Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida IIB xodimi fermerning faoliyatiga qarshilik qilib, g‘alla o‘rimini to‘xtatib qo‘ydi. U fermer xo‘jalik rahbarini o‘rimni hech kimdan ruxsat so‘ramasdan boshlaganlikda ayblagan.

IIB xodimi va fermer o‘rtasidagi suhbat quyidagicha kechgan:

—  Sizga bitta savol beraman, videoga oling meni. Fermer xo‘jaligingizning nomi nima?

—  “Boboxatip”.

— 20 gektar shartnoma qilganmisiz davlat bilan?

— Albatta. Klaster bilan.

— Xo‘p, siz o‘rimni kimdan ruxsat olib boshladingiz?

— Kimdan ruxsat so‘rashim kerak?

— Klasterdan ruxsat oldingizmi?

— Klaster menga rahbar emas.

— Sektor rahbaridan yoki qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hokim o‘rinbosaridan, qishloq xo‘jaligi boshqarmasidan ruxsat oldingizmi? Yoki ichki ishlar bo‘limiga xabar berdingizmi? Hozir bu yerda biror kor-hol bo‘lsa yoki o‘t chiqib ketsa kim javob beradi?

— Men javob beraman-da.

— Siz nega javob berasiz? Yong‘in xavfsizligiga javobgar shaxs emassiz-ku!

— Bo‘lmasa 20 nafar odamni chaqirishim kerak ekan-da bu yerga men?! “Skoriy pomosh” ham chaqiraylik, birov kombayndan tushib ketishi mumkin. Nechta odam kelishi kerak?

— Gapni eshiting, profilaktika inspektori keladi, kombaynga bir kishini, tashishga, talon-torojlikning oldini olishga bir kishini biriktiradi, tushunyapsizmi? 

— O‘zim ekib, o‘zimni o‘zim talon-toroj qilamanmi men?

— Siz hosilni olib ketyapsiz, oldingizdan bir-ikkitasi chiqib, bug‘doyga tirmashsa yoki boshqa bir narsa bo‘lsa, nima bo‘ladi? 

— O‘sha paytda “02”ga telefon qilamiz-da.

— Yo‘q, kech bo‘ladi.

Voqea joyida sektor rahbari muovini, tuman YHXB boshlig‘i va boshqa mas’ullar bo‘lgan. Ular o‘rimga qarshilik qilib, kombaynni noqonuniy tarzda daladan olib ketishgan.