Shavkat Rahmonning siri. Shoirni yodga olib
Ba'zi kishilarga nisbatan, «Shu odamning qandaydir siri bor, suroni bosadi», deyishadi. Shoirlar ichida ham ana shunday sirli shaxslar bo‘ladi. Ularga ro‘para kelganingda o‘zingni yig‘ishtirishga, gaplaringni taroziga solib so‘ylashga, xullas, jiddiyroq ko‘rinishga beixtiyor urinasan. Bu jihat mazkur odamning kelbati, sahti-sumbati bilangina bog‘liq emas.
Xo‘p, Shavkat Rahmonning siri, salobati nimada edi?
* * *
Ustoz Shavkat Rahmonni birinchi marta 1988 yil avgust oyida «Do‘rmon»da o‘tkazilgan yosh ijodkorlar seminarida ko‘rganman. Omadim chopib, u kishi rahbarlik qilgan guruhga tushib qolibman. Omadimga bir quvonsam, chig‘iriqdan o‘tamanmi-yo‘qmi deb o‘n qayg‘uraman. Seminarda Shavkat akadan tashqari Omon Matjon, Usmon Azim, Xurshid Davron, rahmatli Azim Suyun va yana ko‘plab she'riyat yulduzlari ishtirok etgandi. Hozir nom chiqargan tengdoshlarimning aksari o‘shanda kashf etilgan. Ayniqsa, do‘stimiz G‘ulom Mirzoning o‘ynoqi va o‘ziga xos latif she'rlari toza shov-shuv bo‘lgandi.
Men o‘zimcha uslubiy tajribalar qilib, goh Muhammad akalarga, goh yapon xoykulariga taqlidan mashqda yurgan paytlarim edi. Lekin men eng original shoir deb, albatta, Shavkat Rahmonni tan olardim. Ochig‘ini aytsam, uning tug‘yoni baland, qofiyalari chiyralgan she'rlariga o‘xshatib yozishni xayolimga keltirolmasdim. Shoir so‘zlarining keskirligi, qirradorligi, milliyligi menda havas uyg‘otgani aniq.
Tobora tushlarim qiziq tus olar,
Tobora qisqarar qush tushlariday.
Ko‘pincha uchaman, uzoq uchaman
Shundoq teraklarning uch-uchlarida...
Shu bilan birga, jasorat balqib turgan ruhi butun she'r egasining g‘oyibona salobatini ham his qilib turardim.
Qur'a e'lon qilinib, guruhlar ajralgach, birdan ko‘nglimda Shavkat Rahmondek ulug‘ shoir mening ramaqijon bitiklarimga qanday munosabat bildirar ekan, harholda, taqlidimni ilg‘ab qolib, «Siz, bolajon, yaxshisi, boshqa yumush payida bo‘ling, dard ham, darmon ham yo‘q», devorsa-chi, degan hadik bosh ko‘tardi. Farg‘onada kursdoshlarim bilan «eng urfdagi shoir» deb Shavkat Rahmonni bilardik, «Uyg‘oq tog‘lar» kitobini aksarimiz yod olgandik. Toshkentga yo‘lga chiqayotganimda ko‘pchilik qizlar ustozdan dastxat olib keling, deb kitoblaridan bervorishgandi.
O‘sha davrda shoirlar bugungi blogerlar vazifasini ham o‘tab, turli ijtimoiy muammolarni ko‘tarib chiqardi. Hozir she'riyat qanchalik «o‘z ko‘ngli»ga kirib ketgan bo‘lsa, unda ko‘ngilga uradigan darajada bozorbop mavzular qofiyaga solinardi. To‘g‘ri, u she'rlarning ko‘pchiligi bugun o‘qilmaydi, eslanmaydi ham. Lekin iste'dod («Bir ming bir yuz bir shoir» she'rida uqtirilganidek) har qanday muhitda ham o‘lmas asarlarini yozaverar ekan.
Shavkat Rahmonning ijtimoiy muammolar aks etgan she'rlari bugun ham o‘qilmoqda, yod olinmoqda. O‘ylaymanki, ertaga ham shunday bo‘lajak! Muammo eskirishi mumkin, davr o‘zgarishi aniq, lekin samimiy, beg‘araz so‘z san'atkorining qalb og‘rig‘i yuragi bor odamga ta'sir qilaveradi.
Masalan, «Yovga ters qaragan musulmon emas!» degan hayqiriq yoki «Har qachon musulmon – millatim dedim», singari ingroq, «She'r yozib o‘ltirar lashkarboshilar»dek shivir vijdoni sog‘ odamni uxlatmasligi kunday ayon. O‘zbekning achchiq qismati, turkiylarning birlasha olmaslik fojiasi haqida bitilgan she'rlari... O‘zgan, O‘sh manzaralari, Baroko‘h poyida yashab, tog‘ga bir bor chiqmagan inson kechinmalari... bari-bari qanchalar zaharolud badiiyat bilan chizilgan mangu suratlardir...
