O‘zbekiston | 12:53 / 06.09.2019
14937
2 daqiqa o‘qiladi

Har bir tumanda bepul huquqiy maslahat byurolari tashkil etildi

Foto: Depositphotos

Adliya vazirligining taklifiga asosan Aholiga huquqiy axborotni yetkazish va yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan “Madad” nodavlat-notijorat tashkiloti tashkil etildi. Ushbu muassasa aholiga bepul huquqiy yordam ko‘rsatadi. 

Shunga ko‘ra, har bir tuman (shahar)da bosqichma-bosqich “Madad”ning huquqiy maslahat byurolari tashkil etiladi va fuqarolarga huquqiy maslahat hamda amaliy huquqiy yordam ko‘rsatiladi.

Aprel oyida Adliya vazirligi tomonidan Advice.uz portali ishga tushirilgan bo‘lib, unda jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan asosiy huquqiy masalalar bo‘yicha 1000 dan ortiq kontentlar joylashtirilgan.

Qarorda ta'kidlanishicha, “Madad” muassasasiga Advice.uz 
(e-maslahat.uz) portalini doimiy takomillashtirib borish vazifasi ham yuklandi. Shuningdek, u quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

fuqarolarga onlayn rejimda bepul huquqiy maslahat beradi;

hududlarda maslahat byurolarini tashkil etish orqali fuqarolarga doimiy ravishda bevosita bepul huquqiy maslahat berilishini tashkil etadi;

huquqiy maslahat berishga oid so‘rovlarni tahlil qilgan holda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

huquqiy bilimlarini ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda oshirib borish ishlariga ko‘ngillilarni jalb qiladi.

Ma'lumot uchun: “Advice.uz” tizimi orqali hozirgi kunga qadar 5 mingga yaqin foydalanuvchi tomonidan 10 mingdan ortiq huquqiy savollar berilgan. 

Mavzuga oid