O‘zbekiston | 11:56 / 01.04.2021
13533
12 daqiqa o‘qiladi

O‘g‘itlar, yer unumdorligi va ilmsizlik muammosi. Agrokimyo mutaxassislari bilan suhbat

Qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun o‘g‘itlar – O‘zbekistonning o‘zida 700 mln dollarlik yirik bozorga aylanib ulgurdi. Yildan yilga ishlab chiqaruvchilar va mahsulot turlari kengayib bormoqda.

Fermerlar va klasterlar oldidagi tanlov imkoniyati oshishi albatta yaxshi, ammo to‘g‘ri va sifatli mahsulotni tanlash mutaxassis bo‘lishni yoxud malakali mutaxassis maslahatini olishni taqozo etadi. Aks holda, natija kutilganidek bo‘lmasligi ehtimoldan xoli emas.

Agrokimyo sohasida faoliyat yuruvchi Kimyo.uz korxonasi ta'sischisi va rahbari Murod Majidov hamda ushbu korxona bosh texnologi Asilbek Muzaffarov Kun.uz'ga bergan intervyusida sohaga doir dolzarb masalalar haqida so‘z yuritdi.

«O‘g‘itlardan noto‘g‘ri foydalanish – ilmsizlik oqibati»

Murod Majidov:

— Bugungi kunda o‘simliklarni kimyoviy o‘g‘itlar bilan parvarishlashga nisbatan salbiy qarashlar paydo bo‘lgan. Masalan, bozorga borib, tarvuzni kessangiz, o‘rtasi oppoq bo‘lib chiqadi, odamlar esa buni ko‘p selitra ishlatyapti deb qabul qilishadi. Lekin bu o‘g‘itlar ham o‘simlikka kerak, muammo shundaki, har doim ham o‘g‘itlardan to‘g‘ri foydalanilavermaydi.

O‘g‘it miqdori ko‘paytirib yuborilishi yoki boshqa holatlarning sababi – ilmsizlik. Shuning uchun korxonamiz shiori: «Ilmni hayotga tatbiq qilamiz».

Bugungi kundagi eng dolzarb masala – ilm yutuqlaridan to‘g‘ri foydalanish. Ilmga asoslanmagan faoliyat uzoqqa bormaydi.

Bir do‘stimiz aytib qoldi. Chet eldan O‘zbekistonga mehmon kelgan ekan. Qayerga qarasaki, dorixonalar juda ko‘p. Shunda do‘stimiz unga «Dorixona» so‘zi bu brend nomi emas, farmatsevtika mahsulotlari sotiladigan joy ekanini tushuntirgan. Haligi odam dorixonalar bunchalik ko‘pligidan hayron bo‘lgan.

Haqiqatan ham, O‘zbekistonda dorixonalar – 650-700 mln dollarlik juda katta bozor. Lekin aholimiz shunchalik kasalmandmiki, shuncha ko‘p dori ichadi? Bunga yechim esa ilmni to‘g‘ri tatbiq qilish. Ya'ni bizdan keyingi avlodlarga sog‘lom yer, sog‘lom iqlim, sog‘lom muhitni qoldirishimiz kerak.

Shundagina farzandlarimiz farovon hayot kechiradi, dorixonaga yugurmay, topgan pulini o‘qishga, ilmga ishlatishiga sharoit bo‘ladi.

Bu biznesni boshlashda foydani birinchi o‘ringa qo‘ymaganmiz. Asosiysi – qadriyatimiz. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘g‘itlashdagi muammolarni ko‘rib, ularga yechim topamiz, deya jamoa tuzganmiz. Olimlarning ilmiy yutuqlarini o‘rganib, ularni amalga tatbiq etish maqsadida faoliyat boshlaganmiz. Undan keladigan daromad esa keyingi masala.

Kimyo.uz korxonasi dunyo tajribasini o‘rganib, ularni O‘zbekiston sharoitiga moslagan holda yechimlar taklif etib kelmoqda. Boshqalardan farqimiz – qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilm yutuqlarini chetdan shunchaki olib kelish emas, balki uni O‘zbekistonning sharoitiga, tabiatiga, resurslariga moslab, to‘g‘ri tatbiq qilishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz.

Tomchilatib sug‘orish yangicha uslubdagi o‘g‘itlashni ham talab etadi

Murod Majidov:

— Tomchilatib sug‘orish – suv resurslaridan foydalanish texnologiyalaridan biri. Undan boshqa texnologiyalar ham bor. Hozirga kelib suv tanqisligi muammosi aktuallashib boryapti. Bu yil yozgi sug‘orish mavsumida suv ta'minoti me'yoridan 25 foizga kam bo‘lishi kutilyapti.

