Koronavirus pandemiyasi davrida ayrim toifa xodimlarni ishdan bo‘shatish mumkin emas
Karantin choralari amal qilish davrida ayrim tashkilotlarda ish o‘rinlari qisqarayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Kun.uz pandemiya davrida qisqartirishga tushgani sabab ishdan bo‘shatilayotgan xodimlarga o‘z huquqlarini eslatib o‘tadi.
Kun.uz tahririyatiga fuqarolardan karantin vaqtida «sokrashcheniye»ga tushgani, ish beruvchi tomonidan: «O‘z xohishing bilan ariza yoz, yo‘qsa «statya» bilan bo‘shataman», degan tahdidlar bo‘layotgani haqida murojaatlar kelib tushmoqda.
Ta'kidlash kerakki, ish beruvchilar uchun koronavirus pandemiyasi davrida mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha ayrim vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatilgan.
Xususan, 2020 yil 19 martdagi prezident farmoniga muvofiq:
- koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan;
- karantinga joylashtirilgan;
- 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi (uning o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) bo‘lgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi (Mehnat kodeksining 100-moddasi) bilan bekor qilish taqiqlanadi.
Ya'ni ish beruvchi yuqoridagi toifalarga taalluqli bo‘lgan xodimlarni «qisqartirish»ga tushgani yoki malakasi yetarli bo‘lmagani sababli, hattoki ular o‘z mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzgan yoki o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzgan taqdirda ham ishdan bo‘shatishi mumkin emas.
Aytish kerakki, yuqoridagi normani 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi (uning o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) bo‘lgan xodim koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan bo‘lishi kerak, deb noto‘g‘ri talqin qilmaslik zarur.
Bordi-yu, ish beruvchi yuqoridagi toifalardan biriga taalluqli xodimni ishdan bo‘shashga (ariza yozishga) majbur qilsa-chi?
Oliy sud Plenumining 1998 yil 17 apreldagi «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida»gi 12-sonli qaroriga ko‘ra, mehnat shartnomasini bekor qilishga xodim shu korxonadagi ishni haqiqatda tashlab ketish istagini bildirgan yozma arizasiga binoan yo‘l qo‘yiladi. Shuningdek, sud da'vogarning mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani ish beruvchining qistovi natijasida bergani to‘g‘risidagi vajlarini sinchkovlik bilan tekshirishi lozim.
Mehnat kodeksining 111-moddasiga ko‘ra, agar xodim arizani ish beruvchining qistovi natijasida berganini da'vo qilib chiqsa, mehnat shartnomasi bekor qilinishining asosliligini isbotlab berish majburiyati ish beruvchi zimmasiga yuklatiladi. Ushbu holatda ish beruvchi xodimni ishdan bo‘shatishning asosliligini isbotlab bera olmasa, sud xodimni ishga tiklaydi.
Mehnat kodeksining 270-moddasiga ko‘ra, g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan yuqoridagi toifa xodimlar mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab bir oy ichida ish beruvchi joylashgan hududdagi fuqarolik sudiga da'vo arizasi kiritishlari mumkin. Ushbu muddat uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan taqdirda, sud muddatni qayta tiklashi mumkin.
Mehnat kodeksining 112-moddasiga ko‘ra, xodim ishga tiklanganda ish beruvchi zimmasiga xodimga yetkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatiladi.
Zararni qoplash:
- majburiy progul vaqti uchun haq to‘lash;
- mehnat shartnomasi bekor qilingani yoki xodim boshqa ishga o‘tkazilgani ustidan shikoyat qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar (mutaxassislardan maslahat olish, ish yuritish uchun ketgan xarajatlar va boshqalar) uchun kompensatsiya to‘lash;
- ma'naviy zarar uchun kompensatsiya to‘lash kabilarni o‘z ichiga oladi.
Ma'naviy zarar uchun to‘lanadigan kompensatsiyaning miqdori ish beruvchining xatti-harakatiga berilgan bahoni hisobga olib, sud tomonidan belgilanadi, lekin bu miqdor xodimning oylik ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Xodimning iltimosiga ko‘ra, sud ishga tiklash o‘rniga uning foydasiga (yuqoridagi kompensatsiyalardan tashqari) kamida uch oylik ish haqi miqdorida qo‘shimcha haq undirib berishi mumkin.
Ma'lumot uchun, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga asosan, mehnat huquqlari munosabatlaridan kelib chiqadigan talablar yuzasidan da'vogarlar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Muhammadamin Karimjonov, TDYuU o‘qituvchisi.
Abbos Salaydinov, huquqshunos.
Mavzuga oid
15:53 / 07.11.2024
Yaponiya va Polshaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi
11:30 / 31.10.2024
Uch hududda fuqarolarni xorijga ishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi
07:50 / 26.10.2024
O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 5,1 mln so‘mdan oshdi
10:20 / 21.10.2024