O‘zbekiston | 16:41 / 21.01.2020
13550
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident topshiriqlari ijrosiz qolayotgani haqidagi maqolaga MIB munosabat bildirdi

14 yanvar kuni Kun.uz saytida “Majburiy ijro byurosining qonuni qachon qabul qilinadi? Prezidentning bu boradagi ikki topshirig‘i ijrosiz qolmoqda” nomli maqola e'lon qilingan edi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi ushbu maqolaga rasmiy munosabat bildirdi:

«Majburiy ijro byurosi organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Ushbu qaror bilan faoliyat samaradorligini oshirishda ancha yangiliklar qabul qilindi. Bu bir tomondan MIB faoliyatini shaffofligini yanada oshirib, ishdagi soddalashtirish tartiblari tatbiq etilishi bilan birga aholi uchun qulayliklar ham yaratildi.

Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev joriy yilning 12 mart kuni tasdiqlagan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4236-sonli Qarorning 9-bandida O‘zbekiston Respublikasining Ijro ishini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish belgilangan edi.

Ushbu Kodeks bugungi kunda MIB tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning qonunchiligimizdagi yangi kodeks sifatida qabul qilinishi kutilmoqda. Biroq, buning o‘ziga xos murakkab tomonlarini ham unutmasligimiz kerak.

Kodeks loyihasida ijro sohasidagi asosiy normativ-huquqiy hujjatlarning asosiy qoidalari, mazkur sohadagi asosiy huquqiy institutlar va ijro jarayoni tartibga solingan, majburiy ijro etish usullari yetakchi xorijiy tajriba asosida takomillashtirildi.

Ayni paytda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishga doir masalalar «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan tartibga solib kelinmoqda hamda ushbu qonun, oxirgi 3 yilda unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni inobatga olgan holda, bugungi kun talablariga to‘liq mos keladi. Ushbu qonunning 83 ta moddasi yoki qariyb 80 foizi o‘zgartirilgan», deyiladi Majburiy ijro byurosining munosabatida.

Rasmiy munosabatning to‘liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

Mavzuga oid