13:57 / 14.03.2021
14500

Agrosanoat klasterlarining huquqiy maqomini belgilovchi nizom loyihasi e'lon qilindi

«Agrosanoat klasterlari maqomi va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi nizom loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Ma'lumot uchun, ayni paytgacha klasterlar faoliyatining huquqiy asoslarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emasdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishlab chiqqan loyihada «agrosanoat klasteri» tushunchasiga quyidagicha ta'rif berilgan:

«Agrosanoat klasteribir yoki bir necha yuridik va jismoniy shaxslar guruhi tomonidan zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratish ilmiy, innovatsion usullar asosida amalga oshiriladigan faoliyat shakli».

Agrosanoat klasteri maqomi tashabbuskor, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyatlar hokimliklari o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama bitimga asosan beriladi.

Agrosanoat klasterlari quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

  • qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish;
  • tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilarni va o‘z tovarlarining (ishlarining, xizmatlarining) iste'molchilarini mustaqil ravishda tanlash;
  • o‘zlariga ajratilgan yer uchastkalarida ixtisoslikdan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi ekinlarini erkin joylashtirish;
  • yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan tovarlarni (mahsulotlarni) erkin tasarruf etish;
  • bitim bilan vakolatli davlat organi zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarishni talab qilish.

Agrosanoat klasterlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

  • investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bitimda belgilangan muddatda va miqdorda bajarish;
  • qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilaridan yetkazib berilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirish;
  • qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari faoliyatiga aralashmaslik;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash hamda tayyor mahsulot ko‘rinishida realizatsiya qilish;
  • yer ijarasi shartnomasi talablariga rioya etish;
  • yerdan belgilangan maqsadga muvofiq oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash, ishlab chiqarishning tabiatni muhofaza qiluvchi texnologiyalarini qo‘llash, o‘z xo‘jalik faoliyati natijasida hududda ekologik vaziyatning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik;
  • bitimga va qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari bilan tuzilgan shartnomalarga qat'iy rioya etish;
  • xomashyo resurslaridan oqilona foydalanish va zamonaviy texnologiyalarga tayangan holda, yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
  • fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasi samaradorligini oshirish;
  • ishlab chiqarishda resurs tejovchi texnologiyalarni muntazam qo‘llab borish;
  • bitim shartlari bajarilishi to‘g‘risida vakolatli davlat organiga hisobot berib borish.

Agrosanoat klasterlari uchun yer uchastkalari faqat ijara huquqi asosida; 50 yilgacha, lekin 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga; zaxira yerlar, yuridik va jismoniy shaxslarga berilmagan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar, qayta tiklanadigan va foydalanishga kiritiladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratiladi.

Agrosanoat klasterlariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami:

  • paxtachilik va g‘allachilik uchun kamida 500 gektarni;
  • bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va polizchilik kamida 100 gektarni tashkil etadi.

Chorvachilik klasterlariga yer uchastkalarini ajratishda fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan qoidalar qo‘llaniladi.

Agrosanoat klasteri faoliyatini yer uchastkalarini ijaraga olmasdan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish orqali qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda amalga oshirishi mumkin.

Yer uchastkalari fuqarolarga ikkilamchi ijaraga, shuningdek, oila pudrati asosida bir yilgacha bo‘lgan muddatga berilishi mumkin.

Klasterlar ixtisoslashuv bo‘yicha belgilangan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekmagan taqdirda, ekilmagan yer maydonidan yer solig‘i 20 baravar miqdorda undiriladi.

Agrosanoat klasteri maqomini olgan yuridik shaxs yoki oddiy shirkat ishtirokchilari turli nodavlat notijorat birlashmalariga majburiy a'zo qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat organlari va tashkilotlarining hamda boshqa organlar va tashkilotlarning, shuningdek, ular mansabdor shaxslarining agrosanoat klasteri xo‘jalik faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Agrosanoat klasterlarining yer maydonlarini olib qo‘yish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi.

Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari respublikada faoliyat yuritayotgan istalgan agrosanoat klasterlari bilan mahsulot yetkazib berish shartnomalarini tuzishga va mahsulot yetkazib berishga haqli.

Nizom loyihasiga agrosanoat klasteri maqomini olish uchun mezonlar, klaster ochishning tashkiliy jarayonlari, klaster ishtirokchisi bo‘lish va boshqa masalalar ham kiritilgan.

Loyiha muhokamasi 28 martgacha davom etadi.

Top