O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini me'yorida yurg‘izishi uchun yiliga 40 mlrd kub metr suvga ehtiyoj bor. Shundan 10 mlrd kub metr suv O‘zbekiston hududida shakllanadi, qolgan 30 milliardi qo‘shni respublikalardan oqib keladi.

Shuning uchun ham qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga e'tibor qaratilyapti. Bu yil 423 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish joriy etilishi reja qilingan. Albatta, bu jarayonda ham o‘ziga yarasha muammolar bor.

Birinchisi, muhandislik loyihalarini ilmiy asosda ishlab chiqish. Agar tomchilatib sug‘orish to‘g‘ri tashkil etilmasa, samaradorlik past bo‘ladi. Hozirda bu borada o‘qitish kurslari tashkil etilishi kutilyapti.

Ikkinchi katta masala – o‘simlikni oziqlantirish, ya'ni o‘g‘itlash. Tomchilatib sug‘orish uchun ishlangan texnologiya yordamida o‘simlikni suyuq o‘g‘itlash fertigatsiya deyiladi. Bunday turdagi o‘g‘itlar O‘zbekistonda ilgari bo‘lmagan, ishlab chiqarilmagan ham. Asosan quruq va ildiz ostiga beriladigan o‘g‘itlardan foydalanib kelingan.

Bugungi kunda suyuq o‘g‘itlashga ehtiyoj katta ekanidan kelib chiqib, biz dunyo tajribasini o‘rgangan holda, tomchilatish tizimida o‘simlikni oziqlantirish uchun o‘g‘itlarni ishlab chiqdik.

O‘g‘it ishlab chiqaruvchilar ko‘p, lekin...

Asilbek Muzaffarov:

— Suv tanqisligi yuzaga kelayotgani uchun suyuq, suvda eriydigan, kapelnitsalar teshigiga tiqilib qolmaydigan darajada toza o‘g‘itlarga ehtiyoj oshyapti. Bu nima degani? Misol uchun, bir tonna suvga bor-yo‘g‘i 2 litr suyuq o‘g‘itni aralashtirib, ekinlarga berganingizda, o‘simlik bu o‘g‘itlarni quruq o‘g‘itlardan ko‘ra tezroq o‘zlashtiradi.

Lekin dehqonlarda bu borada bilimlar yetishmasligi, hatto bu texnologiyani o‘rnatib berganlarning ham malakasi yetarli bo‘lmasligi hosil yo‘qotilishiga olib kelyapti. Biz esa yetuk mutaxassislar tajribasida ko‘rdikki, jarayon to‘g‘ri tashkil etilsa, o‘zimizda ishlab chiqarilgan o‘g‘itlar bilan ham samaraga erishish mumkin.

Sifatli o‘g‘itlash hosildorlikni oshirish bilan birga, mahsulot sifatini ham ko‘tarib beradi.

Hozirda o‘g‘itlar bilan shug‘ullanuvchi firmalar juda ko‘p. O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarning soni 2 mingdan oshadi. Ularning faoliyat yo‘nalishlari turlicha: ayrimlar faqat ma'lum turdagi o‘g‘itlarnigina ishlab chiqaradi, ba'zilar mahsulotni chet eldan import qilib, biroz o‘zgartirish kiritgan holda bozorga chiqaradi. Kimyo.uz esa o‘g‘itlash jarayonining boshidan oxirigacha, kompleks yechimlar taklif etadi.

Bu yerda o‘ziga yarasha nozik jihatlar bor. Suyuq o‘g‘itlar – dehqonlar, fermerlar uchun yangilik, shuning uchun ular har doim ham sifatli mahsulotni tanlay olishmaydi.

«Yerdan qarzimiz ko‘p» — tuproq unumdorligini oshirish zarurati haqida

Asilbek Muzaffarov:

— Yetishtirilayotgan mahsulot o‘zi bilan birga yerning «kuchi»ni ham olib qo‘yishini e'tiborga olish kerak. Bu narsa ilmiy isbotlanganiga bir necha o‘n yil bo‘lgan. Oddiy paxtani olsak, o‘tgan yili gektaridan 40 sentner hosil oldik, bu 40 sentner hosil bir gektar yerdan o‘rtacha 200 kg azot, 75 kg fosfor, 220-250 kg kaliy o‘g‘itini olib chiqib ketadi.

Bu nima degani? Dehqon yerdan olgan hosiliga mos ravishda yerdan o‘g‘it qarz bo‘lib qoldi degani. Endi, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritayotgan 2 mingta o‘g‘itchilik korxonalaridan nechtasi ana shu yo‘qotilgan resursni qaytarishga yordam berayotganini hisoblab ko‘rsa bo‘ladi.

