O‘zbekiston | 18:29 / 12.11.2020
30084
17 daqiqa o‘qiladi

Yana go‘sht mavzusi. Soha vakillari ishtirokida katta suhbat

Go‘sht qimmat. Bu mavzu so‘nggi yillarda tez-tez muhokamalar markazida bo‘lib turibdi. Narx yuqoriligining turli sabablarini faol iqtisodchilar aytib kelishmoqda. Xo‘sh, bu borada sohaning bevosita vakillari – chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan, omuxta yem ishlab chiqarayotgan tadbirkorlar, veterinariya va chorvachilik mutaxassislari qanday fikrda?

Kun.uz go‘sht narxi mavzusida tadbirkorlar Telman Adizov, To‘lqin Eshnazarov, Akbar Doniyev, chorvador Sharof Shodiyev hamda Navbahor tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Zafar G‘ulomov bilan suhbatlashdi.

Quyida soha vakillari bildirgan fikrlar umumlashtirilgan holda keltirib o‘tiladi.

Omuxta yem rostan ham qimmatmi?

Omuxta yem masalasini Yevropa yoki Amerika bilan emas, yonimizdagi davlatlar bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, qimmat deyilayotgan omuxta yemni Afg‘onicton, Qirg‘iziston, Tojikistonga O‘zbekistonda sotayotgan narximizda eksport qilyapmiz. Ular bizdan olib borib, yana 20 foiz QQS va boshqa to‘lovlarni to‘lagan holda shu yemdan foydalanyapti. Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikistonda bizga nisbatan yem qimmatroq.

O‘zbekistonda yem ishlab chiqarish yo‘nalishida katta ishlar qilingan bo‘lsa-da, oxirgi nuqtaga yetib bordik, deb aytishga hali vaqtli. Hali ko‘p ishlashimiz kerak. Ko‘p xatolar bor, qilinmagan, tushunmagan ishlarimiz anchagina. Bu sohada mutaxassislar yetishmaydi.

Sohani monitoring qilganmiz. Misol uchun, biz sotayotgan omuxta yem xomashyosining 70-80 foizi chet eldan – Qozog‘iston, Rossiya, Boltiqbo‘yi davlatlaridan keladi. Shu bilan birga, Qozog‘istonda bu borada katta ishlar qilingan bo‘lsa-da, biz ishlab chiqarayotgan omuxta yemni, laboratoriyada tekshirtirib, narximizni o‘rgangach, eksport qilishimizni so‘rayapti.

Bunga sabab nima? Qozog‘istonda bizning mahsulot muqobili 300 dollar atrofida, bizda 240–250 dollar atrofida. Yemning tarkibi, xomashyo uning ichiga qo‘shiladigan mahsulotlar asosan chet eldan olib kelinishiga qaramasdan, bizda ish kuchi arzon, xarajatlar past, gaz va elektr narxlari ulardagidek baland bo‘lmagani uchun biz arzonroq sota olamiz. Shuningdek, biz oz foydaga qanoat qila oladigan millatmiz. Shuning uchun ularda bizdan ko‘ra narxlar qimmatroq.

Akbar Doniyev

Qozog‘iston yoki Qirg‘iziston chorvaga qimmat yem bera oladi. Sabab?

Sababi, ularda aholi boshiga to‘g‘ri keladigan chorva soni juda ko‘p. Shuningdek, ularda chorva taqriban sentyabr oyigacha yaylovda yuradi. Yaylovlardagi o‘t-o‘lanlar odambo‘yi keladi.

Qozog‘istonning Chimkent viloyatiga borib o‘rganganimizda, o‘tlar juda balandligini ko‘rganmiz. Bizning Qibrayda ham «Mayskiy» degan joyda o‘t-o‘lan balandroq bo‘ladi. Lekin O‘zbekistonning ichki hududlariga kirib boraversangiz, o‘t-o‘lan yo‘qolib boradi. Xususan, Navoiy viloyati yaylovini oladigan bo‘lsak, iyun oyida qo‘y va mollar uchun yaylovda yeyishga hech nima qolmaydi.

