O‘zbekiston | 09:46 / 27.12.2019
5688
4 daqiqa o‘qiladi

Respublika oliy ta'lim kengashining faoliyat yo‘nalishlari belgilandi

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta'lim kengashini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda oliy ta'lim muassasalari rektorlari kengashi negizida nodavlat notijorat tashkilot shaklidagi Respublika oliy ta'lim kengashi tashkil etilgan.

Quyidagilar Kengashning faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

professor-o‘qituvchilar, talabalar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish, jamoatchilik va ish beruvchilarning fikrini o‘rganish hamda ilg‘or xorijiy tajriba tahlili asosida oliy ta'lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;

oliy ta'limni davlat tomonidan boshqarish tizimi samaradorligini, professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va ular tomonidan ta'lim berishda qo‘llanilayotgan ta'lim-tarbiya usullarini tizimli tahlil qilib borish;

ta'lim sifatini ta'minlash yuzasidan ta'sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu borada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish;

oliy ta'lim muassasalarining faoliyatida shaffoflik va xolislik tamoyillari to‘laqonli amal qilishini, korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarning barvaqt oldini olish hamda bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar va amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

oliy ta'lim tizimida kadrlar tayyorlash, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni maqsadli tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

oliy ta'lim sohasida xalqaro hamkorlik natijadorligini tizimli tahlil qilib borish, qo‘shma ta'lim dasturlari samaradorligini baholash, hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, chet ellik professor-o‘qituvchilar va xorijdagi vatandoshlarni oliy ta'lim tizimiga keng jalb etish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;

oliy ta'lim muassasalarining milliy va xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini muntazam ravishda tahlil qilib borish va ularning yillik o‘sish dinamikasini ta'minlash bo‘yicha tashkiliy masalalarda ko‘maklashish;

ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida respublika oliy ta'lim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash va takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish.

Kengash kotibiyati xodimlarining cheklangan soni 3 nafar etib belgilandi.

Kengash kotibiyati xodimlari mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha oliy ta'lim muassasasining professori lavozimiga tenglashtirildi.

Belgilanishicha, Kengash yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi.

Qorakalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tizimida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarga Kengash faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.

Quyidagilar Kengash faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

tizimida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Mavzuga oid