Light | 15:34 / 22.05.2020
24131
5 daqiqa o‘qiladi

«Yozda beshta kitob». Bill Geyts nima o‘qiyapti? 

Osushvit tajribasi, chigal syujyetga ega roman, Disney boshqaruvi, «buyuk gripp » va kambag‘allar uchun iqtisodiyot. Dunyoning eng boy kishilaridan biri keyingi uch oyda mana shu mazmundagi kitoblarni o‘qishni tavsiya etadi.

Foto: GatesNotes.com

Bill Geyts mutolaa qilgan yoki o‘qishni rejalashtirgan kitoblar ro‘yxatini an'anaga ko‘ra o‘z blogida e'lon qildi. U ko‘pincha o‘qish uchun tavsiya etadigan kitoblar ro‘yxatini yilning may va dekabr oyida e'lon qiladi. 

«So‘nggi paytda uchrashuv va suhbatlar COVID-19 masalasiga bog‘liq bo‘lmoqda. Infeksiya to‘lqinini to‘xtatib qolish ustida bosh qotirmoqdamiz», – deb yozadi pandemiyaga qarshi kurash frontida ilg‘or bo‘layotgan Gates Foundation jamg‘armasi asoschisi Bill Geyts. 

Uning ta'kidlashicha, joriy masalalarga qaramay, atrofdagilar undan mutolaa uchun tavsiyalar kutmoqda. Quyida Geyts 2020 yil yoz oylarida o‘qishni tavsiya etgan kitoblari ro‘yxati keltiriladi.

Edit Yeva Eger. «Tanlov. Odamning ichki kuchi va erkinligi haqida» 

Amerikalik psixoterapevt va yozuvchi Edit Yeva Eger Holokost voqealarining so‘nggi tirik guvohlaridan biri hisoblanadi. 1944 yili,  venger yahudiylarini ommaviy qirg‘in qilish davrida, 16 yoshli Yeva ota-onasi va singlisi bilan Osushvitga surgun qilinadi. Uning ota-onasi vafot etadi, biroq opa-singillar bir necha qiyinchiliklarni boshdan kechirib tirik qolgan. Yevaning aytishicha, uning konslagerdagi o‘liklar orasida chalajon yotganini amerikalik askar payqab qoladi.

Urush yakuniga yetib, oradan bir necha yillar o‘tgach, Yeva AQShda doimiy istiqomat qila boshladi. U tibbiyot yo‘nalishida psixologiya fakultetini tamomlab, San-Diyego shahrida o‘z kasbi bo‘yicha aholiga xizmat ko‘rsata boshladi.

Yeva 90 yoshida «Tanlov» kitobini yozgan. Geytsning fikricha, ushbu kitob shunchaki memuar asar emas, balki jarohatlar bilan ishlashda qo‘l keladigan yo‘riqnomadir. Muallif qiyin vaziyatlar, tushkunlikdan qutulish yo‘llari haqida yaxshi maslahatlar beradi, deb yozadi Bill.

Devid Mitchell. «Bulutli Atlas»

Bill Geyts Mitchell kitobi haqida ko‘p bora fikr bildirgan. U kitob syujyeti o‘ta og‘ir, mazmunan murakkab ekanini tan oladi.  «Bulutli Atlas»  kitobi oltita o‘zaro bog‘liq hikoyani birlashtiradi. Voqealar esa bir necha yuz yillar ichida sodir bo‘ladi.

Milliarder kitobxonga «Bulutli Atlas» ning birinchi hikoyasi yoqadi: u amerikalik yosh doktorning sarguzashtlaridan so‘ylaydi. Shaxsning barcha yomon va yaxshiligi haqida bilishni istasangiz, «Bulutli Atlas» ni qo‘lga oling, deya tavsiya beradi Bill Geyts.

Robert Ayger. «Hayot yo‘lidagi poyga»

Bob Ay ger - amerikalik mashhur ishbilarmonlardan biri, 2005 yildan buyon The Walt Disney Company direktori va prezidenti lavozimida ishlab keladi. Aynan Ayger kompaniyada katta islohotlarni o‘tkazgan, xususan uning boshqaruv davrida qilingan birinchi qarorlardan biri «Piksar»ni sotib olish bo‘lgandi.

 Geytsning ta'kidlashicha, Aygerning «Hayot yo‘lidagi poyga»  kitobi u so‘nggi yillarda o‘qigan biznes haqidagi eng yaxshi asarlardan biri sanaladi.

Jon Barri. «Buyuk gripp»

Biz umuman murakkab davrni boshdan kechiryapmiz, –deb so‘z boshlaydi Geyts,  ammo jarayonlarni yaxshiroq anglashni istasangiz, 1918 yilda yuz bergan «ispan grippi» haqida ko‘proq bilish zarur. 

«Bizni o‘sha voqeadan 100 yil ajratib tursa-da, Jon Barrining kitobi dunyoga xavf solib turgan ko‘p tahdidlarni aniq aytib bera oladi»,  –  deb yozadi Geyts.

Abhijit Banerji va Ester Duflo. «Yomon davr uchun yaxshi iqtisodiyot»

Abhijit Banerji va Ester Duflo  2019 yilda iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi uchun Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan. Ular kambag‘allikka qarshi kurash laboratoriyasi asoschilari hisoblanadi. Mualliflar kitobda ko‘p yillar o‘rganilgan tadqiqot va raqamlarni tahlil etadi. 

Ular kambag‘allikdan samarali qutulish yo‘llari haqida bilimlar bilan o‘rtoqlashadi. Shu bilan birga, kitobda bildirilgan fikrlar avom uchun juda jo‘n tilda bayon etilgan.

Mavzuga oid