O‘zbekiston | 18:22 / 16.03.2020
3874
3 daqiqa o‘qiladi

Nodavlat notarial faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi

Faoliyat yuritayotgan davlat notarial idoralari notariuslariga xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyalar faqatgina ularning arizasiga asosan Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtirib beriladi.

Foto: Shutterstock

Nodavlat notarial faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan: 
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Xususiy notarial faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti;
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarni hisob ro‘yxatiga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Notarial okrugdagi notariuslar lavozimlarining eng kam sonini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjatda belgilanishicha, davlat notarial idoralari va xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan notarial harakatlar amalga oshirilganligi uchun undiriladigan davlat boji quyidagi tartibda taqsimlanadi:

80 foizi — tumanlar va shaharlar budjetlari daromadiga;
10 foizi — budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirishga;
10 foizi — xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning  bankdagi hisobvarag‘iga hamda tegishlicha adliya organlarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida jamlash yo‘li bilan davlat notarial idoralari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi va adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi va adliya boshqarmalarining murojaatlariga ko‘ra notarial harakatlar amalga oshirilganligi uchun undiriladigan davlat bojining tumanlar va shaharlar budjetlari daromadiga kelib tushadigan qismini 10 foizgacha kamaytirish orqali davlat bojining 20 foizgacha bo‘lgan qismini o‘zini o‘zi moliyalashtirish imkoniyati mavjud bo‘lmagan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tasarrufida qoldirish huquqi berildi. 

Qarorda belgilanishicha: 

davlat notarial idoralari notariuslarini tanlov asosida tayinlash tartibi saqlab qolinadi;

faoliyat yuritayotgan davlat notarial idoralari notariuslariga xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyalar faqatgina ularning arizasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtirib beriladi.

Mavzuga oid