* * *
Seminarning har kunida o‘nga yaqin yosh ijodkorning she'rlari tahlil qilinardi. Mening ham 50-60ta mashqlarim jamlangan qog‘ozjild uch kundan beri stolning ustida. Uning tepasidan jild olingan sari mening yelkamni yuk bosadi («Hukm kutayotgan mahkumman, hukm kutishga mahkumman»). Nihoyat navbat yetdi. Azim jo‘ka poyida, suvi tiniq tortgan ariq labida yuragimni yutib turibman. Go‘yo gunoh ish qilib qo‘ygan odamdek behalovatman. Hatto ketvorsammikan, obro‘ borida qochvorsammikan, degan o‘y ham yo‘q emas.
Lekin Shavkat Rahmon o‘ziga xos sokin, tashqaridan qaraganda hayajon begona ovoz bilan yozganlarimni tahlil qilib, o‘zimga ham tushuntirib qo‘ydi (Ustozning sharhlari so‘zma-so‘z esimda qolgan, ammo hozir yozsam, nokamtarlik ko‘rinadi). Gapini «Shu bolaning izlanishlari ma'qul», deb yakunladi. Endi tushunsam, bu – katta shoirning havasmand ukaga marhamati, o‘qisang, izlansang yaxshi shoir bo‘lishing mumkin, degan ishorasi ekan. Men qizarib-bo‘zarib, so‘zsiz bosh irg‘ab turaverdim. Siri bosdi-da, suroni bosdi-da ustozning...
* * *
O‘zbek she'riyatiga boshqa xalqlarning daholari ta'sirini adabiyot tarixi ixlosmandlari yaxshi biladi. Masalan, o‘z vaqtida Muhammad Fuzuliy Qo‘qon adabiy muhitigacha juda kuchli ta'sir o‘tkazib, qipchoq qavmiga mansub bo‘lgan aksar ijodkorlar ham menni ban, etmasmidim so‘zini etmazmidim deb ozar lahjasida yozishgacha borgan.
Zamondosh Rasul Hamzat o‘z xalqini ko‘klarga ko‘tarib, tili, tutimlari haqida juda baland she'rlar yozdi. Va bu she'rlar sobiq sho‘ro davrida juda keng targ‘ib qilindi, chunki bu munosabat o‘sha davr siyosatining bir bo‘lagi edi. Ya'ni mayda millatga ham bizda bag‘rikenglik bor, ular o‘z tilini, urf-odatini, tilagini bemalol bayon etishi mumkin, degan iddao bor edi. Rasul og‘aning o‘ziga xos ijodiy jasorati sho‘ro ittifoqi miqyosida keng tarqalib, ko‘p qatori bizning ijodkorlarga ham yuqqani yaxshi ma'lum («Rasul she'ri uchdi ko‘p yiroq, Qanotida kumush diyori» kabi dastlabki variantlar bejiz yaralmagan).
Keyin qozoq va turk eli shoiri O‘ljas Sulaymonning ijodi, izlanishlari, turkiylar va ularning tarixi haqidagi ommabop fikrlari juda shuhrat topdi. O‘ljasning Alibek oqin to‘g‘risidagi she'rlari, irchi ruhidagi qo‘shiqlari o‘zbek shoirlarining yangi qirralari ochilishiga sabab bo‘ldi.
Agar har qanday shoirning ijodiga chuqur tushib borilsa, o‘zan qayerdan suv olayotganini bilish qiyin emas. Faqat... Shavkat Rahmon bundan mustasno. U mabodo boshqa manbadan ta'sirlangan bo‘lsayam, iste'dodi onqadarkim, mavzuni o‘ziniki qilib halollab olgan, o‘zbekning do‘ppisini boshiga kiyg‘izib, shohi qiyiq bog‘lab yuborgan.
Uning she'rlaridagi ohangni qarang, xuddi saman ot tuyog‘i bilan bulutlarni to‘zg‘itib, moviy kengliklarda uchib ketayotgandek, go‘yo ulug‘vor dengiz dolg‘a urib tebranib turgandek, go‘yo bel bog‘lagan qamishlar bir to‘qay bo‘lib shovullayotgandek, darada yirik-yirik tomchilar yomg‘ir shaklida to‘kilayotgandek, butalar hosil qilgan chaman yo‘laklar oralab oq ro‘mol sirg‘alib borayotgandek taassurot uyg‘otib, dimog‘ingga o‘sha lahzalar iforini tutadi...
