Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashdagi kamchiliklar ma'lum qilindi
Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash masalalariga taalluqli qonunlar ma'nan eskirgan bo‘lib, ularni xalqaro talablarga mos tarzda qayta ko‘rib chiqish talab etiladi. Bu haqida Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichlari: muammo va yechim” mavzusidagi matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Ma'lum qilinishicha, dunyoda bir yilda 600 mln.ga yaqin kishida oziq-ovqatdan zaharlanish kuzatiladi. Zaharlanish holatlarining qariyb 10 foizi inson vafoti bilan tugaydi, 5 foizi bolalar ulushiga to‘g‘ri keladi. Oziq-ovqatdan zaharlanish holatlari O‘zbekistonga ham tegishli.
“Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bevosita ishlab chiqarish jarayonidan boshlanadi. Xomashyo va qo‘llanilayotgan texnologiya sifati, mutaxassislar malakasi, tayyor mahsulotni yetkazib berishdan avval xavfsizlik va sifat nuqtai nazaridan baholash jarayoni muhim rol o‘ynaydi. Mahsulot qanchalik yaxshi bo‘lmasin, xavfsizlik va sifat nuqtai nazaridan baholanmasa, uning xavfsizligini kafolatlangan deb bo‘lmaydi.
Xavfsizlikni baholashning birinchi bosqichi sinov laboratoriyalarida, ikkinchi bosqichi sertifikatlash idoralarida, yakuniy bosqichi inspeksiyalarda amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda 841ta muvofiqlikni baholash idoralari bo‘lib, ulardan 600ga yaqini sinov laboratoriyalari, 80tasi mahsulotlarni sertifikatlashtirish idoralari, 110ga yaqin metrologiya xizmatlari, 23ta sifat menejmenti tizimlarini sertifikatlash va 22ta inspeksiya idoralari hisoblanadi. Lekin ularning hammasining ham faoliyati xalqaro talablarga javob beradi deb ayta olmaymiz”, deya “O‘zstandart” agentligi akkreditatsiya markazi direktori Ansabxon Zokirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Anjumanda aytilishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichi nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham tan olinishi uchun xalqaro bozor talablariga muvofiqlashuv talab etiladi. Mahalliy sinov laboratoriyalarining regional bozorda tan olinishi uchun APAC tashkilotiga, xalqaro bozorda tan olinishi uchun esa ILAC tashkilotiga a'zolik talab etiladi. Natijada xalqaro bozorlarga to‘siqsiz, texnik bar'yerlarsiz kirib borish uchun sharoit yaratiladi.
“Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash yo‘nalishida respublikada ikkita hujjat – 1993 yilda qabul qilingan “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlash to‘g‘risida”gi va 2003 yilda qabul qilingan “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonunlar mavjud bo‘lib, ularni to‘liq qayta ko‘rib chiqish talab etiladi. Chunki yillar davomida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa-da, ular ma'nan eskirgan. Xalqaro standartlarning eng oxirgi versiyalarini qonunchilikda akslantirish lozim.
Dunyoda qabul qilingan standartlarni O‘zbekistonda ham joriy etish, mutaxassislarni shunga mos ravishda tayyorlash, soha qonunchiligini xalqaro talablarga moslashtirish oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash borasida hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolardir”, deya ta'kidladi Ansabxon Zokirov.
Mavzuga oid
13:41 / 02.11.2024
Toshkent viloyatida bolalar uchun berilgan oziq-ovqatni bog‘chadan olib ketayotgan mudira ushlandi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
10:59 / 20.10.2024
JSST salomatlik uchun xavfli bo‘lgan 5 turdagi oziq-ovqatlar ro‘yxatini e’lon qildi
11:40 / 18.10.2024