Jahon | 23:31 / 20.07.2020
53349
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy O‘zbekistonga koronavirusga qarshi vaksinani sinash bo‘yicha hamkorlikni taklif qildi

O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Baxtiyor Saidov va «Sinopharm Group» boshqaruvi raisi Lyu Tszinchjen o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida shu haqda ma'lum qilindi.

Illustration: REUTERS / Dado Ruvic

Muzokaralar joriy yil 7 may kuni ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Si Tszinpin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot chog‘ida yangi turdagi koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish masalalari yuzasidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida o‘tkazildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri Shuhrat Umirov.

«Sinopharm Group» rahbari bilan uchrashuv chog‘ida COVID-19 pandemiyasi sharoitida farmatsevtika sohasida, dorivor o‘simliklar xomashyosini qayta ishlash va O‘zbekiston hududida dori-darmon vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni hayotga tatbiq etish borasidagi ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi. 

Lyu Tszinchjenning bildirishicha, hozirgi paytga qadar koronavirusdan himoya qiladigan vaksina klinik sinovlarining ikki bosqichi muvaffaqiyatli o‘tgan. Bu «Sinopharm Group» - “Xitoy milliy biotexnologiya guruhi” (China National Biotec Group, CNBG) bo‘linmalaridan biri - «Sinopharm Group» guruhi tomonidan ishlab chiqilgan inaktivlashtirilgan va rekombinant vaksinadir.

Tanaga kiritilganidan keyin inaktivlashtirilgan vaksinaning ta'sir qilish muddati 2 yil va undan ko‘proq muddatni tashkil qiladi. Bugungi kunda Xitoy hududida 50 mingdan ko‘proq kishi  vaksina qabul qilgani ma'lum. Joriy yil iyul oyida vaksinani ommaviy ravishda ishlab chiqarish maqsadida Pekinda ikkinchi yirik zavodning qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Buning natijasida mamlakatning ishlab chiqarish quvvati ikki barobarga oshgani holda yiliga 200 mln dozaga yetdi. Birinchi ana shunday zavod Uxan shahrida qurilgan edi.

Lyu Tszinchjenning ma'lum qilishicha, yaqinda XXR aholisi o‘rtasida klinik sinovlarning oxirgi, ya'ni uchinchi bosqichi boshlangan. Bir paytning o‘zida sinovlar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik doirasida Birlashgan Arab Amirliklarida ham o‘tkaziladi. Unda 15 ming nafar kishi ishtirok etadi. Shuni hisobga olib, korporatsiya rahbari O‘zbekiston hududida ham ana shunday sinovni o‘tkazishni taklif qildi.

Muzokaralar chog‘ida COVID-19 kasalligi bilan kurash olib borishda birgalikdagi sa'y-harakatlarni mustahkamlash va farmatsevtika jabhasida o‘zaro hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishildi. Xitoy kompaniyasi so‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda yaratilgan farmatsevtika industrial zonalari hududlarida qator istiqbolli qo‘shma loyihalarda sarmoyaviy sherik sifatida faoliyat olib borishga tayyor ekanligini bildirdi.

Ma'lumot uchun, «Sinopharm Group» kompaniyasi 1998 yili tashkil etilgan. Bugungi kunda mazkur guruh Xitoy Xalq Respublikasidagi eng yirik farmatsevtika kompaniyasi hisoblanadi. Uning tasarrufidagi 1400ta bo‘limda 200 mingdan ziyod xodim faoliyat ko‘rsatadi. 2019 yili kompaniya daromadlarining umumiy hajmi salkam 72 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Kompaniya vaksina tadqiqotlari va uning ishlanmalari uchun 140 million AQSh dollaridan ziyod miqdorda mablag‘ ajratgan.

Koronavirus keltirib chiqaradigan kasalliklarni davolash uchun «Sinopharm» 91 xil turdagi dori-darmon vositalarini ishlab chiqaradi, ularning ijobiy samarasi 94 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, korporatsiya o‘zining COVID-19 kasalligini aniqlaydigan testlarini ham ishlab chiqqan. Ular nafaqat Xitoyda, balki butun dunyoda keng qo‘llanilmoqda.

Mavzuga oid