Zamonaviy qishloq xo‘jaligi tizimida yer egasi doim davlatga tuproq namunasini analiz uchun topshirib boradi. Davlat esa tekshirib, agar tuproq unumdorligi tushib ketsa, yer egasiga nisbatan tegishli choralar ko‘rishi, agar unumdorlik oshgan bo‘lsa, uni rag‘batlantirishi kerak.

Masalan, Niderlandiyada shunday. Tuproq unumdorligi oshgan bo‘lsa, demak, dehqon yerga yaxshi qaragan. Dehqon yer unumdorligini oshirish xarajatlarini o‘z hisobidan amalga oshiradi, davlat esa bu xarajatlarning qanchadir qismini qoplab beradi.

Shu chora yerni unumdor saqlab qolish, bizdan keyingi avlodlarga ham shu holda qoldirish imkonini beradi. Lekin afsuski, O‘zbekistondagi holat maqtanarli darajada emas: biz yillar davomida yerdan hosil olib kelyapmiz, lekin yerning o‘zini oziqlantirishga yetarli e'tibor qaratmadik.

Boshqacha aytganda, bir necha o‘n yil davomida yerdan «yig‘ilib qolgan qarzimizni» qaytarishimiz, tuproqni ozuqa bilan to‘yintirishimiz kerak. Biz qilmasak, ertaga farzandlarimiz ikki-uch barobar ko‘proq qiynalib, shunday qilishga majbur bo‘ladi.

«O‘g‘it tanlashda tanlov imkoniyati ko‘p, aldanib qolish ham hech gap emas»

Asilbek Muzaffarov:

— O‘g‘itlar masalasida misol keltirsam. O‘zim ko‘rdim, chet el bilan hamkorlikda ochilgan qo‘shma korxona. Mahsuloti reklamasini o‘qib ko‘rdim. Na zamonaviy jahon standartiga, na eski standartlarga mos kelmaydi. Organik-mineral o‘g‘it deb ta'riflangan, organikasi qayerda ekan desam, chet eldan dengiz suvo‘tlari olib kelinib, fosfor, kaliy qo‘shilib, o‘simlik aminokislotasiga asoslangan o‘g‘it tayyorlangan ekan. Mahsulot etiketkasida esa «hayvondan olingan aminokislotalar» deb yozib qo‘yibdi. Hatto tarjimani ham shu darajada e'tiborsizlik bilan qilishgan.

Bu – bitta holat. Boshqa bir misol keltirishim ham mumkin. Biz ekin ekilishidan oldin tuproq namunasini olishdan boshlab, to hosil yig‘ib olingunga qadar o‘g‘itlash masalasida fermerlar yoki klasterlarning yonida turamiz. Biz kabi mahsulot va xizmatlarni taklif etuvchi boshqa chet el kompaniyalari ham bor. Ular bilan ko‘p gaplashamiz, tajriba almashamiz. Ana shunda bir holatga guvoh bo‘ldik, o‘g‘itchilar dehqonga: «Biz bilan ishlasangiz, yerga qilayotgan xarajatingiz uchdan birga qisqaradi, hosildorlik oshadi...»

Bu taklif menga juda qiziq ko‘rindi, ularning ishini o‘rganish qiziqishi uyg‘ondi. Lekin keyin bilsam, o‘g‘itga shunday narsalarni qo‘shisharkanki, natijada yerdagi bor quvvat so‘rib olinadi. Ma'lum vaqtdan keyin bunday o‘g‘it ishlatilgan yer unumsiz yerga aylanadi, tuproq o‘ldiriladi. To‘g‘ri, foydalanish mumkindir, lekin uzog‘i bir yil. Masalan, fermer moliyaviy tomondan qiyinchilikka uchrab qolgan bo‘lsa.

Ba'zi o‘g‘itchilar bor, sohani tushunadigan va ilmli bo‘lib ko‘rinadi, lekin qilayotgan ishi aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Shunday holatlarga uchrab qolmaslik uchun fermer va klasterlarga mustaqil konsultant yollashni maslahat beraman.

Kimyo.uz ilmiy institutlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Umrini shu sohaga bag‘ishlagan odamlar, chet ellik mutaxassislar bilan maslahatlashamiz. Berayotgan yechimlarimiz – osmondan olinmagan, ilm orqali ishlab chiqilgan mahsulotlar.

Bundan tashqari, har bir yerga individual yondashamiz. Yerning holati, xususiyatlari, joylashgan zonasi kabilardan kelib chiqqan holda o‘g‘it retsepturasi tanlanadi va ishlab chiqariladi. Bizning asosiy ustunlik jihatlarimiz shulardan iborat.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid