Eslatma: Zo‘ravonlik targ‘iboti uchun javobgarlik bor
Keyingi paytlarda bevosita yoki bilvosita zo‘ravonlik, shafqatsizlik to‘g‘risidagi materiallar OAV, internet saytlarida, ayniqsa, uning milliy segmentida ko‘payib qoldi.
Ajablanarlisi, ayni paytda afsuslanarlisi ham shundaki, ayrim markaziy nashrlar, media markazlar tomonidan tayyorlanib, efirga uzatilgan bir qator materiallarda zo‘ravonlik yoki shafqatsizlik faktlari namoyish etildi. Albatta, bu materiallarni tayyorlashdan maqsad buzuq bo‘lgan deyishga haqqimiz yo‘q. Bu materiallar, ehtimol, ko‘proq auditoriya yig‘ish, ma'lum bir hodisa, uning ishtirokchilari xatti-harakatlarini qoralash uchun tayyorlangandir. Lekin muammo shundaki, inson ongi axborotni turlicha qabul qiladi, tahlil etadi. Ba'zan tarqatilayotgan axborot teskari natija berishi, ayrim shaxslar ruhiyatiga salbiy ta'sir qilishi mumkin.
Qora targ‘ibot
Jumong haqidagi filmdan ta'sirlangan yosh bola o‘z qarindoshini pichoqlab qo‘ygan holatni eslaylik.
Ayrim nashrlarda qonga bulg‘angan pichoqning tasvirini keltirish oddiy holatga aylanib qoldi. Deyarli barcha yangilik tarqatuvchi internet saytlarda «Aurum 898» tungi klubidagi qotillik videosi tarqatildi. Buni tarqatishning o‘zi fojia, jinoyat emasmi? Qancha insonlar ruhiyati bundan zarar ko‘rdi. Bu vahshiylikni tarqatishning o‘zi vahshiylik-ku?
To‘g‘ri, mamlakatimizdagi nashrlar, umuman axborot sohasi o‘ziga xos transformatsiya jarayonida. Uni bo‘g‘ib qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Biroq axborot tarqatish sohasida ma'lum qoidalar bor, ularga amal qilishimiz darkor. Umuman, bu borada bizda ma'naviyatimiz, mentalitetimizning o‘ziga xos jihatlari hisobga olingan axborot madaniyati shakllantirilishi kerak.
Sobiq ittifoq Davlat xavfsizlik qo‘mitasida rais birinchi o‘rinbosarigacha lavozimlarda ishlagan Filipp Bobkovning «So‘nggi yigirma yil» nomli asarida shunday voqea keltiriladi. 70-yillarning o‘rtalarida Litvaning Kaunase shahrida yosh yigit o‘zini yoqib yuboradi. Kutilmaganda bu holat epidemiyaga o‘xshab keng tarqala boshlaydi: yoshlar o‘ziga benzin qo‘yib, yoqib yuborish holatlari, ayniqsa G‘arb jurnalistlari oldida ko‘payadi. DXQ agentlari uning sabablari, tashabbuskorlarini topish uchun rosa izlanishadi. Biroq ular natijasiz tugaydi. Shunda F.Bobkov bilan uchrashib qolgan Italiya kontrrazvedkasi vakili Italiyada ham shunga o‘xshash quyidagi voqea bo‘lganini gapirib beradi. Yosh, chiroyli qiz cherkovning abort masalasiga yondashuvi, umuman, jamiyatga alohida shaxslar tomonidan jabr-sitam o‘tkazilishiga norozilik sifatida o‘zini derazadan tashlaydi. U dabdaba bilan so‘nggi yo‘lga kuzatiladi. Shundan keyin yosh italiyalik qizchalar o‘rtasida binolarning derazasidan va tomdan tashlab o‘zini o‘ldirish ko‘payadi. Bu «qora seriya»ni to‘xtatish uchun davlat barcha choralarni sinab ko‘radi. Ammo samara bermaydi. Kunlardan birida o‘zini o‘ldirishga harakat qilgan qizlardan biri o‘lmay qoladi. Undan nega bunday qilganini so‘rashganda, qizcha hammani hayratga solib «bunday ko‘mish marosimlari qanday chiroyli» ekanligini aytadi.
Telbalik. Shunday emasmi? Shundan keyin Italiya hukumati barcha siyosiy qidiruv amaliyotlarini to‘xtatib, bunday ko‘mish marosimlarini juda tor doirada, qat'iy tartibda, ovoza qilmasdan o‘tkazish choralarini ko‘radi. Natija hayratlanarli darajada bo‘ladi, xuddi sehr qilinganidek bunday o‘z joniga qasd qilishlar to‘xtaydi. Shundan so‘ng DXQ ham bu usulni o‘zida qo‘llashga shoshadi. O‘zini yoqib o‘ldirgan shaxslarni siyosatga bog‘lamasdan, tergov qilmasdan, kamtarona ko‘mish tashkil qilinadi. Natijada o‘zini yoquvchilar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
Bu hikoyani keltirishdan maqsad ba'zan yomon xabar, qiliqlar qanchalik tez tarqalishi va shunga o‘xshashga harakatlar ko‘payishi haqidadir. Mamlakatimiz nashrlarida yoritilayotgan qotilliklar, o‘z joniga qasd qilishlar tafsilotidan keyin ayrim shaxslar shunga o‘xshash xatti-harakatni sodir etmasligiga kim kafolat bera oladi?
