O‘zbekiston | 20:50 / 29.11.2019
94434
3 daqiqa o‘qiladi

«Profilaktika inspektorlariga berilgan avtomobillar xarajati novvoy va somsachilarning bo‘ynida» - Senator

Joriy yilning 9 oyi mobaynida voyaga yetmaganlar tomonidan 479ta jinoyat sodir etilgan. Bu haqda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rustam Hotamov Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi oldidan parlament yuqori palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma'lum qildi.

Rustam Hotamov

Vazir o‘rinbosarining ta'kidlashicha, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, farzand tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi ota-onalar hamda muammosi mavjud oilalar manzilli ishlash, ular tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olish borasidagi ishlar talab darajasida amalga oshirilmayapti. Bu esa muammoli oilalarda farzandlar, ota-onalar va maktablarning nazoratsiz qolib, ular tomonidan jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashda profilaktika inspektorlarining roli juda katta ekani, biroq ular bitta joyda uzoq ishlamasligi, tez-tez almashtirilishi, qo‘nimsizligi bois ana shunday muammolar yuzaga kelayotganini ta'kidladi.

«Profilaktika inspektorlarining qo‘nimli bo‘lishiga e'tibor qaratish kerak. Ular bir joyda kamida 3 yil, yoki bo‘lmasa besh yil ishlasin. Shu haqda topshiriq ham bor-ku? Har yili almashtirsangizlar nima bo‘ladi? Profilaktika inspektori 3-4 ming aholiga mas'ul bo‘lsa, bir yil ishlab almashib ketaversa, qanaqa qilib ularni tanib oladi?

Oldin biz o‘z hududimizdagi uchastka nozirini bilardik, u ham hammamizni tanirdi, uyimizgacha bilardi, hozir masalan mahallamda kim «uchastkovoy» ekanini bilmayman. Keladi-ketadi, qo‘nimi yo‘q», deya Farrux Dadaxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘mita raisi profilaktika inspektorlariga yaxshi niyatlar bilan xizmat mashinalari berish yo‘lga qo‘yilgani, biroq ularning mashinalariga benzin quyish hududlardagi novvoylarning chekiga tushayotgani, IIV rahbariyati masalaning bu tarafiga e'tibor qaratmayotganini tanqid qildi.

Farrux Dadaxo‘jayev

«Profilaktika inspektorlariga berilgan avtomobillarning xarajati kimning bo‘ynida? Tandirchining, somsachining bo‘ynida. Ular mashinasiga benzinni qayerdan oladi? Haligacha bu masalaning ellik foizini ham hal qilmadinglar.

«Qoch bo‘ridan, och bo‘ridan», deydi xalqimiz. Bularga xizmat uylari berildi, uylarning ahvolini qaranglar. Iloji bo‘lsa, bu uylarni ularga ipoteka krediti asosida berish kerak. Haligacha bu uylar IIV balansiga olingani yo‘q. Xizmat uyiga biri-ketib biri keladigan bo‘lsa, tayinli egasi bo‘lmasa, ertaga o‘n ming uy boshga balo bo‘ladi», degan Farrux Dadaxo‘jayev.

Mavzuga oid