O‘zbekiston | 17:20 / 08.07.2020
27103
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarishning boshlanishiga daxldor insonlardan biri nafaqaga chiqdi

Yaqinda «Xorazm-shakar» MChJ Bosh direktori Srojiddinov Fazliddin Nuriddinovichni korxona jamoasi hurmat-ehtirom bilan nafaqaga kuzatishdi.

Fazliddin Srojiddinov 19 yildan buyon Ushbu korxonaga Bosh direktor lavozimida ishlab kelayotgan edi. 71 yoshini qarshilagan ustoz bugun jonajon ishxonasini shogirdlariga topshirib qarilik gashtini surmoqchi.

Aslida 1992 yildan buyon strategik oziq-ovqat hisoblangan shakar mustaqilligiga erishish bo‘yicha katta harakatlar boshlangan edi. F.Srojiddinov shundan buyon O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha olib borilgan ishlar boshida turgan insonlardan biri hisoblanadi.

1993 yil 3 noyabr kuni «Xorazm-shakar» zavodining birinchi poydevori qo‘yilgan edi. O‘sha vaqtlarda «O‘zoziqovqatsanoat» konsernida Rais o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Fazliddin aka shakar zavodining qurilishi uchun o‘zining bor imkoniyatlarini ishga solgan shaxslardan biri hisoblanadi.

Fazliddin aka kabi fidoyi insonlarning harakati sabab O‘zbekistonda ilk bor shakar zavodi qurildi. Shu yildan boshlab «Xorazm-shakar» zavodida lavlagidan shakar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Shundan buyon O‘zbekistonda shakar taqchilligiga barham berildi.

F.Srojiddinov 1949 yil Toshkent shahridagi Sag‘bon mahallasida tug‘ilgan. U faoliyatini «Glavtashkenstroy» trestida quruvchi-usta lavozimidan boshlagan. Fazliddin aka mustaqillik yillarigacha qurilish bo‘yicha ishlab oddiy ustachilikdan rahbar lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

1991 yildan boshlab esa roppa-rosa 10 yil «Oziqovqatsanoat» uyushmasida Rais muovini sifatida ishlab kelgan. Shu davr mobaynida yurtimizdagi shakar muammosini bartaraf etishga salmoqli hissa qo‘shib kelgan. F.Srojiddinov ushbu xizmatlari uchun 2009 yil «Mehnat shuhrat» ordeni bilan ham taqdirlangan.

2001 yildan boshlab esa «Xorazm-shakar» zavodida Bosh direktor bo‘lib ishlab kelayotgan edi. Ushbu sohada ko‘plab shogirdlar tayyorlab ustoz maqomiga erishdi. Ustoz inson hayoti davomida bir bor bo‘lsa ham egalik qilishga haqli bo‘lgan nafaqa tomon ko‘plab shogirdlar qurshovida yo‘l olmoqda.

Korxona ham ustozning xizmatlarini munosib taqdirlagan holda kuzatar ekan, tajribaga boy ustozning maslahatlariga muhtoj ekanliklarini ham yashirishmadi. Albatta, F.Srojiddinovning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi 30 yillik tajribasi yoshlarga hali juda zarur bo‘ladi. Shu bois korxona rahbariyati ustozning tajribalaridan unumli foydalanish maqsadida Fazliddin Srojiddinovga «Xorazm-shakar» MChJda Bosh direktor maslahatchisi lavozimi ham taklif qilindi.

«Xorazm-shakar» MChJ matbuot xizmati

Mavzuga oid