O‘zbekiston | 17:05 / 19.04.2020
11863
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflarga qabul tartibi belgilandi

17 aprel kuni "Umumiy o‘rta ta'lim va ixtisoslashtirilgan maktablarda harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilindi.

Foto: KUN.UZ

Qaror bilan Umumiy o‘rta ta'lim va ixtisoslashtirilgan maktablarning harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma'lum qildi.

Nizomga muvofiq, ixtisoslashtirilgan sinflardan maqsad – umumiy o‘rta ta'lim fanlari doirasida harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchilarning chuqur ta'lim olishini ta'minlashdir.

Bu sinflarga maktablarning 6-sinfini muvaffaqiyatli yakunlagan, chuqurlashtirilgan fanlardan qobiliyatini ko‘rsata olgan o‘g‘il va qizlar tanlov asosida qabul qilinadi.

  • Nomzodlardan tegishli hujjatlar 1-20 iyul kunlari qabul qilinadi.
  • Jismoniy tayyorgarlik sinovlari 21 iyul – 5 avgust, tegishli fanlar bo‘yicha test sinovlari 15-25 avgust kunlari oralig‘ida o‘tkaziladi.
  • Jismoniy tayyorgarlik sinovlari yakunlari bo‘yicha 100 ballik tizimda 70 va undan yuqori ball to‘plagan nomzodlar test sinovlariga qo‘yiladi. 

Maktablarning ixtisoslashtirilgan sinflarida o‘qish muddati 5 yildan (7-11 sinflar) iborat bo‘ladi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan sinflarga 6-sinfni bitirgan 30 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Ma'lumot uchun, respublikadagi 56ta maktabda harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyat yuritmoqda. Bu sinflar 2017 yil 17 noyabrda qabul qilingan prezident qaroriga asosan tashkil etilgan.

Mavzuga oid