Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylarni ta'mirlash uchun ajratilgan kredit mablag‘lari «Gulzor-B.» nomli XUJMSh tomonidan talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, bank muassasasi tomonidan 2017-2018 yillarda «Gulzor-B» nomli xususiy uy-joylar mulkdorlari shirkatiga qarashli ko‘p qavatli uylarda ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun ajratilgan 2,6 mlrd. so‘m kredit mablag‘lari «O.B.», «M.U.» va «K.Y.» MChJlarga qurilish-ta'mirlash ishlari uchun o‘tkazilib, shundan, 194,8 mln. so‘mlik bajarilgan ishlar bo‘yicha hujjatlar «Gulzor-B» XUJMShga taqdim qilingani, qolgan 2,4 mlrd so‘mlik bajarilgan ishlar uchun tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qotilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan «Gulzor-B.» XUJMSh hamda «O.B.», «M.U.» va «K.Y.» MChJlar mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda», deyiladi xabarda.