Qozog‘istonda koronavirus bo‘yicha mojaro: insonparvarlik yordamlari sotilgan bo‘lishi mumkin
Shu kunlarda Qozog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq mojaro yuzaga keldi. Qozog‘istonlik blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari farmatsevtlarni mamlakatga dunyoning turli davlatlaridan insonparvarlik yordami sifatida kelgan dori-darmon va tibbiy anjomlarni sotib yuborishda ayblashmoqda.
Masalan, Ayjan Hamid o‘zining feysbukdagi sahifasida «Tamiflyu» dorisi haqida bir nechta post joylashtirgan. Uning xabar berishicha, tanishi «Tamiflyu» dorisini dorixonadan 9 ming tengega (21 dollar) sotib olgan. Dori qutisida RX belgisi va NDC qadoqlash raqami yozilgan bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu belgi va raqamlar AQShda sotiladigan dori-darmonlarda qo‘llanadi. Shu bilan birga, blogerning ta'kidlashicha, qozoq tilidagi izoh ushbu dorining qutisiga tasma bilan biriktirib qo‘yilgan.
Shundan so‘ng, Qozog‘istonning Tengrinews.kz sayti mamlakatga kirib kelayotgan insonparvarlik yordamlarini tarqatishga mas'ul bo‘lgan «SK-Farmatsiya» kompaniyasiga murojaat qilib, masala yuzasidan izoh so‘ragan. Kompaniya xodimlari «Tamiflyu» dori vositasi Qozog‘istonga «SK-Farmatsiya» MChJ orqali insonparvarlik yordami sifatida qabul qilinmaganini ma'lum qilgan.
Bu orada feysbukda Nargiz Severnaya nomli foydalanuvchi «SK-Farmatsiya» MChJga murojaat tarzida yo‘llangan boshqa bir xabarni joylashtirdi. U kechki payt hammayoq yopilganidan so‘ng o‘zi yashaydigan shahar dorixonalaridan biriga yashirincha dori-darmon to‘plami yetkazib berilganiga guvoh bo‘lgani haqida yozgan. Ba'zi qutilarda Qatar Airways aviakompaniyasi stikerlari bo‘lgan. Post muallifi dori-darmonlar solingan bu qutilar 21 may kuni Qozog‘istonga Qatardan yuborilgan insonparvarlik yordami tarkibida bo‘lishi mumkin degan shubha bildiradi.
«Shimollik Nargiz»ning shubhalariga parlament spikeri o‘rinbosari Vladimir Bojko javob berdi. U o‘z postida Nargiz Severnayadan hodisa qaysi shaharda, qaysi ko‘chada va qaysi dorixonada yuz bergani haqida so‘raganini, Nargiz Severnaya esa unga javob bermasdan savolini o‘chirib yuborganini yozgan. Post so‘ngida Bojko qozog‘istonliklarga murojat qilib, bunaqa yolg‘on gaplarga ishonmaslikni so‘ragan.
Nargiz Severnayaning postiga javoban «SK-Farmatsiya» MChJ qabul qilinadigan barcha insonparvarlik yordamlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda qabul qilishini, so‘ng buyurtma varaqasini tuzib, hududlar bo‘yicha teng taqsimlashini bildirdi. Bundan tashqari, ushbu kompaniya homiylardan keladigan turli tibbiy mahsulotlarni tashish bilan ham shug‘ullanishini ma'lum qilgan.
Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga qarshi kurash boshlangandan beri AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Hindiston, BAA va Pokiston kabi mamlakatlardan, Qozog‘istondagi eng yirik (Abdilrahim, «Kazatomprom», «Bayer Kazaxstan», TOO «Teknolodjiz Kazaxstan», TOO A.N.P., TOO ABMG Expert) kompaniyalaridan, shuningdek, dunyoning ko‘zga ko‘ringan (Alibaba Fondation, Sandoz, «AstraZenenka(Usi) Treyding Ko, Ltd» UNISO, Miniso, China Construction Bank, Abdilrahim Turkey) kabi kompaniyalaridan insonparvarlik yordamlari kelgan.
«Qozog‘istonga yuborilgan barcha insonparvarlik yordamlari, koronavirusga qarshi kurashda ishtirok etadigan tibbiy muassasa va tashkilotlarga tarqatish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi orqali uning mintaqaviy boshqarma hamda bo‘limlari o‘rtasida taqsimlanadi.
Biroq 11 may kunidan boshlab mamlakatda karantin cheklovlari yengillashtirilgandan so‘ng insonparvarlik yordamlarini tarqatish operatorining vazifalari ham yakunlandi. Qatardan Qozog‘istonga yuborilgan insonparvarlik yordami esa 2020 yil 21 may kuni yetib kelgan. Bu vaqtga kelib karantin cheklovlari tugatilgani sabab «SK-Farmatsiya» MChJ ortiq insonparvarlik yordamlarini tarqatish bilan shug‘ullanmayotgandi.
