14:30 / 13.11.2019
6
42920

«Tanqidni faqat Olloshukurova qilmayapti» - Komil Allamjonov ruhiy shifoxonaga tushgan bloger haqidagi savolga javob qaytardi

12 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ruhiy shifoxonaga yotqizilgan bloger Nafosat Olloshukurova bilan bog‘liq holatga oydinlik kiritildi.

Oliy sud, Ichki ishlar, sog‘liqni saqlash vazirliklari mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida Shabnam Olloshukurova nomi bilan tanilgan bloger Nafosat Olloshukurova bilan bog‘liq voqealar tafsilotlari bo‘yicha ma'lumot taqdim etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhamadiyev Olloshukurova bilan holat bo‘yicha komissiya xulosasi bilan tanishtirdi. Uni tekshiruvdan o‘tkazgan psixiatrlar blogerning ruhiy holati, unga qo‘yilgan tashxis haqida ma'lumot berishdi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov Olloshukurova qanday asosga ko‘ra ruhiy shifoxonaga yotqizilganiga izoh berdi.

Tadbirda mutasaddilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.

Kun.uz muxbiri Jamshid Niyozov doimiy tarzda tanqidiy chiqishlar qilib turgan Shabnam Olloshukurovaga ruhiy buzilish bo‘yicha qo‘yilgan tashxisni istalgan odamga qo‘yish ehtimoli borligiga e'tibor qaratib, bundan keyin boshqalarga ham bunday tashxis qo‘yilmasligi qay darajada kafolatlangani bo‘yicha savol bilan yuzlandi.

Bu savolga AOKA direktori Komil Allamjonov javob qaytardi.

«Endi bu shunaqa savolki, kimga so‘z berishniyam bilmayman. Axir bu yerdagilardan kimdir agar tanqid qilsang, ertaga sen ham shu holatga tushasan, demaydi-ku? Aslida holat unaqa emasligini ko‘rib turibsiz-ku!?

Keyin tanqidni faqat Nafosat Olloshukurova qilmayapti. Agar tanqid qilgani uchun shifoxonaga yotqizilgan bo‘lganda, siz tanqidlar bo‘yicha chempionsiz. Sizning qilgan tanqidlaringizdan men ham qolmaganman, agentligimiz ham qolmagan, umuman, siz tegmagan soha yo‘q. Lekin mana, binoyiday o‘tiribsiz, yuribsiz, hech kim sizga e'tiroz bildirayotgani yo‘q.

Nega Olloshukurova shifoxonaga yotqizilganidan keyinoq zudlik bilan bu masalada izoh bermadik? Ochig‘ini aytaman, men Nafosat Olloshukurovani tanimasdim. Ular bloger ekanliklari, umuman faol bloger ekanliklarini mana shu holat bo‘lgandan keyingina yaxshi bilib oldik.

Lekin agarda sizning fikringiz shunaqa bo‘lsa, O‘zbekistonda sovetlar davridagi narsalar qaytyapti qabilidagi fikrlarni ilgari suradigan bo‘lsangiz, men faqatgina ming afsus deyman. Ming afsus, essiz bizning mehnatimiz, essiz bizning agentlik himoya qiladi deb shuncha o‘tkazayotgan tadbirlarimiz, essiz qonunchilikka kiritayotgan o‘zgarishlarimiz. Bitta holat yo‘qki, biz nazarimizdan, nazoratimizdan chetda qoldirgan bo‘lsak.

Nega bizga Prezident administratsiyasi huzuridagi agentlik maqomi berildi? Chunki muammo juda ko‘p. Bosimlar bo‘layotganini bilamiz. Davlat organlari xodimlari tanqidni ko‘tara olmayotgan holatlar bo‘layotganini bilamiz. Buni tan olyapmiz. Mana yaqinda OBSe (YeXHT) elchilari kelgandayam men buni ochiqchasiga aytdim. Agar mening ma'ruzamni eshitgan bo‘lsangiz, sizga qiziq bo‘lgan bo‘lsa, men shu yerda hammasini gapirdim.

Lekin iltimos qilamanki, o‘rtoq Kun.uz muxbiri Jamshidjon, provokatsion savollardan yiroq bo‘ling. Bu haqiqiy provokatsion savol», degan Komil Allamjonov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top