O‘zbekiston chorvachiligida urg‘u yemga beriladi

Go‘sht narxi haqida fikr bildirgan odamlarning omuxta yemga ko‘p urg‘u berayotganining sababi nimada? Nega omuxta yem qimmat bo‘ldi, go‘sht qimmat bo‘ldi deb yurishadi? Chunki O‘zbekistonda mol va qo‘yni boqib, bo‘rdoqi holatiga yetkazish uchun urg‘u, asosan, omuxta yemga beriladi. Beda va shunga o‘xshash ko‘k o‘tlar juda kam. Shrot, bug‘doy, arpa kabilarni aralashtirib berib, chorvani semirtirishga harakat qilishgani bois, ko‘proq pul shunga ketib qoladi.

Taqqoslash uchun, bozorda bitta press beda Toshkent atrofida 24 ming so‘m sotilyapti. Uning ichida 9 kilogramm beda bo‘lib, 1 kg bedaning o‘rtacha narxi 2670 so‘mga to‘g‘ri keladi. Unda oqsil deyarli yo‘q yoki 2 foiz bo‘lishi mumkin. Beda tarkibidagi karotin qurib tugagan bo‘ladi. Uglerod ham yo‘q. Shuning uchun beda qo‘y yoki molning o‘sishiga ahamiyatli ta'sir etadigan mahsulot emas. Ammo 1 kg beda 2670 so‘mdan tushsa, press somonning narxi – 2500 so‘m bilan deyarli bir xil. Ammo uning umuman kaloriyasi yo‘q. Qoramolning qornini to‘ldiradi, lekin uni o‘stirmaydi. Shuning uchun molga yem berish zarur bo‘ladi.

Dalada o‘t yo‘qligi, ko‘kalamzor hudud kam bo‘lgani uchun asosiy urg‘u yemga beriladi va yemning narxi ozgina – 50 so‘mga ko‘tarilsa ham odamlar yem qimmat bo‘ldi, deb vahima qiladi. Demak, yem-ozuqa, ya'ni molni o‘stirish uchun oqsil ko‘p qo‘llanilarkan, bu yerda boshqacha variant yo‘q.

Yaylovlar yo‘q, bori ham achinarli holatda

Yaylovlar juda ham achinarli holatda, chorvani o‘stirish uchun omuxta yem bermasa bo‘lmaydi, bu esa O‘zbekiston sharoitida qimmatlik qilyapti. Agar Qozog‘istondagi kabi yaylovlar talabga javob berib, yirik yoki mayda shoxli mol yaylovda o‘tlab o‘ziga kerakli ozuqani olganida, 4-5 kg omuxta yem berish yetarli bo‘lar edi.

Chunki Qozog‘istonda bir bosh qoramolga 5 kg.gacha yem beriladi. O‘zbekistonda o‘rtacha 8 kg. Chorvador go‘sht narxini 57-58 mingdan past sotsa, u foyda qila olmaydi.

Ko‘kalamzorlashtirish, yaylovlarni tuzatish – yillab davom etadigan ishlar. Shuning uchun bugungi kunda yemning narxini yanada arzonlashtirish, balki davlat tomonidan omuxta yem ishlab chiqaruvchilarga subsidiya, dotatsiya berish masalasini o‘ylab ko‘rib, joriy qilish kerak.

Logistika: 2800 km = 1800 $. 24 km = 850 $

Aslida, omuxta yem tannarxini pasaytirishda ishni birinchi bo‘lib transport xarajatlari, jumladan, temiryo‘l transportini arzonlashtirishdan boshlash maqsadga muvofiq bo‘lar edi. O‘tgan yil shu haqda juda ko‘p gapirildi. Ammo aytganlarimiz negadir aks samara bermoqda.

Qozog‘istonning Petropavlovsk shahri bizdan 2800 km uzoq. Qozog‘iston O‘zbekiston tadbirkori uchun 1800 AQSh dollariga 2800 km joydan vagon keltirib beryapti. Endi o‘tgan yili o‘sha vagonning Sariog‘ochdan 24 km bo‘lgan Qibraydagi Qodiriya bekatiga yetib kelishi 7 million 300 ming so‘m edi.

Qozog‘iston temiryo‘llari 1 km uchun 65 sent olayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston temiryo‘llari ko‘rsatgan xizmat haqi uchun 1 kmga 35 dollar olayotgandi.

Bu – O‘zbekiston temiryo‘lining O‘zbekiston tadbirkorini tahqirlashi, deb o‘ylayman. Bu qo‘llab-quvvatlash emas. Qozog‘iston bizga qilayotgan muruvvat, bizda tahqirlash bo‘lyapti.

To‘lqin Eshnazarov

Biz kilometriga 35 dollar to‘laganimizdan keyin yemning tonnasiga kamida 15-20 dollar pul qo‘shilyapti. Natijada 1 kg yem 200–300 so‘mga qimmatlashadi, chorvador 1 kunlik yem uchun 2000-3000 so‘m ortiqcha pul to‘laydi. Temiryo‘l narxi o‘tgan yili 7 million 300 ming bo‘lsa, bu yil uni 8 million 600 ming qilib qo‘yishdi. Shuning barobarida temiryo‘lda yuk tashish narxi borgan sari oshib boryapti.

Chorvachilikni amalda qo‘llab-quvvatlash ko‘zga tashlanmayapti

Qishloq xo‘jaligini, xususan, chorvachilikni haqiqatan, amalda qo‘llab-quvvatlash ko‘rinmayapti. Prezident sohalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qarorlar chiqaryapti. U ham temiryo‘lchi, ham chorvador bo‘lolmaydi. U qarorni beradi, uning qo‘l ostidagilar qarorni mukammallashtiradi, sohalarga yo‘naltiradi, ijro etadi. Agar ular yo‘naltirmasa, soha rivojlanmay qolaveradi.

Nazarimizda, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashni temiryo‘ldan boshlash kerak.

Yana yaylov haqida

Qo‘y-mol boqishni tajribadan o‘tkazib kelyapman. 730 gektar yerda 800ta qo‘y boqyapman. Lekin 3 oy ichida dashtda o‘t qolmaydi. Qolgan mavsumlarda xashak, yemni sotib olaman. Yem bilan boqilayotganiga qo‘ylar yiliga 2 marta qo‘zilayapti. Buning mehnati og‘irroq, ammo samarasi bor.

Hammada qo‘y yiliga 1 marta tug‘adi. Biz yemni, xashakni ko‘paytirib, cho‘ntakdan xarajat qilganimiz bois, 1 kg go‘sht 60 ming so‘m bo‘lsa, xarajatlarimizni qoplaydi va foyda ko‘ramiz.

Chorvani uzog‘i iyul-avgustgacha dashtda boqish mumkin, u yog‘iga yem berilmasa, ozib ketadi. Ozg‘in mol ko‘p kasallanib, qirilishni boshlaydi. Molning tirik qolishi, bolasining yaxshi tug‘ilishi uchun unga sifatli yem berish kerak.

Chorvachilik uchun yer ajratilsa, qishga zaxira qilish mumkin

Chorvachilik uchun ekin yer ajratilsa, qishga zaxira qilib xashak to‘plash mumkin. Ammo Navbahor tumanida bunga imkoniyat yo‘q, faqat fermerlar yeri atrofidagi xashak yoki yantoqlarni o‘rib, sotib olamiz. 9 oy xarid qilib, shuni xashakning o‘rniga ishlatamiz.

Telman Adizov

Navbahor tuman hududida 1 bosh qo‘yga 2,5 gektar ajratiladi. 730 gektarda 300 bosh qo‘y boqishim kerak. Lekin 800 bosh qo‘y boqyapman. Agar maydon kengroq bo‘lsa, yaxshi bo‘ladi, ammo shunda ham molga yem berish kerak. Yem berilmasa, qo‘ydan 1 yilda 1 marta bola olish mumkin. 1 yil buning orqasida mehnat qilgan odamlarga oylik to‘laysiz. Shuning uchun 2 marta qo‘zilasa, foydasi yaxshiroq bo‘ladi.

Bo‘rdoqichilik komplekslarini rivojlantirish zarur

Go‘sht narxini tushirish masalasida ma'muriy usullar foyda bermaydi. Davlat hokimiyati vakili qassobning boshida turib, go‘sht narxini nazorat qilishi, narxni belgilashi muammoni yechmaydi va bu juda kulgili holat. Bu yerda talab va taklif muvozanatiga erishish kerak.

Alohida ta'kidlash kerakki, yilbo‘yi cho‘pon qaramog‘ida dashtda yurgan chorva ko‘zlangan natijani bermaydi. Chunki yaylovda boqilgan qo‘yning darajasi iste'moldagi go‘sht sifatini berolmaydi. Shuning uchun joylarda bo‘rdoqichilik komplekslarini tashkil qilib, dashtda yurgan qo‘ylarni xarid qilib, omuxta yem berish orqali 3-4 oyda kerakli darajadagi semizlikka yetkazish mumkin.

Nega qorako‘lchilik?

Ko‘pchilik qorako‘lchilikni rivojlantirish deganda qorako‘l terisini ko‘paytirishni tushunadi. Hozirda jahon bozorida qorako‘l terisi talab yuqori mahsulot emas. Shu bois O‘zbekiston hududida aslida umumiy ma'noda qorako‘lchilik deyiladi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ya'ni gap bu yerda chorvachilik, qo‘y masalasida ketyapti.

Bu atamani mayda shoxli mollar ham deyish mumkin edi, ammo chiroyliroq chiqishi uchun qorako‘lchilik deyilgan bo‘lishi ehtimol. Bu yerda asosiy maqsad teri, jun, go‘sht yetkazib berishga ahamiyat berish, hammasiga kompleks yondashishdir.

Subsidiya, subsidiya va yana bir marta subsidiya

Jahon tajribasida istalgan davlatda qishloq xo‘jaligi, xususan, chorvachilikni rivojlantirish sohaga subsidiya ajratish bilan bo‘ladi. Bizda ham, misol uchun, har bir kilogramm yetishtirilgan go‘sht uchun 4000–5000 atrofida subsidiya berilsa. Bu – davlat budjetidan xarajatdek ko‘rinishi mumkin, ammo unga sarflangan pul aylanib kelib ko‘proq daromad keltiradi. Buni iqtisodchilar yaxshi hisoblab chiqa olishadi.

Sharof Shodiyev

Hozirda O‘zbekistonda go‘shtni ma'muriy boshqarishdan boshqa tizimning o‘zi yo‘q. Davlat go‘sht narxini ma'muriy-buyruqbozlik yo‘li bilan emas, subsidiya berish bilan nazorat qilsa foyda beradi.

Yuqorida aytilganidek, dala-dashtda yurgan qo‘y yetarli darajada semiz emas. Bo‘rdoqichilik majmualari ularni xarid qiladi, boqadi, lozim bo‘lsa, kasalini davolaydi. Natijada go‘sht hajmi ortadi, bitta qo‘y 30 emas, 50 kg go‘sht qiladi. Qolaversa, semiz qo‘ydan chiqadigan jun va teri ham sifatli bo‘ladi. Uni sotib, qayta ishlab daromad topish mumkin.

Statistikada 500 qo‘y amalda 2000 qo‘yga tengmi?

Statistikaga qarasangiz, uy xo‘jaliklarida 90 foiz tirik vazndagi go‘sht yetishtiriladi deyilgan. Bu qanchalik to‘g‘ri, bilmayman. Uy xo‘jaliklari go‘sht yetishtirib, foydasini ko‘ryapti. Ammo biz go‘sht yetishtirish atrofidagi yo‘ldosh mahsulotlarni pulga aylantira olmayapmiz. Bu yo‘lga qo‘yilsa, chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi odamlarga foyda.

