O‘zbekiston | 12:50 / 20.12.2019
3615
9 daqiqa o‘qiladi

Ruslanbek Davletov: Asosiy erkinliklar – demokratik saylovlarni o‘tkazishning bosh sharti sifatida

Muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida «saylovlar orqali xalqimiz bugungi islohotlarimizga baho bersa, jahon hamjamiyati yangilanayotgan O‘zbekistonga baho beradi» deya ta'kidlab o‘tdilar.

Haqiqatan ham bugun yurtimiz muhim jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlar arafasida turibdi.

«Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar» shiori ostida o‘tayotgan mazkur jarayon mamlakatimiz siyosiy hayotidagi juda muhim voqealardan biri hisoblanadi.

Bizningcha, bu yilgi saylovlarning ahamiyati ikki jabhada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Birinchidan, mazkur saylovlar mamlakatimizda ulkan yangilanishlar boshlangandan buyon vakillik organlariga tashkil etilayotgan birinchi saylov hisoblanadi.

Ikkinchidan, saylovlar fuqarolarimizning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishga hamda siyosiy jarayonlarda xalqning faol ishtirok etishini ta'minlashga yangicha yondashuv va qarashlarning shakllanishi jarayonida bo‘lib o‘tmoqda.

Ma'lumki, so‘nggi uch yil ichida mamlakatimizda fuqarolarning Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, ularni himoya qilishga qaratilgan tub islohotlar amalga oshirildi.

Shundan kelib chiqqan holda Konstitutsiyamizda fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari, shuningdek ularning kafolatlarini amalda ro‘yobga chiqarishga ijobiy yondashuv shakllandi.

Ayniqsa, Konstitutsiyamizda belgilangan so‘z, fikr yuritish va uni ifodalash erkinligini chinakam ta'minlashga qaratilgan islohotlar o‘tgan uch yillik davrda jamiyatimiz hayotida ulkan burilish yasaganligi bugun amaliyotda o‘zining bevosita aksini topmoqda. Har bir shaxs o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqidan faol foydalanmoqda.

Joriy yilda bo‘lib o‘tayotgan saylovlarda bu yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Yana bir e'tiborli jihati ushbu saylovlar jahon tajribasi va ko‘p yillik milliy saylov amaliyotimizning eng ilg‘or natijalariga tayanib ishlab chiqilgan yaxlit hujjat – Saylov kodeksi asosida bo‘lib o‘tadi.

Kodeksdan o‘ttizdan ortiq ilgari amalda bo‘lmagan yangi norma va qoidalar joy olgan bo‘lib, ular saylovlarni umume'tirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora va shaffof o‘tkazishga xizmat qiladi.

Mazkur Kodeksning qabul qilinishi bilan saylovlar o‘tkazish tartibini belgilovchi beshta qonun va ularga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risidagi 17ta qonun o‘z kuchini yo‘qotdi. Pirovard natijada, saylov tizimini tartibga soluvchi yagona qonun hujjati yaratildi. Bu saylov huquqi kafolatlarining yanada mustahkamlanishiga erishish barobarida saylov qonunchiligini to‘g‘ri qo‘llashga imkon beradi.   

Jumladan, Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartirishlar va Saylov kodeksiga muvofiq ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovlarda o‘zlarining saylash huquqidan foydalanishlari mumkin bo‘ldi.

Natijada, bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ozodlikdan mahrum etilgan 1 ming 905 nafar shaxs ham ishtirok etishiga qonuniy imkoniyat yaratildi.

Saylovni o‘tkazish amaliyotida ham bir qator ijobiy qadamlar tashlandi. Xususan, bo‘lajak saylovlarda xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan fuqarolarimizning saylov huquqlarini kafolatlash uchun saylovchilarni oldindan elektron ro‘yxatdan o‘rin olishi uchun mazkur havola orqali murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, avvallari xorijiy davlatlarda yashayotgan fuqarolarimizning faqat konsullik hisobida turganlarigina ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan bo‘lsalar, endilikda xorijda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan fuqarolar, ularning murojaatlariga asosan xorijdagi saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi belgilandi.

Adliya organlari va muassasalari tomonidan ham saylov qonunchiligi bo‘yicha yangiliklar va o‘zgarishlarni keng jamoatchilikka yetkazish, fuqarolarning saylov jarayonida faol ishtirok etishlariga ko‘maklashish, ularning bu bo‘yicha asosiy huquq va erkinliklarini tushuntirish maqsadida targ‘ibot va tashviqot ishlari doimiy ravishda olib borilmoqda.

Xususan, adliya organlari va muassasalarining 450 nafardan ortiq xodimi joylarda aholi o‘rtasida saylov qonunchiligini targ‘ib qilish, saylov uchastkalari a'zolariga saylov qonunchiligi yuzasidan tushuntirishlar berish bo‘yicha ishlarga jalb qilindi. 

Adliya organlari va muassasalari tomonidan shu kunga qadar saylov qonunchiligini tushuntirish bo‘yicha 14 701ta targ‘ibot tadbiri tashkil etildi, shundan 10 744tasi davra suhbati, ma'ruza va seminarlar shaklida o‘tkazilib, 285 646ta buklet va flayerlar tarqatildi.

O‘tkazilgan uchrashuvlarning 2 543tasi mehnat jamoalarida, 4 281tasi mahallalarda, 1 555tasi ta'lim muassasalari hamda 2 365tasi boshqa manzillarda tashkil etildi. Shuningdek, 353 marta televideniyeda, 512 marta radioda, 2 562 marta gazeta, jurnal, saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, «Adliya saylovga chorlaydi» va «Adliya chorlovi» aksiyalari faol ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur aksiyalarda yuz mingdan ortiq saylovchilar qamrab olindi.

Ushbu tadbirlarda saylovlarda ishtirok etish fuqarolarning majburiyati emas, balki huquqi ekanligi, mamlakatimizning yanada ravnaq topishi, munosib nomzodlarning vakillik organlariga saylanishi ularning bergan ovozlariga bog‘liqligi, saylov huquqi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangani, undan foydalanish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani bo‘yicha zarur tushuntirishlar berib borilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari aholini saylovlarda faol bo‘lishga jalb qilish, saylov jarayonlarini yoritish, bu bo‘yicha to‘liq, to‘g‘ri va xolis axborotni yetkazishda muhim o‘rin tutishini inobatga olgan holda Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda jurnalistlarning saylov qonunchiligi bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash maqsadida seminar-treninglar tashkil etildi.

Shuningdek, saylovoldi targ‘ibotida e'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan ayrim jihatlarga to‘xtalib o‘tish lozim, chunki qonun talablariga qat'iy rioya etish har doim dolzarb vazifa hisoblanadi.

Masalan, saylovoldi targ‘ibotini o‘tkazish tartibini olsak, qonunga ko‘ra saylovoldi targ‘iboti saylovlarga 35 kun qolganda boshlanishi kerak. Shu bilan birga, bu yilgi saylovlarda partiyalar targ‘ibot-tashviqot ishlarini muddatidan avval boshlab yuborishdi. Turli mitinglar, fleshmoblar, debatlar tashkil etildi, ommaviy tadbirlar uyushtirildi.

Albatta, bu galgi saylovlar avvalgilaridan ko‘ra jonli va ko‘tarinki darajada o‘tyapti. Mazkur holat barchani quvontirishi tabiiy. Shuning ta'sirida partiyalarimiz ham o‘zgacha ishtiyoq bilan saylovoldi targ‘ibotiga kirishib ketishdi. Lekin bunda qonun talablaridan chetga chiqmaslik kerak. Masalaning shu tomoniga e'tiborli bo‘lish lozim.

Shu bilan bir qatorda, saylovoldi tashviqotlarida har bir partiyaga teng imkoniyat berish juda muhim. Saylov kodeksida har bir partiyaga tashviqot uchun ommaviy axborot vositalarida bir xil o‘rin berilishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Bosma nashrlar, radio va televideniyeda bu hajmni hisoblash va ushbu talabga rioya etish me'yorlari mavjud.

Biroq bu yilgi saylovlarda internetning va ijtimoiy medianing rivojlanishi fonida tashviqotlar virtual olamda ham jadal olib borilyapti. Demak, elektron ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ham bu borada qonun talablariga rioya etish masalasida e'tiborli bo‘lish talab etiladi.

Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash lozimki, oldimizda turgan saylovlarning har tomonlama yangicha ruhda, shaffof va haqqoniy o‘tishi, bunda inson huquq va erkinliklari hamda saylov qonunchiligiga qat'iy rioya etilishini ta'minlash bosh vazifa hisoblanadi.

Bu esa, o‘z navbatida, bevosita fuqarolarimizga ham uzviy bog‘liqdir, chunki ularning saylovlardagi faol ishtiroki birlamchi ahamiyat kasb etadi.

O‘ylaymizki, vatandoshlarimiz yurtimiz kelajagi va avlodlar oldidagi mas'uliyatlarini anglagan holda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib, bunday muhim siyosiy jarayonga befarq bo‘lmaydilar va unda faol ishtirok etadilar. 

Ruslanbek DAVLeTOV,

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri

Mavzuga oid