O‘zbekiston | 16:30 / 17.12.2019
20205
10 daqiqa o‘qiladi

Saylov: bizning fikrimiz kimga qiziq?

Bloger Shahnoza Soatova «Saylov: bizning fikrimiz kimga qiziq?» sarlavhali maqolasida saylovoldi targ‘iboti vaqtida jamiyatda jamoatchilik fikriga e'tibor qay ahvoldaligi yuzasidan mulohazalarini bayon etdi.

Bugun saylov o‘tkazilsa, qaysi partiya g‘olib bo‘lar edi? U yoki bu partiyaning reytingi qanday (bormi o‘zi)? Bu reytingga nima ta'sir qiladi? Partiyalar o‘zlari va raqiblari haqida jamoatchilik fikrini biladilarmi? Umuman, ular saylovoldi kampaniyasini nimaga asoslanib va kim uchun olib boradilar?

Bu savollarning bari demokratiyaning muhim instrumentlaridan bo‘lgan jamoatchilik fikri va uni o‘rganish masalasiga borib taqaladi.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish nima uchun kerak?

Mashhur sotsiolog Jorj Gallap jamoatchilik fikrini o‘rganish «demokratiyani haqqoniy va ishonarli» qiladi, ya'ni asoslaydi degan edi. Shuningdek, u jamiyatning kayfiyati va qarorlariga bevosita ta'sir ko‘rsatadigan vositadir.

Esingizda bo‘lsa, «Insider.uz« kanalining bosh vazirlikka nomzodlardan qaysi biri yaxshi degan mazmundagi so‘rovnomasi ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Shundan so‘ng Adliya vazirligi maxsus bayonot bilan chiqib, bosh vazirni tayinlash protseduralarini ham eslatdi va bunday noprofessional so‘rovnomalar o‘tkazmaslikka chaqirdi.

Bundan tashqari, mashhur blogerlarning kanallarida saylovga doir bir nechta so‘rovnomalarga ko‘zim tushdi. O‘zim ham «Saylovda qatnashasizmi?» deb o‘quvchilarimdan so‘radim. Albatta, bunday virtual so‘rovnomalarda ko‘p odam ishtirok etadi (masalan, «Insider.uz»ning so‘rovnomasini 143 ming odam ko‘rgan, 33 mingdan ortiq odam ovoz bergan).

Biroq telegramda so‘rovnomalar bilan qilinadigan spekulyatsiyalar ko‘pligi uchun, ularning natijalarini jamoatchilik fikrining ko‘zgusi deb ishonib bo‘lmaydi.

Ko‘chaga mikrofon ko‘tarib chiqib yarim soatda 20 nafar o‘tkinchidan so‘raladigan savollar esa umuman muhokamamiz mavzusi bo‘la olmaydi.

Noprofessional so‘rovnomalar odamlarni chalg‘itadi, noto‘g‘ri fikr paydo qiladi va restruktiv xarakterga ega bo‘ladi. Bu rost.

Ammo O‘zbekistonda professional so‘rovnomalar o‘tkaziladimi?

Kunora blogerlarning «telegram poll» tashkil qilishidan (hatto shu orqali mushtariy ko‘paytirishga ruju qo‘yganidan) ko‘rinib turibdiki, jamoatchilikning o‘zi o‘zining fikrini bilishga ishtiyoqmand. Shunday vaziyatda nega jamoatchilik fikrini o‘rganish juda sust va xira olib borilyapti?

Hatto butun boshli Saylov kodeksida ham saylovoldi jarayonlarida jamoatchilik fikrini o‘rganish masalasi tilga olinmagan ekan. Savol: nega bu soha e'tiborsiz qolib ketyapti?

Demokratik davlatlarda hukumat jamoatchilik fikri bilan hisoblashadi, uni o‘rganib, birinchidan, o‘z xatti-harakatlarini tahrirlaydi, ikkinchidan, jamoatchilik fikriga ta'sir o‘tkazishga harakat qiladi.

Jamoatchilik fikrini muntazam o‘rganib borish hokimiyatning o‘z xalqi fikrini e'tiborga olishi, hurmat qilishi va u bilan hisoblashishi belgisidir.

Har qanday jamiyat, agar u yakkahokimlik emas, xalq hokimiyati asosida mavjud bo‘lsa yoki mavjud bo‘lishni istasa, jamoatchilik fikrini professional va ilmiy asoslangan tarzda muntazam o‘rganib borishi va o‘rganish natijalarini iloji boricha baland ovozda jar solishi kerak. Demokratiya shaffofligi aslida shu bo‘ladi. Saylov oldi jarayonlarida bu juda muhim.

Jamoatchilik fikriga hurmat va e'tibor shumi?

Oldimizda bir katta umumso‘rov turibdi – saylovlar! Biz unda o‘z qarorimizni beramiz, bir nimalarni hal qilamiz. Har holda, shunga qaysidir ma'noda ishonamiz. Ammo biz shu qarorga qanday keldik? O‘zimiz ongli ravishda keldikmi? Umuman, qaror berdikmi yo bermadikmi?

Ushbu muhim savollarga javobni jamoatchilik fikrini o‘rganish orqali bilishimiz mumkin edi.

Afsuski, mana saylovlarga bir necha kun qolgada ham, qo‘limizda u yoki bu bloger tomonidan telegram kanallarida o‘tkazilgan, ilmiy asoslanmagan, xulosalanmagan «hashaki so‘rovnoma» natijalari bor, xolos.

E, uzr, unday emas ekan.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi 6 bosqichli saylovoldi so‘rovnomasi o‘tkazibdi.

Sentyabrdan dekabrgacha bo‘lgan muddatda 864 odam (!) ishtirokida telefon orqali (!!) o‘tkazilgan ushbu so‘rovnoma haqida siz bilarmidingiz? Men bilmasdim, masalan.

Shu maqolani yozish uchun izlanganimda, so‘rovnoma natijalari o‘zbek tilida «Ijtimoiy fikr» va XDP saytlarida ko‘rindi, xolos (rus tilida ko‘proq, bu ham ayrim xulosalarga yetaklaydi!). Bu ataylab qilinganmi yo bexosdan shunaqa bo‘lib qoldimi?

Aslida, jamoatchilik fikrini to‘g‘ri o‘rganib, natijalari e'lon qilib borilsa, bu saylov targ‘iboti uchun juda yaxshi ish bo‘lardi. Asosiysi, odamlar ularning fikri bilan qiziqishayotganini bilishardi, siyosiy jarayonlarga o‘zlarining daxldorligini his etardi, saylovda fuqarolarning faolligi oshardi. Negadir bu ish qilinmadi? O‘tkazilgan zaifgina so‘rovnomalar natijalari ham piar qilinmadi. Nega?

Partiyalarga ishonch darajasi qanday?

Mayli, qo‘limizda bor natijalar orqali xulosa qilishga urinib ko‘ramiz. O‘sha «Ijtimoiy fikr»ning piar qilinmagan so‘rovnomasida nima haqida gap boradi va u qanday xulosalarga yetaklaydi?

E'tirof etish kerak, «Ijtimoiy fikr» so‘rovnomasiga saylov oldidan o‘tkazilgan nisbatan ishonchli (ilmiy asoslanganligi, tajribali mutaxassislar tomonidan o‘tkazilganligi tufayli) manba sifatida qarash mumkin. Natijalar juda qiziq xulosalarga olib bormoqda.

So‘rovnomada respondentlarga 4ta muhim savol berilgan: 1) saylov jarayonini kuzatib boryapsizmi?; 2) saylov haqida qaysi axborot manbaidan ma'lumot olasiz?; 3) saylovlarda shaxsan o‘zingiz ishtirok etasizmi?; 4) agar saylov ertaga bo‘lsa, qaysi siyosiy partiyaga ovoz berasiz?

Shu savollar ma'lum vaqt oralig‘ida takror-takror, jami 6 marta, respondentlarga berib borilgan. Saylovlarga bir necha kun qolgani uchun meni asosan 3 va 4-savollar qiziqtirdi.

Saylovlarda ishtirok etish masalasida so‘nggi uch bosqich natijalarini ko‘rsak, odamlarning fikri progressiv, ya'ni o‘sib borgan. Boshida «ishtirok etmayman» deganlar ko‘p bo‘lsa, oxirgi bosqichga kelib «ishtirok etaman» deganlar soni ortgan.

Partiyalar reytingida esa sezilarli o‘zgarish yo‘q, birinchi o‘rinda doim XDP, ikkinchi o‘rinda O‘zLiDep va hokazo. Ammo oxirgi bosqichga qarab hamma partiyalarning reytingi tushib, «hali hal qilmadim» degan javob varianti ko‘rsatkichi ortib borgan.

Partiyalarning debatlardagi va turli chiqishlardagi qovun tushirishlari bunga sababmi yo boshqa narsami, bilmadim. Ammo natijalardan ko‘rinib turibdiki, partiyalarimiz siyosat o‘yinini o‘ynashni bilishmaydi, siyosatchilik qila olishmaydi, og‘izlarini ochishlari bilan, obro‘si tushib boryapti.

Bu bizdagi siyosiy jarayonlarning endigina tetapoya bo‘layotgan holati. Mana, jamoatchilik fikrini o‘rganish nima uchun kerak.

Saylovda qatnashish nima uchun muhim?

Shu o‘rinda «saylovga qatnashasizmi» degan savolga o‘z javobimni berib o‘tsam. Men propiskam bo‘yicha shaharning bir chekkasida, real yashash joyim boshqa chekkada bo‘lsa ham, saylovga boraman. Chunki hozir eng yomoni va bizdan ayrimlar eng ko‘p kutayotgani ham shu – befarqligimiz.

Internetda bo‘sh qolgan saylov byulletenlarini saylov uchastkasidagilar dastalab qutilarga tashlab qo‘yishayotgani, natijalarni soxtalashtirishda aynan saylovga kelmaganlarning ovozlaridan foydalanayotganliklarini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak (albatta, boshqa davlatlarda). Saylovga shaxsan qatnashish bizning demokratiyaga qo‘shgan hissamiz bo‘ladi, chunki bu saylovda ayrimlar amalga oshirmoqchi bo‘lgan kulrang sxemalarni buzish deganidir.

Saylovga boringlar, o‘zingizga ma'qul, ishongan odamlarga ovoz beringlar, chunki aynan shular ertaga narxlar oshishish, budjet tasdiqlanishi, kasalxona yo maktab qurilishi yoki lobbistlarga imtiyoz berilishi haqidagi qonunlarga ovoz beradi. Siz bilan bizning ixtiyorimiz yo ixtiyorsizligimizni shu deputatlar ifodalaydi. Siz davlatga emas, davlat sizga xizmat qilishini istasangiz, siyosatga befarq bo‘lmang.

Saylov kodeksiga ko‘ra, saylovga 1 kun qolganda jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalarini e'lon qilish mumkin emas. Demak, ushbu maqola bu masaladagi birinchi va balki oxirgi obzorlardan biri bo‘lar. Lekin bunday tadqiqotlar va xulosalar ko‘p bo‘lishi kerak. Chunki jamoatchilik fikriga quloq tutilmas ekan, g‘aflatda qolamiz. G‘aflat – eng yomon dushman. 

Mavzuga oid