (AQSh), Rossiyaning «Silovyye mashiny», «Kalujskiy turbinnyy zavod» va «Taganrogskiy kotelostroitelnyy zavod», Yaponiyaning Mitsubishi Hitachi Power Systems, Janubiy Koreyaning Hyundai konsorsiumi vakillari jalb etilgan. 

Top