Fan-texnika | 15:23 / 16.04.2020
8244
2 daqiqa o‘qiladi

Volkswagen’ning Germaniya va boshqa davlatlardagi zavodlari yana ish boshlaydigan bo‘ldi

Volkswagen’ning koronavirus epidemiyasi sababli ishlab chiqarish to‘xtatilgan boshqa mamlakatlardagi zavodlari ichida birinchi bo‘lib Slovakiya poytaxti Bratislavadagi zavod 20 apreldan ishga tushadi.

Foto: DPA

Germaniyaning Volkswagen avtokonserni kelayotgan haftadan ishlab chiqarish faoliyatini boshlaydi. Avtokonsernning ma'lum qilishicha, Tsvikkau shahridagi ID3 elektromobili ishlab chiqariladigan zavod 20 apreldan ishini boshlaydi. Volfsburg, Emden va Hannoverdagi zavodlar faoliyati 27 apreldan boshlanadi.

Volkswagen’ning koronavirus epidemiyasi sababli ishlab chiqarish to‘xtatilgan boshqa mamlakatlardagi zavodlari ichida birinchi bo‘lib Slovakiya poytaxti Bratislavadagi zavod 20 apreldan ishga tushadi. 27 apreldan Rossiya, Portugaliya, Ispaniya va AQShdagi zavodlar faoliyati tiklanadi. May oyi davomida JAR, Argentina, Braziliya va Meksikadagi zavodlar o‘z ishini boshlaydi.

Avvalroq Germaniya kansleri Angela Merkel mamlakatning koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan izolyatsiya rejimidan chiqish konsepsiyasini taqdim etgandi.

Ma'lum qilinishicha, maydoni 800 kvadrat metrgacha bo‘lgan nooziq-ovqat do‘konlari zarur sanitariya choralariga rioya qilgan holda faoliyatini boshlashi mumkin.

Shuningdek, Yevropaning yana bir davlati Daniya maktablar ochilishi va fuqarolarning harakatlanishi bo‘yicha ayrim cheklovlar olib tashlanishi haqida e'lon qildi. 

Dushanba kunidan Ispaniyada zavodlar faoliyati tiklandi. Seshanba kunidan Italiyada do‘konlar ochildi.

Mavzuga oid