Shu bilan birga, ayrim fermerlar 2000 bosh qo‘yi bo‘lsa ham 400 bosh deb ko‘rsatib qo‘yadi. Chunki ularga raqamning haqiqiysini ko‘rsatishning qizig‘i yo‘q. Ular na bankka pul topshiradi, na chorvaning juni, terisini qayta ishlashni ham bajarolmaydi. Sohaga subsidiya joriy qilinsa, barcha narsa shaffoflashadi. Raqamlarni yashirsa, manfaatni yo‘qotadi.

Chorvachilikda davolovchi yemlar zarur

Chorvador fermerlarning saviyasini oshirish kerak. Ba'zi fermerlar qo‘yni boqishni bilaman deydi, ammo yaylovda yurgan qo‘yni olib so‘yadi. U nari borsa 20 kg go‘sht qilishi mumkin. Chorvachilikda semiz, o‘rta semiz va oriq iboralar bor. Bularning har biri yana uchga bo‘linadi. Lekin dashtdagi cho‘ponlar bunga e'tibor qaratmay, chorvani oriq paytida so‘yadi. Ishiga ilmiy yondashmaydi.

Zafar G‘ulomov

Omuxta yem ishlab chiqarish zavodiga boib, yemga baliq moyi, vitamin va minerallar qo‘shilayotganini ko‘rdim.

Chorvani kasalliklarga qarshi emlashda unga yuboriladigan dorining tanasiga kirishi to‘liq bo‘lmasligi mumkin, vitaminli yemlarda esa barcha ozuqa bo‘lib, chorvaning tanasiga singishi aniq bo‘ladi. Bundan tashqari, jahon tajribasida chorva uchun davolovchi yemlar ishlab chiqarish bor. Molga dori yuborish uchun uni quvib ushlaganda yoki yiqitganda homilasiga ta'sir qilishi mumkin. Bo‘rdoqiga boqiladigan qo‘yga qo‘lda dori berilsa, u o‘sha kuni 200-300 gramm vazn tashlaydi. Davolovchi yemlar ishlab chiqarilsa, bu jarayonda qiyinchilik bo‘lmaydi.

Qo‘y terisi va juni qayta ishlash talabiga mos emas

Go‘shtni ko‘paytirish, chorvani ko‘paytirishga ilmiy jihatdan yondashilmasa, samara bermaydi. Shu bilan birga, eskicha usullarda ishlash ham davr talabiga mos kelmaydi. Bitta qo‘yga 2,5 gektar yer berilib, almashlab boqish imkoniyati bo‘lsa, fasllar bo‘yicha yaylovlarni almashtirish imkoni berilsa, reja bilan ish qilinsa, chorvaning terisi va junining sifati o‘zgaradi.

Hozirda junlar mikroskopda ko‘rilsa, tolasi yorilib yotibdi. Chunki junga ham vitamin kerak. Ozg‘in moldan olinadigan teri, jun hech narsaga yaramaydi.

Chorvachilikda jun va terini qayta ishlash va eksport yo‘lga qo‘yilsa, cho‘ponning oyligi bilan fermer xo‘jaligiga ketadigan xarajatlarni qoplasa, olinadigan foyda go‘shtdan bo‘ladi. Foyda katta bo‘lsa, fermer ham go‘sht narxini arzonlashtirishga harakat qiladi.

Xulosa o‘rnida

Chorvachilikni rivojlantirish maqsad qilingan ekan, chorvador fermerlarga taqdim etilajak yer, yem-xashak masalasini, ularni qanday ishlab chiqarish, narxni arzon qilish, bo‘rdoqichilik klasterlari tashkil etish, veterinariya xizmatlarini to‘g‘ri tashkil etish zarur bo‘ladi. Aks holda, barchasi quruq gapdan boshqa narsa bo‘lmaydi.

Demak, sohani rivojlantirish uchun logistikadan boshlab, subsidiya, yaylovlar masalasi va xo‘jaliklarda boqiladigan qo‘y yoki qoramolga yordam berish masalasini ko‘rib chiqish kerak.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.

Mavzuga oid