O‘zbekiston | 20:00 / 20.11.2020
4345
3 daqiqa o‘qiladi

Sizda ajoyib startap g‘oya bor, ammo mablag‘ yo‘qmi?

Yoshlar ishlari agentligi va BMTning “Farg‘ona vodiysi yoshlarining ijtimoiy uyg‘unligi” qo‘shma loyihasi Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi yoshlar orasida “JustStart” hududiy startaplar uchun akseleratsiya dasturini amalga oshirishni e'lon qiladi.

Dastur Farg‘ona vodiysidagi 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning o‘z bizneslarini boshlash va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishlarida nazariy va amaliy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, unda yetakchi biznes trenerlar va ekspertlar yordamida biznes g‘oyadan sarmoyagacha bo‘lgan bosqichlarning barcha sir-asrorlari o‘rgatiladi. Ishtirokchilarda axborot texnologiyalari, fan, ekologiya, qishloq xo‘jaligi, xotin-qizlar tadbirkorligi kabi turli sohalarni rivojlantirish bo‘yicha kerakli bilim olish imkoni paydo bo‘ladi. 

Ushbu dastur doirasida jamoalar orasidan eng yaxshi deb topilgan 10 ta loyihaga 5000 AQSh dollari miqdorida beg‘araz grant taqdim etiladi.

Dastur to‘rt oy davom etadi va shu muddat ichida ishtirokchilarga muayyan g‘oyani yaratishdan tortib startap loyihasini ishlab chiqish, hamda boshlang‘ich mablag‘ni (kichik grantni) olgunga qadar bosqichlardan o‘tish imkoniyati beriladi.

Loyiha davomida jamoalar yurtimizdagi turli muassasalar va ishlab chiqarish korxonalariga onlayn tashrif buyurish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, ular ilg‘or tadbirkorlar, malakali mentorlar va yetakchi mutaxassislardan onlayn maslahat va foydali fikr-mulohazalar olishadi. Bunday qimmatli maslahatlar yordamida esa jamoalarning o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish va kichik grantlarga ega bo‘lish imkoniyatlari yanada ortadi.

Ko‘plab talablarga binoan tanlovda ishtirok etish uchun arizalar 23 noyabr soat 23:23 gacha www.jusstart.uz veb-saytida qabul qilinadi. Unda faqat Farg‘ona vodiysi (Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari shaharlari va tumanlari) da yashovchi yoshlar ishtirok etishlari mumkin. Dasturda qanday ishtirok etish, loyihani tanlash mezonlari va ishtirokchilarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi axborotni ushbu havoladan olishingiz mumkin.

Instagram: @jusstart.uz

Facebook: jusstart.uz

Telegram: jusstart

Veb-sayt: jusstart.uz

Yoshlar ishlari agentligi matbuot xizmati