Jahon | 00:46 / 24.05.2020
4492
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya muxolifati Jonsonning maslahatchisiga nisbatan surishtiruv boshlashni talab qildi

Avvalroq gazetalar Dominik Kammingsni mamlakatda koronavirus tarqalishi sababli joriy etilgan karantin rejimini buzganlikda ayblagandi.

Foto: DANIEL LEAL-OLIVAS

Buyuk Britaniyadagi muxolifatchi leyboristlar partiyasi bosh vazir Boris Jonsonning maslahatchisi Dominik Kammingsga nisbatan zudlik bilan surishtiruv o‘tkazishni talab qildi.

Bu haqda leyboristlar vakili Reychel Rivzning vazirlar mahkamasi kotibi Mark Sedvillga yuborgan maktubida aytilgan.

Avvalroq gazetalar Kammingsni mamlakatda koronavirus tarqalishi sababli joriy etilgan karantin rejimini buzganlikda ayblagandi.

"Britaniya xalqi umummilliy sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun jumladan o‘z oilalaridan uzoqda qolib muhim va og‘riqli qurbonlar berdi. Bunday vaziyatda hukumat aholini yuqori lavozimli shaxslar ham boshqa odamlar kabi o‘sha qoidalarga amal qilayotganiga ishontirish juda muhim", - deb yozgan Rivz.

Britaniya OAVning xabariga ko‘ra, Kammings mamlakatda odamlarga uylaridan chiqish va zarur hollarsiz safarga chiqish taqiqlangan karantin rejimi joriy etilgan vaqtda Londondan  400 km masofada joylashgan Darem shahriga ota-onasini ko‘rgani borgan. 

Qayd etilishicha, maslahatchi o‘sha paytda koronavirus simptomi bo‘lgani uchun o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishi kerak bo‘lgan. 

Avvalroq Kammingsda koronavirus simptomlari aniqlangani, bungacha esa uning ayoli kasallikka chalingani xabar qilingandi. U Daremga aynan qachon – koronavirus simptomlari aniqlanishidan avval yoki keyin borgani noaniq bo‘lib turibdi, ammo har ikki holatda ham karantin rejimi buzilgani haqida so‘z bormoqda.  

OAVning yozishicha, aynan Kammings umummilliy karantin joriy etilishining ashaddiy tarafdorlaridan biri bo‘lgan.

Mavzuga oid