Qishloq xo‘jaligida kooperatsiyalar klasterlarga raqobatchi bo‘lishi mumkinligi aytildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 3 mart kungi majlisida «Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Izohlanishicha, kooperatsiya bu – hamkorlik, birgalikda ishlash; jismoniy shaxslarning birgalikda tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun ixtiyoriylik asosida birlashuvidir.
Taklif etilayotgan qonun loyihasini Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishlab chiqqan. Hujjat qishloq xo‘jaligida bugungi shakllangan munosabatlarni tartibga solishni maqsad qiladi.
Yig‘ilishda vazir Jamshid Xo‘jayev so‘zga chiqdi.
«Bizda 1991 yilda qabul qilingan «Kooperatsiya to‘g‘risida» qonun bor edi. U qishloq xo‘jaligida bugungi shakllangan munosabatlarni tartibga sololmay qolgan.
Yangi ishlab chiqilgan qonun loyihasi esa kooperatsiyalarni tashkil etish, faoliyatini yo‘lga qo‘yish, boshqaruv, moliyaviy munosabatlar va nazorat qilish kabi munosabatlarni hozirgi zamon talablaridan kelib chiqib tartibga soladi», – dedi u.
Muhokamalar jarayonida qayd etilishicha, kooperatsiyalar kelgusida klasterlarga raqobatchi bo‘lishi mumkin.
«Agar fermerlar bu qonunni yaxshi tushuna olsa, unga birika olsa, foydani ham o‘zi oladi. Istagancha mahsulot yetishtirib, o‘zi sotadi, daromadni o‘zi taqsimlaydi. Kooperatsiyada dehqonga klasterdan ko‘ra ko‘proq daromad keladi», – dedi deputatlardan biri.
Vazirlik vakillari va deputatlar o‘rtasidagi savol-javoblardan keyin qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Mavzuga oid
15:43
Birjada paxta narxi 11 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Bu nimadan darak?
12:38 / 27.09.2024
Qashqadaryoda paxta xaridi bo‘yicha raqobat cheklanmoqda
21:29 / 25.09.2024
QXV fermerlarga bosim bo‘layotgani bilan bog‘liq vaziyatni “to‘g‘ri talqin qilish”ni so‘radi
17:09 / 24.09.2024