Bundan tashqari, Qatardan kelgan tibbiy asbob-uskunalarga yuklarni yetkazib berish hujjatlari, shuningdek, tibbiy vositalarni bir martalik olib kirishga ruxsat olish uchun zarur bo‘lgan tovarlarning sifatini tasdiqlovchi hujjatlar, majburiy ruxsatnoma hujjati taqdim etilmadi. Yuqoridagi hujjatlarsiz mamlakatda tibbiy vositalardan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Shu munosabat bilan «SK-Farmatsiya» MChJ Tashqi ishlar vazirligiga barcha kerakli hujjatlarni taqdim etish masalasini ko‘rib chiqish uchun so‘rov yubordi», deyiladi «SK-Farmatsiya» bayonotida.
Kompaniya bergan ma'lumotlarga ko‘ra, tibbiyot vositalari va asbob-uskunalarini bir martalik olib kirish uchun ruxsatnoma kompaniyaga 2020 yil 25 iyunda berilgan. 4 iyulda esa sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘iga binoan «SK-Farmatsiya» MChJ yana insonparvarlik yordamlarini tarqatish operatori etib tayinlangan.
«Barcha kerakli hujjatlarni olgandan so‘ng, insonparvarlik yordami sifatida kelgan tibbiy mahsulotlar hududlar bo‘yicha teng taqsimlandi. Ayni paytda ular yagona distribyutorning omborlarida saqlanyapti va sog‘liqni saqlash bo‘limlariga jo‘natishga tayyor. Saqlash omborlari videokuzatuv tizimlari bilan jihozlangan hamda u yerga kirib chiqayotgan tibbiy tashkilotlar xodimlari va mashinalari qat'iy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Olingan mahsulotlar va ularning hisob-kitoblari tekshirilib, so‘ng javobgar shaxslarga topshirish hamda qabul qilish dalolatnomalari imzolanadi», deyilgan kompaniya izohida.
«SK-Farmatsiya» MChJ kompaniyasi Qatardan Qozog‘istonga kelgan insonparvarlik yordami sifatida aynan nima kelganini ma'lum qilgan. Ularning ma'lumotlariga ko‘ra, Qatardan qariyb 500 ming dona turli o‘lcham va turdagi tibbiy himoya niqoblari, yana maxsus himoya kiyimlari, himoya ko‘zoynaklari kabi tibbiy jihozlar kelgan.
Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari «SK-Farmatsiya» MChJ bergan javobdan Qatardan kelgan insonparvarlik yordami 50 kun davomida omborlarda saqlanganini bilib, Qozog‘iston SSVni yanada ko‘proq tanqid qila boshlashdi.
Bu orada, Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan «SK-Farmatsiya» MChJda audit tekshiruvlari o‘tkazilishi va tekshiruvlar 31 iyulgacha davom etishi ma'lum qilindi. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati qozog‘istonliklarga murojaat qilib, «SK-Farmatsiya» MChJ faoliyati bilan bog‘liq qonun buzilishlariga duch kelishsa, zudlik bilan tegishli organlarga xabar berishni so‘ragan.
Ijtimoiy tarmoqlarda xorij davlatlaridan yuborilgan insonparvarlik yordamlari dorixonalarda sotilishi qattiq muhokama bo‘layotganda mamlakat prezidenti televideniye orqali qilgan chiqishida davlat organlari ham xatoga yo‘l qo‘yishi mumkinligi haqida gapirdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining fikricha, To‘qayev o‘shanda nomini tilga olmagan bo‘lsa-da, aynan «SK-Farmatsiya» MChJ bilan bog‘liq mojaroni nazarda tutgan.
Ko‘p o‘tmay prezident «SK-Farmatsiya» rahbarini ishdan oldi. Prezident dori-darmon ishlab chiqarish bo‘yicha ham ko‘rsatma bergan. «Ko‘plab dorilar va tibbiyot anjomlarini Qozog‘istonda ishlab chiqarish masalasini hal qilishimiz kerak. Axir qachongacha importga qarab o‘tiramiz, bizning g‘ururimiz qayoqda qoldi?», degan Qozog‘iston prezidenti.
Ma'lumot uchun, 21 aprel kuni bosh vazir qarori bilan Sharip Berik Sharipuli «SK-Farmatsiya» boshqaruv raisi etib tayinlangandi.
Mavzuga oid
15:30
Qozog‘istonga yo‘lbarslar qaytarilmoqda. Ular bundan 70 yil avval yo‘qolib ketgandi
09:40 / 12.11.2024
«Forish» poligonida O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiy mashg‘ulotlari boshlandi
20:54 / 11.11.2024
Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi
20:06 / 11.11.2024