* * *
Har bir shakllangan shoirning o‘z tayanch nuqtasi bo‘ladi. Shavkat Rahmonning o‘sha jon joyi — iymon edi. Istagan she'rni olib qaraydigan bo‘lsak, iymon sadolarini, Bilol aytgan azonlar jimirlashini, changak vijdon tomirlari qiynoqlarini, ta'qib qilinayotgan e'tiqodning yig‘isini ilg‘ash mumkin.
Shavkat Rahmonning siri, suroni, salobati ana shunda edi!
* * *
Men Shavkat aka bilan birga ishlab, suhbatlaridan bildimki, bu odam iymoni salomatligi sabab hammaga ishonar, barchani o‘zidek ozodako‘ngil bilarkan. Qarab tursam, Shavkat Rahmon bizning davrga allaqaysi pokdomon zamonlardan adashib kelib qolgandek ko‘rinardi.
Shoir so‘zlarni qayraydi. Shoirni nima qayraydi? Dardmi, qayg‘umi, fojiami, tuhmatmi? Iste'dodni qaysi tuyg‘u toblaydi o‘zi? Inson tabiati hayratlanarli darajada murakkab. Sening qarshingda turgan odam aslida butunlay boshqa kimsa bo‘lib chiqishi tabiiy holdek ko‘rinadi.
Saksoninchi yillarda shov-shuv ko‘tarilib, shing‘ovi Farg‘onaning paxta paykallarigacha yetib borgandi. «Nima deysan, Shavkat Rahmonning ustidan bir guruh iste'dodsizlar, g‘alamislar tuhmat, bo‘htonlardan iborat xat yozibdi. Shunday millatparvar shoirni yomon ko‘radiganlar ham bor ekan-da?»
U paytdagi o‘smir aqlimiz hali insonni yaxshi tanimaganidan iztirobu tanglikda qolgandik. Keyinroq Shavkat Rahmonning «Yumaloq xat yozmas go‘zal giyohlar» satri ko‘p isbotini topdi. Katta iste'dodlar hamisha tepadagilarga noqulay shaxs hisoblangan. Turkiylar birligi yo‘lida Chingiz Aytmatovga kamarbasta bo‘lgan, Turkiston assambleyasi kotibi, o‘jar shoir Shavkat Rahmon oqimga halaqit bera boshlagandi. Yumaloq xat bahona uni ishsiz qoldirishdi.
* * *
Shavkat Rahmonga noming o‘chgur dard yopishib, to‘shakka yotqizib qo‘ygan paytlar «Do‘rmon»dagi dalahovlisiga ko‘p bor yo‘qlab bordik. Ochig‘i, bu yo‘qlash men uchun juda og‘ir kechardi. Qilichday yigitning chorasiz ahvolini ko‘rish juda og‘riqli edi.
Bir kuni darvozadan kirib borsak, u kishi karavotda yotar, rahmatli Muhammad Rahmon va yana birovlar so‘rida o‘tirib, gurunglashardi. Biz ham salom-aliklashib, davraga qo‘shildik.
Tepadagi so‘ritok shabbasi oralab Shavkat akaning yuziga quyosh parchasi tushib qoldi. Muhammad Rahmon «Karavotni soyaga surib qo‘yinglar», deb bizga yuzlandi. Bosh tarafdan men, u yondan yana kimdir ko‘tardi. Men salobatli o‘sha Shavkat Rahmonni ko‘taryapman, degan xayolda kuch bilan dast tortibman. Go‘yo karavotda hech kim yo‘qdek, shoir dard chekaverib ukparday yengil bo‘lib qolgan ekan. O‘shanda ichimda bir narsa o‘pirilgandek bo‘ldi. Shavkat Rahmon mening o‘yimdan xabardor, iztirobimdan boxabar, ammo yuz-ko‘zi xotirjam, nigohlari sokin edi.
Ko‘p o‘tmay «Shavkat Rahmon olamdan o‘tdi», degan yuraklarni larzaga solgan shum xabar tarqaldi...
Janozaga juda ko‘p odam yig‘ildi...
(«O‘limga bosh egdim qo‘rqqanimdanmas, Hurmat qilganimdan boshimni egdim»).
Keyin... qabristondan qaytishda odamlar bir-birining ko‘ziga qarolmayotgandek tuyuldi. Hamma o‘zini nimadadir aybdor deb his qilayotgandek. Balki, shunday adl odamga munosib millatdosh bo‘lolmagani, chaqiriqlariga javob berolmaganligi uchun boshi xam bo‘lib, ko‘zlari quyi engandir...
Balki, ulug‘ shoirning bizga noma'lumligicha qolgan siri hammamizning yelkamizdan baravar bosgandir...
Iqbol Mirzo, O‘zbekiston xalq shoiri.