Dahshatdan dahshatlanmaslik sindromi
Psixologlarning fikricha, shafqatsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan videoroliklarning internet tarmoqlarida ko‘payib borishi, shubhasiz, inson psixikasiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bunday videoroliklarni surunkali ko‘rib borish esa inson tomonidan agressiv xulq-atvorni normadagi va maqbul xatti-harakat deb tushunishiga olib keladi. Bunday ko‘rinishdagi sahnalar insonlarning his-tuyg‘ularini susaytirib boradi, bu o‘z navbatida insonlar reaksiyasida shafqatsizlikka, zo‘ravonlikka bo‘lgan his-tuyg‘uni ham susaytiradi. Buning oqibatida shafqatsizliklar insonlarni shok holatiga tushirmay qo‘yadi va asta-sekin bu narsa ularga maqbul bo‘lib boraveradi. Ya'ni dahshatli, qo‘rqinchli va jirkanch narsalarga nisbatan tabiiy norozilik hissi o‘ladi, dahshatdan dahshatlanmaslik odati paydo bo‘ladi.
O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi boshqaruv raisi H.Mahmudova ushbu holatning yana bir ko‘rinishi bolalarda qo‘rquv tuyg‘usini paydo qilishida namoyon bo‘lishiga e'tiborni qaratadi. Bunday shafqatsizlikni ko‘rgan bolalarda uning farovon hayotiga tahdid soluvchi, butun dunyo shunday odamlardan mavjud degan fikrni keltirib chiqarishiga olib kelishi mumkin. Uning oqibati ularda dahshatli tushlarni ko‘rish, har xil yomon fikrlar paydo bo‘lishiga olib keladi, bu o‘z navbatida bola ruhiyatini qamrab olib, uzoq vaqt davom etishi mumkin. Bu esa bolalarda ijtimoiy moslashuvni keskinlashtiradi, xarakterda og‘ishlarni keltirib chiqaradi, emotsional-irodaviy jabhalariga tahlika soladi.
Zo‘ravonlikni targ‘ib qilganlik uchun javobgarlik bor!
Axborot to‘g‘risidagi barcha qonun hujjatlarida zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qilish qat'iy taqiqlangan.
Shu o‘rinda bu boradagi qonun hujjatlari normalarini o‘quvchilarga eslatib o‘tishni vazifamiz deb bildik.
O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunining 6-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalaridan zo‘ravonlik g‘oyalarini targ‘ib qilish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunning 121-moddasiga asosan veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan zo‘ravonlik va terrorizmni targ‘ib qilish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
«Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasida davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta'minlashning yo‘llaridan biri sifatida zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi g‘oyalarni o‘z ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlar qilish ekanligi mustahkamlangan.
Hatto o‘tgan yili kelajak avlodni, shu jumladan, zo‘ravonlik va shafqatsizlik ta'siridan himoya qilishga qaratilgan maxsus «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.
Bundan olti yil muqaddam bu borada Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 1891 va Jinoyat kodeksiga1301-moddalar kiritilib, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilandi. Bu normalar kiritilishining o‘ziga xos sabablari, asoslari bor.
Prezidentimizning 2017 yil 10 apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta'minlashda ularning mas'uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilishga qaratilgan tizimni rivojlantirish ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlari biri deb belgilangan.
Albatta, bu tizimni rivojlantirishni fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayni paytda jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyati yetarli emas. Ular, avvalo, bong urishi, keyingi paytlarda qonunchilik bilan ularga berilayotgan imkoniyat va vakolatlardan unumli foydalanishi zarur. Gap, birinchi navbatda, ularning jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi, davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida aynan zo‘ravonlik va shafqatsizlik targ‘ibotiga qarshi birgalikda kurashi haqida bormoqda.
Misol uchun, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi singari tashkilotlar bu borada faoliyatini kuchaytirishi zarur. Qolaversa, bu yo‘nalishda siyosiy partiyalarning faol bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Umuman, zo‘ravonlik va shafqatsizlik ko‘rinishlari mavjud, keng omma ko‘rishiga mo‘ljallangan barcha materiallar tarqalishi ustidan samarali davlat va jamoat nazorati tizimi shakllantirilishi bugungi kunning muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
X.Meliyev,
Adliya vazirligi mas'ul xodimi
Mavzuga oid
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
10:40 / 06.11.2024
Psixologik yordam ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi
20:57 / 31.10.2024
Sudanda 130 ayol jinsiy zo‘ravonlikdan qutulish uchun o‘z joniga qasd qildi
13:38 / 23.10.2024