O‘zbekiston | 19:27 / 19.10.2019
38528
3 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vazirligi YHXBB bodikameralar bilan ishlash jarayoniga oydinlik kiritdi

Bugungi kunda Toshkent ko‘chalarida yo‘l-patrul xizmatlari xodimlariga beriladigan bodikameralar sinovdan o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan, IIV YHXBB haydovchilarga ushbu tizim qanday ishlashi xususida axborot berib, haydovchilarni «Yo‘l qoidalari»ga qat'iy rioya qilishga chaqirdi. 

Foto: Ichki ishlar vazirligi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot xizmati yo‘l-patrul xizmati xodimlariga beriladigan bodikameralar hamda ular bilan xizmat vazifasini olib borayotgan xodimlarning ishlash tartibi xususida ma'lumot berdi. Unda, haydovchini to‘xtatgan YPX xodimining o‘zini tanishtirishi va boshqa ogohlantirish qay tarzda amalga oshirilishi yuzasidan axborot berdi

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash yo‘nalishidagi ishlar samaradorligi oshirish maqsadida “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan YPX inspektorlari o‘z xizmat vazifalarini bodikameradan foydalangan holda oshkora olib borishlari belgilangan. Xodim bodikamera bilan ishlash jarayonida yo‘l harakati qatnashchisini to‘xtatganidan keyin uning oldiga boradi, o‘zini tanishtirib, lavozimi, unvoni, familiyasi haqida ma'lumot beradi. Haydovchining talabiga ko‘ra, ko‘krak nishon belgisini ma'lum qilib, xizmat guvohnomasini ochiq holda ko‘rsatadi. 

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Bunda eng muhimi, yo‘l harakati qatnashchilariga mobil videokameradan foydalanayotganini ma'lum qiladi va kelgusida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun undagi videoyozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.

Hozirgi kunda Toshkent shahrida mobil videokameralarni test rejimida sinovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Sinov davomida kameralar turli ob-havo sharoitlarida, turli ko‘rinishlarda, har xil holatlarda, vaziyatlarda ishlatib ko‘riladi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Sinov tekshiruvlarida aniqlangan kamchiliklar esa kameralarni ishlab chiqaruvchilarga yetkazilib, bartaraf etiladi. Shuningdek, ma'lumotlarni saqlash qurilmalari, dasturiy ta'minot ham sinovdan o‘tkaziladi. Ertaga yo‘llarda turli kelishmovchiliklar va ziddiyatlar, bahs-munozaralar kelib chiqmasligi, aynan mana shu qurilma hamda dasturiy ta'minotning to‘g‘ri va aniq ishlashiga bog‘liq.

Aytishga osondek bo‘lib ko‘ringan bu vazifalar zamirida katta mehnat turibdi. Chunki, har qanday yangilikni joriy etish osonlik bilan amalga oshmaydi. 
Mobil videokameralarning ishga tushirilishi birinchi navbatda shu soha vakillari uchun zarur. Sababi, kameralar orqali vaziyatni doimo nazorat qilib turish imkoniyati oshadi. Nazorat kuchaytirilgan joyda esa boshqa holatlar, tushunmovchiliklar kelib chiqmaydi. Kameralar oqni oq, qorani qora qilib ko‘rsatib beradi. 

Shu munosabat bilan barcha yo‘l harakati ishtirokchilarini “Yo‘l harakati qoidalari”ga qat'iy amal qilishga chaqiramiz. Unutmang, YPX inspektori bilan o‘zaro munosabatingiz mobil videokameralar nigohida turibdi», - deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid