O‘zbekiston | 22:23 / 22.11.2019
4905
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonda uchinchi ofisini ochishni rejalashtirmoqda 

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Suma Chakrabarti bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatida ma'lum qilindi.   

Tomonlar muzokaralar davomida YeTTBning O‘zbekiston bo‘yicha 5 yillik strategiyasi doirasida bank bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilishgan. 2018 yil oktyabrda qabul qilingan hujjat bankning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishni ko‘zda tutadi.        

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Navoiy, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida ijtimoiy ahamiyatdagi yirik loyihalarni amalga oshirish uchun 246 mln dollarlik uchta qo‘shimcha zayom kelishuvlaridan tashqari, xususiy tadbirkorlik va inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi loyihalarga ko‘makni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Shu munosabat bilan YeTTB Toshkentdagi va yaqinda Andijonda ochilgan ofisiga qo‘shimcha ravishda 2020 yilda Qoraqalpog‘istonda vakolatxonasini ochish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Suma Chakrabarti bu va yana boshqa masalalarni 2020 yil birinchi yarmida O‘zbekistonga tashrifi vaqtida shaxsan muhokama qilishni rejalashtirmoqda.  

Mavzuga oid