Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni pastligicha qolayotganiga izoh berdi
Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining 2020 yilning to‘qqiz oyi davomida Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Muhokamalar davomida senator Malika Qodirxonova bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovdan hisobotda alohida faoliyat turlariga litsenziya va ruxsat berish tartibi qisqargani ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Biznesni yuritish indeksi bo‘yicha 190ta mamlakat orasida Qurilishga ruxsatnomalar olish indikatorida 132-o‘rinda, Xalqaro savdo indikatorida esa 152-o‘rinni egallab turgani bo‘yicha izoh so‘radi.
«Lisenziyalash bo‘yicha qiladigan ishlarimiz ko‘p. Ko‘p choralar ko‘rishimiz kerak. Haqiqatan ham xalqaro reytinglarda qurilish, xalqaro savdo sohasida o‘rinlar hamon juda past. Shuning uchun litsenziyalash to‘g‘risidagi yangi tartibni kiritmoqchimiz. Shunga binoan bu ishlarni davom ettirib, o‘ylaymizki, qurilish, savdo-sotiq sohasida reytinglarimizni yaxshilab olamiz», deya Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Bosh vazir o‘rinbosarining fikriga ko‘ra, reytinglar yuritilishining asosiy maqsadi – odamlar, tadbirkorlar faoliyatini osonlashtirishdan iborat.
«Reyting bu kim uchundir emas. Reytingda ko‘tarildik, degani bizning odamlar, tadbirkorlarga oson degani. Bularning har biri bo‘yicha savol beriladi.
Reyting o‘z qiymatiga ega. Masalan, kecha Moliya vazirligi yevrobond chiqardi. Yevrobond chiqarishdan avval biz Standard & Poor's, Fitch reyting agentliklari bilan har olti oyda suhbat o‘tkazamizda, reytingimizni tasdiqlaymiz.
Misol uchun, 100ta mamlakatda reyting bo‘ladigan bo‘lsa, (to‘g‘risi aniq bilmayman), reyting agentliklari 2020 yilda 50-60tasining reytingini pasaytirdi. Ko‘pchilikning reytingi pasaydi, O‘zbekistonniki pasaymadi. BB- juda zo‘r reyting emas, lekin o‘zimizga mos reyting. 2019 yilda birinchi marta shu reytingni olgan bo‘lsak, shu qoldi.
Mana biz reytingimizni saqlab qoldik. Suveren reytingning ichida esa hamma narsa bor: energiyaga ulanish, qurilish, tashqi savdo – hamma-hammasining yakuniy bahosi. Kuni kecha Moliya vazirligi 555 million dollarga yevrobond orqali qarz jalb qildi – 10 yilga 3,7 foizga.
Iqtisodchi bo‘lmagan odam ham ko‘rib turibdi – xuddi bir imtiyozli kreditday, bozor shartlarida. 2019 yilda ham 500 million 10 yillik obligatsiya sotib, qarz olganmiz. Shunda demak, 10 yilligimiz 5 foizdan baland bo‘lgan, hozir esa 3,7 foiz. Bu nimadan dalolat beradi? Mamlakatimizda hurmatli prezidentimiz olib borayotgan siyosat.
Kecha yarim kechasi Bloomberg ma'lumot chiqaryapti, O‘zbekiston qarz bozoriga yana chiqdi, ijobiy, boshqa deb. Butun MDHni grafik qilib keltirganda hammaniki minus turibdida, bitta O‘zbekiston plyus turibdi. 1,5 foiz baholagan ekan, mayli, 1,5 foizmi, 0,7 bo‘lar. Gap 1,5 yoki 0,7 foizda emas. Gap – ijobiy jarayonda. Ijobiy iqtisodiy o‘sishda.
Eng katta muammomiz – haligacha bizda ayrim mutasaddilar reyting kim uchundir deb o‘ylaydi. Reytingning qiymati bor. Men hozir misol keltirdim. Agar 500 million dollarga nisbatan foizimiz o‘tgan yil 1,5 foizga kamaygan bo‘lsa, bir yil nuqtayi nazardan hisoblab olaveraylik: 1,5 foiz 500 million dollardan qancha bo‘lishini, tamom», dedi Jamshid Qo‘chqorov.
Mavzuga oid
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024
Telekommunikatsiya sohasida operatorlar va provayderlarga adolatli raqobat muhiti ta’minlanadi
13:25 / 19.10.2024