Jamiyat | 15:06 / 04.05.2020
6752
3 daqiqa o‘qiladi

MISiS: sirdaryoliklarning ruhiy holati ham e'tibor markazida 

Sirdaryoda viloyatidagi Sardoba suv omborida ro‘y bergan hodisa xalqimizni birlashtirib, odamlarning bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibatini yanada orttirmoqda. 

Yuzaga kelgan talafotlarni bartaraf etish maqsadida mamlakatimizning barcha hududlaridan ko‘mak karvonlari, hasharchilar va ko‘ngillilar kelishi davom etmoqda.

Xususan, 2 may kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimidagi ishchi-xodimlar, professor-o‘qituvchilar, volontyorlar Sardoba fojiasida jabr ko‘rgan oilalarga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida xayriya ishlarini boshlab yuborishdi. 

Ular tomonidan homiylar ko‘magida to‘plangan bir necha yuk avtomashinalarida kundalik ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan kartoshka, piyoz, karam, sabzi, un, go‘sht, yog‘, makaron, turli konserva va shirinliklar, shakar, tuxum, guruch, sut mahsulotlari va boshqa oziq-ovqatlar bilan birga issiq kiyim-kechaklar, ro‘zg‘or buyumlari, gigiyenik vositalar, badiiy kitoblar, o‘quv qurollari va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat “Saxovat karvoni” Sirdaryo viloyatiga yetkazildi.

Ushbu savobli ishlarning eng faol ishtirokchilari qatorida O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy universitetlar filiallarining xodimlarini, jumladan, Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS»ning (Rossiya Federatsiyasi) Olmaliq shahridagi filiali professor-o‘qituvchilarini ham kuzatishimiz mumkin. 

MISiS mutaxassislari Respublika ishchi guruhi faoliyatiga jalb etilib, joylarda vaqtinchalik ko‘chirilgan aholi muammolarini hal etishda samarali ishtirok etmoqda. Xususan, oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda turar joy ta'minoti kabi masalalar tezkorlik bilan o‘zim yechimini topmoqda.

Shu bilan bir qatorda aholi orasida tushkunlik kayfiyatining oldini olish maqsadida, MISiS vakillari yuqori malakali mutaxassislar ishtirokida joylarda keng tushuntirish ishlarini olib bormoqda, maxsus guruhlarda ijtimoiy psixologik treninglar tashkil qilmoqda. Yosh bolalarning ruhiy tiklanishlari uchun esa maxsus psixologik mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Shu kunga qadar jami mingga yaqin oilalar bilan targ‘ibot ishlari olib borildi. 

Yurtdoshlarimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularni ruhiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida MISiS vakillari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda stol tennisi, shaxmat-shashka sport turlari bo‘yicha bir qator musobaqalar ham tashkil etyapti.

Mavzuga oid