Irakliy Garibashvilining so‘zlariga ko‘ra, "Saakashviliga sirtdan hukm chiqarilgan va u qamalishga loyiq".
Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili mamlakatga kelishi bilan hibsga olinadi, dedi Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili.
"Saakashvili yerimizga qadam qo‘yishi bilan hibsga olinadi va qamoqqa jo‘natiladi", — dedi u Saakashvilining Gruziyaga kelishi haqidagi xabarlarga izoh berarkan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, "Saakashviliga sirtdan hukm chiqarilgan va u qamalishga loyiq".
"Bugun davlatimiz kuchli va hozir u boshboshdoqlik va beqarorlik orqali hokimiyat tepasiga kelgan 2003 yil emas", — deb ta'kidladi Garibashvili.
Avvalroq hozirda Ukrainada yashayotgan Mixail Saakashvili 2 oktyabrga Tbilisiga aviachipta sotib olganini ma'lum qilgandi.