09:47 / 29.08.2019
1
31570

Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishdagi qonunbuzilish holatlari ma'lum qilindi

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

“O‘zneftgazinspeksiya” o‘z faoliyati davomida doimiy ravishda gaz ta'minoti korxonalari tomonidan aholi xonadonlariga imtiyozli narxlarda yetkazib berilayotgan suyultirilgan gazni o‘z vaqtida va amaldagi me'yoriy talablar asosida yetkazilishini nazoratga olgan, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Qayd etilishicha, bu borada olib borilayotgan navbatdagi profilaktik va tezkor tadbirlar davomida, gaz ta'minoti korxonalarining ba'zi nopok xodimlari tomonidan shaxsiy manfaatlarini o‘ylab talon-torojlik, tasdiqlangan grafikka rioya etmaslik, qabul qilish va tarqatish jarayonlarida birlamchi hujjatlarni noto‘g‘ri yuritish kabi holatlarga yo‘l qo‘yayotganliklari ma'lum bo‘lmoqda.

Joriy yil boshidan 15 avgust kuniga qadar, hududlarda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida, respublika bo‘yicha 90 ta gaz tarqatish stansiyalari va gaz tarqatish punktlari tomonidan aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonida 420 dan ortiq qo‘pol qoida buzilishlari aniqlanib, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanishi natijasida iqtisod qilinishi mumkin bo‘lgan 25,2 ming tonna suyultirilgan gaz miqdorlari aniqlangan. 

Birgina avgust oyining o‘tgan 15 kuni davomidagi, respublika bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aholiga suyultirilgan gazni yetkazib berish yuzasidan 15 ta holatda qonun buzilish holatlari aniqlanib, hisoblangan umumiy suyultirilgan gaz miqdorlari 219 tonnani tashkil etdi.

Misol uchun, Surxondaryo viloyatida “Jarqo‘rg‘on gaz to‘ldirish shoxobchasi”da 61 tonna va “Jarqo‘rg‘onneft”AJga 2 tonna suyultirilgan gaz texnologik yo‘qotishlarga asoslovchi hujjatlarsiz hisobdan chiqarilgan. 

Navoiy viloyati “Karmana-Navbaxor” tumanlararo gaz ta'minoti uchastkasida, aholi xonadonlariga joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida 54 tonna suyultirilgan gaz rejaga nisbatan kam yetkazib berilgan.

Andijon viloyati “Izboskan” tuman gaz ta'minoti uchastkasida aholi xonadonlariga 20 kg. suyultirilgan gaz uchun belgilangan 19 ming so‘m o‘rniga, amalda 24 ming so‘mdan to‘lovlar undirilgan, aholi xonadonlari uchun ajratilgan 6 tonna suyultirilgan gazni gaz ta'minot uchastkasining maxsus avtotransport vositalariga yoqilg‘i sifatida ishlatilgan, 41 tonna suyultirilgan gaz texnologik yo‘qotishlarga asoslovchi hujjatlarsiz hisobdan chiqarilgan, tarqatish hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmagan holda 62 tonna suyultirilgan gaz asossiz hisobdan chiqarilgan, 34,6 tonna suyultirilgan gaz uchun aholidan undirilgan 32 mln 894 ming so‘m pul mablag‘lari o‘z vaqtida bankka topshirilmagan.

Xorazm viloyati “Xiva tumangaz” uchastkasida 4 tonna suyultirilgan gaz texnologik yo‘qotishlarga asoslovchi hujjatlarsiz hisobdan chiqarilgan, uchastka omborxonasida 6 tonna suyultirilgan gaz kamomadi mavjudligi aniqlangan. 

Farg‘ona viloyati “Real gaz biznes” xususiy korxonasining litsenziya muddati 2018 yil 15 dekabrda tugagan bo‘lishiga qaramasdan, bugungi kunga litsenziyasiz faoliyat olib borayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top